Yurtimiz yangiliklari
Islom Karimov Fondi Yevropa va AQShda magistraturada o‘qish uchun grantlar taqdim etish maqsadida tanlov e’lon qildi
Islom Karimov Fondi iqtidorli yigit va qizlarning Yevropa va AQShning nufuzli oliy o‘quv yurtlarida magistratura dasturi bo‘yicha ta’lim olishi uchun grantlar taqdim etish maqsadida tanlov e’lon qildi. Bu haqda Lola Karimova-Tillayeva o‘z Facebook sahifasida ma’lum qildi.

Uning qayd etishicha, Islom Karimov Fondi grantlari quyidagi mutaxassisliklar bo‘yicha beriladi: tabiiy fanlar (qayta tiklanuvchi energiya manbalari, kimyo), suv va yer resurslarini boshqarish, mashinasozlik texnologiyalari, oziq-ovqat texnologiyalari, oziq-ovqat xavfsizligi, oziq-ovqat ishlab chiqarish va marketingi, arxitektura, dizayn (mahsulot dizayni, sanoat va me’morchilik dizayni), rassomlik.

Fond grantlarining sovrindori bo‘lishni istagan yoshlar ingliz, nemis yoki fransuz tillarini a’lo darajada bilishi hamda oliy o‘quv yurtlarini muvaffaqiyatli bitirgan bo‘lishi lozim.

Grant sovrindorlarining chet elda tahsil olish va yashash xarajatlari (ikki yilgacha) Fond tomonidan moliyalashtiriladi.

Islom Karimov Fondining grantlari va tanlovga oid qo‘shimcha ma’lumotga quyidagi sahifa orqali ega bo‘lish mumkin fondkarimov.uz

“Mening otam vatanimizning yorqin kelajagiga doim ishonganlar, yosh avlod va uning intellektual salohiyatiga juda katta umid bilan qaraganlar.

Men tasodiflarga ishonmayman. Buni qarang-ki, taqdir taqozosi bilan, aynan 20 yil oldin shu kuni Birinchi Prezidentimiz tashabbusi bilan “Umid” jamg‘armasi tashkil etilgan edi. Ushbu jamg‘armaning grant dasturlari orqali 1990-yillar oxiri — 2000-yillar boshida 800 dan ortiq iste’dodli yigit va qizlar AQSh, Buyuk Britaniya, Italiya, Fransiya, Germaniya va Yaponiya universitetlarida tahsil olib keldilar.

Otam mustaqillik yillari voyaga yetgan aqlli va erkin fikrlaydigan yosh avlod bilan qanchalik faxrlanishlarini menga ko‘p marotaba aytganlar. Va har safar bu borada so‘zlaganlarida qo‘zlarida quvonch va iftixor tuyg‘usi jo‘sh urardi.
Men padari buzrukvorim kabi ona yurtimizning kelajagiga va yangi avlod salohiyatiga astoydil ishonaman va Islom Karimov Fondining grant dasturlarini e’lon qilishdan nihoyatda xursandman.

Ishonamanki, Islom Karimov Fondi tomonidan taqdim etiladigan o‘quv grantlari yurtimizda istiqomat qiluvchi ko‘pgina yigit va qizlarga o‘z intellektual salohiyatlarini kengaytirishga va Vatanimiz rivoji va taraqqiyotiga o‘z hissalarini qo‘shishga imkoniyat yaratadi”, — deya o‘z postiga yakun yasadi Lola Karimova-Tillayeva.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning noyabr oyida Lola Karimova-Tillayeva va Tatyana Karimova Islom Karimov nomidagi jamoatchilik xayriya fondiga asos soldi.

Manba: www.daryo.uz
Kiritilgan sana: 08.01.2017 / 20:47