Yurtimiz yangiliklari
O‘zbekiston hududlarida hukumatning vakolatli vakillari paydo bo‘ladi
O‘zbekiston Respublikasi hukumatining qarori bilan Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari axborot-tahlil departamenti to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi, deb yozadi UzDaily.

Departament o‘z faoliyatini Bosh vazir rahbarligida amalga oshiradi, o‘z vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha esa Bosh vazir birinchi o‘rinbosariga bo‘ysunadi, ayni vaqtda uning faoliyati Vazirlar Mahkamasi apparatining boshqaruvchisi tomonidan muvofiqlashtirib boriladi.

Hujjatda qayd etilishicha, departament faoliyati Vazirlar Mahkamasini, uning Rayosatini, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi Ijro etuvchi apparatini hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha axborot-tahliliy materiallar bilan ta’minlashga yo‘naltirilgan.

Departamentning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘yicha bosh va yetakchi mutaxassislari tegishli hududda Vazirlar Mahkamasining vakolatli vakillari hisoblanadi.

Yangi departament hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari bajarilishi monitoringini olib borish va tahlil qilish, ularni tezkor hal etish, hududlarning iqtisodiyoti va ijtimoiy sohasini rivojlantirishning holati bo‘yicha kompleks tahliliy materiallar, qabul qilingan hududiy dasturlarga tuzatishlar kiritish bo‘yicha takliflar tayyorlash bilan shug‘ullanadi.

Shuningdek, hududlar iqtisodiyotining barqarorligini va muvozanatli faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash, har bir hududning mineral-xomashyo resurslaridan, mehnat va ishlab chiqarish salohiyatidan samarali foydalanish, mahalliy byudjetlarning daromad qismini kengaytirishni amalga oshiradi.

Bundan tashqari, demografik jarayonlarni va hududlar aholisi jins va yosh tarkibini, aholi bandligi, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport tarmoqlarining darajasi va tuzilmasini, aholi hayot darajasini, shuningdek, madaniy-ma’rifiy ishlar sohasida ishlarning holatini tizimli tahlil qilish bilan shug‘ullanadi.

Manba: www.daryo.uz
Kiritilgan sana: 09.01.2017 / 20:11