Yurtimiz yangiliklari
“O‘zbekiston havo yo‘llari” yana 4 ta Boeing-787 Dreamliner samolyotini xarid qiladi
“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi yana 4 ta Boeing-787 Dreamliner samolyotini xarid qiladi. Bu haqda AQShning Boeing kompaniyasi ma’lum qildi, deya xabar beradi UzDaily.

Boeing 6-yanvar, juma kuni kompaniya tomonidan 2016-yilda olingan samolyotlarga buyurtmalar haqidagi ma’lumotlarni e’lon qildi. Ularga ko‘ra, “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK Boeing-787 turkumiga mansub 4 ta samolyot buyurtma qilgan. Aviakompaniyaga Boeing-787 Dreamliner’ning qaysi modeli yetkazib berilishi, shuningdek, buyurtma qiymati ma’lum qilinmadi.

2016-yil noyabrida aviakompaniya Boeing-787-9 modifikatsiyasidagi 3 ta samolyot xarid qilinishini bildirgandi.

Ma’lumot uchun, hozirda “O‘zbekiston havo yo‘llari” ikkita Boeing-787-8 samolyotidan foydalanmoqda. Mazkur havo kemalari o‘tgan yilning avgust va noyabr oylarida yetkazib berilgandi.

Manba: www.daryo.uz
Kiritilgan sana: 09.01.2017 / 20:11