Yuragimda sen borsan-5
Yaxshiyamki tun bor. Odam kechasi o'zi bilan o'zi dardlashgani vaqt topadi. Yuragiga quloq tutadi. Lekin bu hammasi emas. Tun sukunatida anglab bo'lmas sehr bor. To'g'ri biroz vahimali, hadikli, ammo bilgan odam uchun orombaxsh, huzurbaxsh. Ana shu tun allasi yuragimni qamragan holda sizning iliq ruxsoringizga oshiqadi. Shu vaqtgacha faqat o'z ishimni, sevimli oilamni o'ylardim. Endi bu tushunchalardan ham qudratli tuyg'u borligini anglab yetdim. Ochig'i yuragimga ishq o'z olovini soldi. Ehtimol oilali odamning sevib qolishi kimgadir erish tuyulgandir. Ammo bu shunchaki sevgi emas, muhabbat emas. Chindanda yurakni kuydirguvchi ishq!

Avvallari muhabbat borligiga sira ishonmas edim. Muhabbatning tashrifini erta kechi bo'lmaydi desalar ham hech narsa parvoyimga kelmasdi. Endi yoshim o'tib, farzandlar kamolini o'ylash, oilani kam-ko'stini ta'minlash mas'uliyati turaganda kechikkan sevgining tashrifi butun bor-yo'g'imni o'g'irlab qo'yganday. Yo'q! Men shu ishqimni hammasidan kechmoqchi emasman. Ammo ikki o't orasida yashamoqning iztirobi ham juda azobli bo'lar ekan. Oilamdan kechmoqga erkaklik oriyatim, farzandlarim va oila boshlig'i degan mas'uliyatim yo'l qo'ymaydi. Ishqimdan kechmoqlikga esa yuragim bardosh bermaydi. Endi o'zingiz ayting. Aqlimga quloq tutaymi yoki yuragimga?

Boshimga tushgan bu ishqni nima deb atay? Yoshlikda ishqing uchun hamma narsa qilishing mumkin. Ammo kechikgan sevgini zalvori og'ir bo'larkan. Ba'zan dardlarim to'lib ketadi. Kimgadir yorilgim keladi. Ammo bu yoshdagi sevgini har kim ham to'g'ri qabul qilavermaydi. Yoki seni mutlaqo tushunmaydi. Bu ishqimni yuragimda pinhon saqlamoq ham og'ir kechmoqda. Ammo men bilaman, bu ishqim ayolimga, oilamga hiyonatim emas. Yana bilamanku siz bilan bu uchrashuv shunchaki tasodif yoki oddiygina izohlanadigan yaqinlik emas. Nazarimda ikkimizning tuprog'imiz ming yillar ilgari bir hamrturishdan qorilgan va unga muhabbatdan zeb berilgan. Sog'inch nuri ila sug'orilgan, mehrdan libos kiydirilgan. Ishqimizning yo'llari esa iymon nurlari ila yoritilgan. Shuning uchunmi bu ishqimdan, o'z-o'zimdan vos kechib ketolmayman.

Siz meni har soniya yodimdasiz. Sizni uchratganimdan buyon o'z yog'imga o'zim qovirilaman. Bu ishq odamni qiynab yuborar ekan. Erta-yu kech ko'z o'ngimdasiz. Oy'lamay deymanu sira buning uddasidan chiqolmayman. Bir kun ovozingizni eshitmasam yorug' jahonim zulmatga aylanadi. Qo'l telefonim jiring etsa har safar sizmikin umid ila go'shakga qo'l cho'zaman. Shu kungacha sevgiga ishonmay kelardim. Endi esa ishondim. Chunki u bag'rimni kuydirdi. Vujudimga titroq soldi. Avvallari rahbarlardan iliq fikr eshitsam boshim osmonga yetib behad quvonardim. Endi yagona quvonchim faqat o'zingizsiz. Bir soniyam siz haqingizdagi o'yimsiz o'tmaydi…

Dil ochilsa tilga ish topilaverar ekan. Nahotki sevgi shu qadar qudratli. Har gal siz bilan gaplashganimda qo'ng'iroqdan ovozingizni eshitib yuragimda shirin orziqish bosh ko'taradi. O'zimni bahtiyor his etaman. Osmono'par to'g'larga qarab hayqirgim keladi. Shu yoshgacha ayol zotiga bu qadar mehr qo'ymagan, hayotda shunaqangi holatlar ham yuz berishi mumkinligini bilmagan insonga go'yoki baxt saodatning chek-chegarasi yo'qdek. Endi iqror bo'lib turibman. Haqiqatdan ham sevgi qarimas ekan. U kutilmaganda yuragingdan o'rin olarkanki, huddi sovuq dard kabi egallagan joyini omon qo'ymas ekan. Asli hayotda hamma narsaning kechikib kelgani yomon. Qo'lingdan hech nima kelmasdan hatto bu tuyg'ular nima bilan nihoyalanishini bilmasliging undanda og'riqli.

