Ko'cha
Endi, u ko‘chaga sira bormayman.
Borsam-daraxtlari gullar telbahol,
Go‘yo sen-u mening bahorim kabi.

Endi, u ko‘chaga sira bormayman.
Borsam, sim-sim yog‘ar mayin yomg‘irlar,
Ko‘ngilchan yomg‘irlar jim-jim yog‘adi –
Go‘yo sen-u mening yomg‘irim kabi.

Endi, u ko‘chaga sira bormayman.
Borsam, falagida qolmas halovat –
Turnalar alamli qichqiriqlarda,
Tushunuksiz dardlarni aytib yig‘lashar,
Go‘yo sen-u mening qushlarim kabi.

Endi, u ko‘chaga sira bormayman.
Borsam, g‘ussali bir derazasida
Ko‘chaga termulib, holsiz turasan –
Dunyonign eng g‘amgin darpardasiday.

Endi, u ko‘chaga sira bormayman.
Unda ne qilaman shamol bo‘lmasam –
Parda etagingga shamol yuzimni
Bosib yig‘lolmasman, nima qilaman?..

Usmon A’zim