Yuragimda sen borsan-6
Bugungi tun shunchalar yoqimli, shunchalar mazmunli, shunchalar yorug'ki senga erishmoq yo'lidagi zahmatlarimga sirdosh bo'lgan tun hozir menga kulib turganday. Bir necha kundirki tunim shunday bedor. Bu bedorlik qayg'udan yoki biron tashvishdan emas, aksincha necha yillik orzuyimga baxtimga erishganimdandir. Men endi baxtliman. Shunday deb butun dunyoga hayqirgim kelyapti. Endi sen yonimdasan. Jufti halolimsan. Yaratgandan seni menga nasib aylashini tunlari yig'lab so'rardim. Shu ishqimni bergan rahimdil parvardigorga umrbod ibodat qilib, shukrona aytishdan charchamayman. Yana ko'zlarimga yosh ilinmoqda. Baxtimga yetkazganingga shukur Ollohim!

Sen qalbimning doimiy bahorisan. Seni uchratganimdan buyon boshqa fasllarni ilg'amay qo'yganman. Men uchun go'yoki yilning to'rt fasli bahor. Mening bahorim hamisha yonimda, yodimda… sen chindanda bag'rimdagi bahorimsan. Nikoh kechasi kelin odatdagidanda go'zal bo'ladi deyishsa hech e'tibor bermagandim. Ammo Nikoh oqshomimizda oppoq libosda farishta kabi asta yurib yonimga kelayotganingda aqlimni biroz yo'qotgandek bo'ldi. Yuragimni urishi ehtimol arshi-a'logacha eshitilgandir. Hozir ham o'sha holating ko'z oldimda-yu ta'rif etishga so'z yo'q. Sen mening farishtam. Mening yuragim. Yagona muhabbatimsan!

Bir birimizga yetishmoq yo'lida qancha zahmatlarni boshdan o'tkazdik. Ammo hammasiga roziman. Sensiz o'tgan damlarni umrim sarhisobidan o'chirganman. Sen bilan hayotimni boshidan boshladim. Sen kelding-gu go'yoki honadonimizga farishta kelgandek. Yuzlaringdagi istara bilan honadonimizni nurga, so'zlaringdagi shirinsuhanlik bilan quvonchga to'ldirgandaysan. Chiroyli liboslarda u yoqdan bu yoqqa nimalar bilandir kuymalanib yurishing yanada zavqimni oshiradi. Senga qarab to'ymayman. Nazarimda sen butun vujudimni o'ziga tortadigan katta kitobsan. Faqat bu kitobni boshqa kitoblardan farqi shuki. Bu kitob sahifasi hech qachon tugamaydi. Aniqrog'i har bir kun o'zgacha sahifa. Ana shunday bitiklar bitilgan varoqni o'qigan sari bosh ko'tarolmaysan. Kun sayin qiziqishing kuchayganidan kuchayib boraveradi. Yana bir bora yaratganga shukur keltirgim keladi. Meni shunday baxt bilan siylagani uchun!

O'tgan kunlarni yodimga olaman. Seni ilk bor uchratgan paytlarimni, shirin orzularni, baxtli bo'lishni niyat qilganlarimizni o'ylayman. Sevgimizni hammadan pinhon tutardik. Bir birimizni juda ehtiyot qilardik. Sevgimizdan baxtli edim. Ammo so'ngidagi tashvishlardan butunlay dovdirab qolgandim. Ota-onang norozi bo'lganlarida, yuborgan sovchilarimga rad javobini berishganida hayot ko'zimga qarong'u bo'lib ketgandi. Butunlay hayotdan umidimni uzib qo'ygandim. Bir kun yodimdan sira ko'tarilmaydi. Pinhon uchrashganimizda bir so'z demasdan o'ksib-o'ksib yig'lagan eding. Ko'zlaringdan mana shunday achchiq yoshlarni to'kishingga sababchi bo'lganimdan juda hafa bo'lgandim. Ammo o'sha paytda Hudoga qilgan nolalarimiz yetib borib, hayriyatki ota-onang rozilik berishdi. Ularga ham umrim davomida ta'zimdaman. Menga shunday qizni tuhfa etganlari uchun!

Ishqdayin quvonch, baxt bormikin bu olamda? Bilsang uning ozorida ham tengsiz orom mujassam. Muhabbat huddi o'tkir tig'li hanjarga o'hshaydi. Farqi shuki yuragingga sanchilganida jarohatlaydi-yu o'z jarohatiga o'zi malham yasaydi. Bu hanjardan zahar emas bol tomadi. Seni uyquga cho'mgan paytlaringda sokin chexrangga tikilib ruhan osoyish topaman. Bilasanmi? Hatto uhlayotganingda ham oydek yuzingdan hayo ko'tarilmaydi. Go'yo farishtalar boshingda salovat aytib turganday. Shu farishta ayolim, yuragimning malikasi. Bizning sevgimizda oppoq orzular bor. Baxtimizga so'nmas ishqimiz bor. Yaratgandan yana bir iltijoyim bor. Har ikkimizni muhabbatdan ayirmasin!

Endi seni ko'zlaringdan g'am yoshlarini also oqizmayman. Mayli hayotning hali bizga ataganlari bordir. Bularni hammasini muhabbatimiz bilan birga yengamiz. Sen menga ishon. Senga gard yuqtirmayman. Hali bizni oldinda baxtli hayot kutmoqda. Omon bo'lsak hammasini ko'ramiz. Faqat sen yonimda bo'lsang bas. Ilohim baxtimizga ko'z tegmasin. Bizni parvadirgorning o'zi asrasin. Senga yana bir bor rahmat. Meni baxtli eta olayotganing uchun!

Hurshidi Jahon