Yuragimda sen borsan-4
Yana dardimni tilib tun kirib kelyapti. Sen ketgan kundan boshlab har soniyam sensizlikdan og'riqli bo'lib o'tmoqda. Yuragim esa yig'lashdan to'xtamaydi. Go'yoki yerga ham sig'may qolayotgandayman. Ahir, sevgilim yuragidan ketdim. Endi hech qayerga sig'masligim bor gapku. Endi anglayapman, kunlarim sen bilan go'zal, tunlarim sen bilan yorug', yuragim sen bilan tirik ekanligini. Endi osmonlarga qarab tinmay nola chekaman. Sensiz yashashdan qiynalib ketdim. O'lay desam yaratgan egam ham jonimni olmayapti. Bu dunyoga to'ymay ochiq ketgan ko'zlaring ko'z oldimda qotib qolgan. Nega meni o'zing bilan olib ketmading? Nahotki, mensiz bu dunyoda yashay oladi deb o'ylagan bo'lsang? Sensizlikga bardosh berishdan ko'ra sen bilan ketganim afzalroq edi.

Uzoq uzoqlarga termulaman. Sen bilan o'tgan kunlarimni, qo'ng'iroqday ovozlaring jarangini olislardan eshitaman. Bu dunyoning hech bir jozibasini anglamay qolgandayman. Chunki hayotimdagi hamma quvonchni o'zing bilan olib ketgansan. Ularni qaytarmoq uchun sen ham bu dunyoga qaytib kelishing kerak. Taqdir mendan seni butunlay tortib qo'ygandan ko'ra ayirib qo'ygani yaxshi edi. Hayotda sensiz bo'lsada sog'inib yashayotganimga hursand bo'lardim. Bir havodan nafas olayotganimga, sen ko'rayotgan narsalarni men ham ko'rayotganimga ko'nglim to'lib yashardi. Bir umr seni ko'rish umidi ila yashashga rozi bo'lardim.

Seni bu dunyoda umuman yo'qligingni o'ylasam orzulardan to'xtab qolaman. Seni ko'rishning imkoni yo'qligi bilib sog'ina ham olmayman. Armon bo'lgan muhabbatim deya yuragimning bir chekkasidan joy ajrata olmayman. Chunki men seni butunlay yo'qotdim. Meni tashlab bu hayotda yashamayapsan. Aksincha bu dunyoni butunlay tark etib meni yolg'izlik qafasiga tashlab ketgansan. Eng go'zal orzularim armon bo'lishga ulgurmay ularni ham o'zing bilan olib ketding. Armoning bo'lsa ham uni ushalmas orzudek eslar ekansan. Lekin menda armonning o'zi yo'q! Ahir hammasi sen bilan birga qabringda ko'milgan. Endi ular mening yuragimda yashamaydi. Yuragimda birgina nola bor. U ham bo'lsa sening oldingga borish o'tinchi. Yoningga bormoq umidi bilan hayotimni tugashini kutib yashashdan boshqa ilojim yo'q.

Har kuni tong sahar qabringni ziyorat qilaman. Bir donagina rayhon qabring boshida silkinib turadi. Rayhonni yaxshi ko'rarding. Shuning uchunmi sendan doimo rayhonning isi bo'y taratardi. Rayhon ham menga qadrdon. Undan jannatni isi keladi deyishadi. Qabring boshidagi rayhonga qarab bu dunyoda sendan menga qolgan so'nggi yodgorlik deya alqayman. Bu rahyon men ko'rgan boshqa rayhonlardan farqli. Barglari juda oz. Nazarimda bu sening yashab o'tgan umring yillaridek. Novdasi ham nozik, hiyol boshini egib turgan qizga o'hshaydi. Shundan sening suratingni ko'raman. To'yib-to'yib qarayman. Barglarini orasiga bir ikki tomchi suv berkingan. Bu tomchilarni ko'rib yuragim zirqirab ketadi. Ehtimol bu sening ko'z yoshlaringdir. Yig'lashga botina olmay rayhonga qarab kulib turaveraman. Bezovta bo'lishingdan qo'rqaman.

Hayotda menga yaratganim har qanday tashvishni bersa ham mayli edi. Yonimda sen bo'lsang hammasini yengib o'tardim. Endi yengishim uchun bu dunyoda birgina narsa bor. U ham bo'lsa meni yashashga undayotgan hayot. Men yashashdan to'ymadim. Aksincha yashashdan to'xtab qolganman. Yashashim uchun esa nimagadir ilinjim bo'lishi kerak. Shunchaki urushdan boshqa narsaga yaramaydigan bu yuragimda hech narsa qolmagan. Bo'shliqdan hech narsani undirib bo'lmaydi. Meni tashlab ketar ekansan nega bunchalik o'zingga o'rgatding. Yo'q! Seni ayblashim noto'g'ri. Muhabbatni boshqarib bo'lmaydiku. Demak senga o'rganishimga yurak sababchi. Yurakga esa buyruq berib bo'lmaydi.

Seni bu dunyoni tark etganingga hech ishongim kelmaydi. Hozir eshik ochiladi-yu kirib keladigandaysan. Lekin bu qanchalik yolg'on bo'lsada ishongim kelaveradi. Balki shuning uchun o'lmayotgandurman. Mayli sening haqqingga duo qilib turish uchun yashashga roziman. Senga har soniya duolar qilaman. Jannatim mening…

Hurshidi Jahon