Hayot qiziq. Insonni bir yo'la ikki tuyg'uning olovi yondirishi mumkinmi? Oilamning ko'ziga tik qarolmay qiynalaman. Ishqimning malikasini bir daqiqaga yolg'iz qoldirmoqga haddim sig'maydi. Buning yuki esa juda og'ir. Yuragimning zabt etgan sevgilimning bir daqiqalik qo'ng'irog'ini o'zgacha hislar ila kutaman. Bilasizmi? Sizni bir laxza yodimdan ko'tarsam, yuragimga bir yillik sog'inch azobini solasiz. Chunki sizda yoz ifori, saraton issig'i, baxoriy go'zallik, kuz kabi sokinlik bor. Shular menga doim harorat berishini istayman. Har gal suhbatimiz ibtidosidagi salomingiz yuragimni zirqiratadi. Hayratlanaman. Bu salommi, kalommi, yoki bulbulning honishi? Bu ovozni eshitgan honishi go'zal qushlar janubga qanot qoqishadi. Sizning gohida yosh boladay soddaligingiz, ba'zan chuqur o'yga botishingiz, bir onda kulib, yana bir onda jiddiy qiyofaga kirishingiz hullas hamma-hammasi hayolimga kino tasmasiday muhrlanib qolgan. Bu tasma bir kunda ming bora oldiga, orqasiga aylanishini bilsangiz edi. Ba'zan hursandchilikga berilaman. Nega kayfiyatim oftob misol chaqnayotganini tushunmay qolaman. Gohida so'ngsiz hayollar girdobida mag'ribdan mashriqga uchaman. Qani ayting, sevgi shunchalik kuchlimi?

Siz hayotimga sekingina kirib keldingiz-u butun borlig'imni ostin-ustin qilib yubordingiz. Avvallari o'zimga xon, ko'lankam maydon edi. Endi esa oromimni yo'qotdim. Doimo sizni o'layman. Qo'ng'irog'ingizni kutaman. Agar bir kun yo'qlamasangiz o'zimni qo'ygani joy topolmayman. Nahotki sevgi shunchalik kuchli bo'lsa? U qo'lsiz, oyoqsiz odamni ta'qib qilarkan. Ipsiz bog'lab qo'yar ekan. Bekorga sevgi Ollohning tuhfasi deyishmas ekan. Sevish-sevilish naqadar baxt ekanligini qalbdan tuyib turibman.

Juda qiziq. Avvallari bu hayotda shunday ayol yashayotganini hatto tushida ko'rmagan inson bugun uningsiz hayotini tasavvur qila olmasligini mohiyatini anglashga qodir emasman. Oradan hech qancha vaqt o'tmadi-yu lekin mana shu so'zlari samimiy, yuragi toza, barchaga birdek ishonuvchan sanamga butunlay bog'lanib qolsam-a. Avvallari ko'proq ishimni, oilamni o'ylardim. Endi ularning barchasi tarozining bir pallasida-yu, sizning tashvishlaringiz alohida pallada. Har ikkisini teng ushlab turmoqlikga esa qandaydir tuyg'u meni yetaklamoqda. Bu og'riqlarning so'nggi bormikin?

Men doimo bir hadik bilan yashayman. Nazarimda mening sevgim sizdagidan kuchliroqday. Bu esa qalbimda hadik uyg'otadi. Huddi bir kunmas-bir kun meni tashlab ketib qoladigandaysiz. Bu daxshatni idrok etmoqning o'zi qanchalar og'riqli. Siz haqingizda tinmay orzu qilgim keladi. Ammo bu orzular, bu o'ylar, bu tuyg'ularning so'nggi nima bilan tugaydi? Bilmayman… bilmayman! Shunday bo'lsa men hammasini qanday bo'lsa shundayligicha Ollohga topshirgim keldi. Chunki bir yonda oilamga bo'lgan mehrim, bir yonda sizga bo'lgan ishqim tursada bu oraliqda turib kelgusidagi taqdirni men bilmayman. Hiyonat tikoni oralamagan, iymon suvida balqib turgan ishqimizni Olloh asrasin…

Hurshidi Jahon