Yurtimiz yangiliklari
Buxoroda erkin turistik hudud yaratish masalasi muhokama qilindi
Buxoro viloyati hokimi O‘ktam Barnoyev viloyat olimlari bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Majlisda ta’kidlanishicha, bugungi kunda Buxoro viloyatidagi oliy ta’lim muassasalarida 50 dan ziyod fan doktori, 318 nafar fan nomzodi, ko‘plab yosh tadqiqotchilar faoliyat yuritmoqda. Viloyatning oliy ta’lim muassasalarida mutaxassis kadrlar tayyorlash bilan birga, fan va ishlab chiqarishning dolzarb masalalarida ilmiy, jumladan, fundamental tadqiqotlar olib borilmoqda. Bunda davlat tomonidan ajratilayotgan grantlar, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tuzilmalari hamda xorijiy universitet va institutlar bilan hamkorlik muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Uchrashuvda ilm-fanni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Soha infratuzilmasini rivojlantirish, yaratilayotgan yangilik, ixtiro va ishlanmalar ijodkorlarini rag‘batlantirish, fan va ishlab chiqarish integratsiyasini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish masalalari muhokama qilindi. Viloyatda shu maqsadda ilmiy-texnikaviy loyihalar jamg‘armasini tashkil etish, oliy ta’lim muassasalari huzurida zamonaviy laboratoriyalar va konstruktorlik byurolari tuzish, ularning ishlab chiqarish korxonalari bilan manfaatli aloqalarini kengaytirish xususida fikr almashildi.

“Mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotini 2030-yilga borib ikki barobar oshirish rejalashtirilgan, — dedi Buxoro davlat universiteti rektori A. To‘laganov. — Bunda fan va texnika yutuqlaridan keng va samarali foydalanish hisobiga moddiy resurslardan oqilona foydalanish ham muhim ahamiyatga ega. Buxoro viloyati katta yer osti foydali qazilmalari zaxirasiga ega ekanini ta’kidlash lozim. Masalan, qurilishbop gips, ohaktosh, bo‘yoqli minerallar, grafit konlari yetarli. Lekin ularni qayta ishlash talab darajasida emas. Viloyatda ishlab chiqarilayotgan qurilish materiallari hududiy sanoat mahsulotlari tarkibida 7–7,5 foizni tashkil etmoqda. Bu masalani samarali hal etishda ilmiy ishlanmalarning alohida o‘rni bor. Bugungi kunda muqobil energiya ishlab chiqarishga ehtiyoj katta. Mamlakatimiz, xususan, Buxoro viloyatida quyoshli kunlar 310–320 kun ekani, har kvadrat metr maydon yuzasiga o‘rtacha 750–800 kilovatt/soat quvvatiga teng quyosh energiyasi tushishi inobatga olinsa, geliotexnikani rivojlantirishda katta imkoniyatlar mavjudligi ayon bo‘ladi. Universitetimiz bu borada ilmiy izlanishlar olib borilayotgan Buxoro muhandislik-texnologiya instituti, Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutining Buxoro filiali bilan hamkorlik qilishni rejalashtirmoqda”.

Uchrashuvda arxeologik qazishmalar olib borish orqali Buxoro tarixini yanada keng o‘rganish maqsadida qurilish muhandislari, restavrator kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Buxoroda erkin turistik hudud yaratish, viloyatning sayyohlik brendini ishlab chiqish, ekologiya, sug‘orishda suvni tejashga xizmat qiladigan zamonaviy texnologiyalarni joriy etish kabi ko‘plab masalalarga ham e’tibor qaratildi.

Viloyat hokimi ko‘tarilgan masalalar yechimi bo‘yicha aniq taklif ishlab chiqish yuzasidan mutasaddilarga topshiriq berdi.
Kiritilgan sana: 09.01.2017 / 20:12