Yurtimiz yangiliklari
IUTda innovatsion sug‘urta markazi tashkil etiladi
“Kafolat sug‘urta kompaniyasi” AJ Toshkent shahridagi Inha universiteti bilan hamkorlikda innovatsion sug‘urta markazini tashkil etadi. Bu haqda “Daryo”ga IUT matbuot xizmati ma’lum qildi.

“Kafolat sug‘urta kompaniyasi” AJ hamda Toshkent shahridagi Inha universiteti (IUT) anglashuv memorandumini imzoladi. Ushbu hujjat doirasida tomonlar IUT binosida innovatsion sug‘urta markazini tashkil etadi. Markaz sug‘urta biznesini avtomatlashtirishga yo‘naltirilgan loyihalarni amalga oshiradi. Mazkur loyiha IUT talabalarining turli texnologiyalar va dasturlardan foydalangan holda sug‘urta biznesining turli yo‘nalishlari uchun dasturlashga bog‘liq ko‘nikmalarini yanada yaxshilashga ko‘mak beradi.

Memorandumga asosan, loyiha 2017–2018-o‘quv yili davomida amalga oshiriladi.

Memoradnum doirasida “Kafolat sug‘urta kompaniyasi” AJ sug‘urta kompaniyasining faoliyatida foydalanish mumkin bo‘lgan IUT talabalarining maxsus dasturlari, dasturiy mahsulotlari va yechimlarini ko‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

“Biz O‘zbekiston sug‘urta bozorining yetakchi kompaniyalaridan biri bilan hamkorlik qilishdan xursandmiz. Bu o‘z navbatida yuqori malakali IT-mutaxassislarni, shu jumladan, sug‘urta sohasi uchun, tayyorlashga ko‘mak beradi. Markazning yaratilishi sug‘urta bozoriga innovatsion va axborot texnologiyalarni tatbiq etishga ko‘mak beradi, bu esa o‘z o‘rnida AKT va sug‘urta bozorlarini rivojlantirishga turtki bo‘ladi”, — dedi IUT rektori Sarvar Babaxodjayev.

Ta’kidlab o‘tish kerakki, “Kafolat sug‘urta kompaniyasi” AJ va Toshkent shahridagi Inha universiteti muvaffaqiyatli hamkorlik amaliyotiga ega. 2016-yilda tomonlar talabalar o‘rtasida sug‘urta kompaniyasining mobil dasturini tayyorlash bo‘yicha tanlov o‘tkazdi. Tanlov davomida IUT talabalari Android va iOS platformalarida “Kafolat sug‘urta kompaniyasi” AJning mobil dasturlarini yaratdi va joriy etdi.

Manba: www.daryo.uz
Kiritilgan sana: 06.01.2017 / 20:34