Yurtimiz yangiliklari
Namangan viloyati IIBning sayyor va virtual qabulxonasi faoliyat yuritmoqda
Namangan viloyati IIBning sayyor va virtual qabulxonasi viloyat aholisiga faol xizmat ko‘rsatmoqda. Sayyor qabulxonaga maxsus jihozlangan Isuzu avtobusi ajratilib, boshqarma rahbariyati fuqarolarni shahar va tumanlarda, markazdan olis qishloqlarda qabul qilmoqda, deb xabar beradi O‘zA.

Sayyor va virtual qabulxonalar tashkil etilgani viloyat ichki ishlar boshqarmasi tomonidan davlat rahbarining 2016-yil 28-dekabrdagi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash, tizimda xalq bilan muloqot va inson manfaatlarini himoya qilish mexanizmini takomillashtirish yo‘lidagi muhim qadamdir.

“O‘tgan yilning oktyabr oyidan boshlab boshqarma va uning shahar, tuman bo‘limlari rahbarlari tomonidan har kuni soat 8:00 dan 11:00 gacha jismoniy va yuridik shaxslarning qabuli yo‘lga qo‘yildi, — dedi viloyat IIB inson huquqlarini himoya qilish va yuridik ta’minlash bo‘limi boshlig‘i A. Yo‘lchiyev. — Xalq bilan muloqotda har tomonlama qulay, tezkor, samarali bo‘lgan sayyor va virtual qabulxonalar bu boradagi imkoniyatlarni kengaytirib, aholining ichki ishlar organlariga ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Ushbu qabulxonalarga tushayotgan murojaatlar yuzasidan tezkor o‘rganish va surishtiruvlar olib borilib, aksariyat masalalar joyida, qo‘shimcha ma’lumot hamda tekshirishni talab etadigan murojaatlar esa qat’iy nazorat ostiga olinib, belgilangan muddatlarda hal etilmoqda”.

O‘tgan qisqa davrda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining virtual qabulxonasi orqali viloyat ichki ishlar boshqarmasiga yuborilgan 650 murojaatning 500 dan ortig‘i ko‘rib chiqildi va 100 ga yaqin murojaat yuzasidan qanoatlantiruvchi qaror qabul qilindi. 315 murojaat bo‘yicha ularni yo‘llagan jismoniy va yuridik shaxslarga huquqiy tushuntirishlar berildi, 20 ga yaqin murojaat tegishli idoralarga yuborildi. Ayni paytda 140 dan ortiq murojaat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Yangi yilning dastlabki kunlarida Chortoq tumanidagi Karaskon va Saroy, Kosonsoy tumanining Obodon, Ravot, Chindovul qishloqlarida tadbirlar tashkil qilindi. Sayyor qabul davomida fuqarolar nafaqat ichki ishlar organlariga tegishli, balki boshqa ko‘plab masalalar yuzasidan ham fikr-mulohaza va takliflar bildirdi, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi. Sayyor qabulda tushgan murojaatlarning aksariyati shu joyning o‘zida mutasaddi idora va tashkilotlar vakillarini jalb qilgan holda ko‘rib chiqildi.

Manba: www.daryo.uz
Kiritilgan sana: 06.01.2017 / 20:34