Yuragimda sen borsan-3
Necha kundirki ishqim alanga olguvchi tunni ayriliqdan zorlanib qarshi olyapman. Nega chin muhabbatning tuhfasi hamisha ayriliq bilan tugaydi? Tikilaman, zim-ziyo tunga. Yuragim negadir tirnaladi. Bir qo'limda changallab ko'rdim. Ha, angladim. Yuragimning bir chekkasida yig'layotgan muhabbatimni armon qabr kavlab ko'mib qo'ymoqchi. Nega armon buncha shoshadi? Ahir muhabbatni ko'mib bo'lmaydiku. Qalbimga uni ko'mib shu bilan tark etishi mumkin bo'lsa, demak men ham o'lishim kerak. U yo'q bo'lsa men ham yashay olamaymanku. Achchiq armon bu fikrlarimni anglab qoldi. Endi oyoqda turishga majoli yo'q muhabbatimni qo'llariga zanjirband etib yetaklab ketmoqchi chog'i. Yana yuragimni changallab faryod chekaman. O'lolmagan jismimni yig'layotgan muhabbatim butun ushlab turadi.

Nazarimda kuz saltanatida so'nggi yaproq bo'lib osilib turgandayman. Bir kun baribir to'kilishim bor. Hayronman taqdir qoidalariga. Nega sevishgan yuraklarni ayirib to'ymas ekan. Yana bu ko'ngillarni ayriliq saxrosiga otib yuborishichi. Go'yoki men ham ana o'sha achchiq ayriliq saxrosida ketyapman. Ortimga qarasam sen bilan o'tgan shirin damlarimni ko'raman. Oldinda esa hech narsa ko'rinmaydi. Boshim egib jimgina qayoqqa ketayotganimni bilmadim. Oyoqlarimdan esa, taqdir kishanlab tortib ketyapti. Yuragimni esa yig'layotgan muhabbatim mahkam quchib suyab turibdi. Shunda iqror bo'ldim. Taqdir izmiga bo'ysunmasang, u seni baribir sudrab ketar ekan.

Hammadan hatto o'zingdan ham qizg'onib ardoqlagan, ko'zlarini besamar yoshdan, sochlariga gard qo'nishidan asragan yoringni qandaydir begona inson olib ketsa-yu, uni tortib olishga imkoning bo'la turib, tortib ololmasang alam qilib ketarkan. Shu odamni qo'llariga topshirish uchun shuncha ardoqlaganmidim deb dunyoni ag'dargudek bo'lib ketarkansan. Eng alam qiladigani esa qo'lingdan hech narsa kelmaydi. Ey taqdir uni mendan olib ketyapsan. Uni bir bor bag'rimga bosmoqlikni imkon bermading. Ko'ksiga boshim qo'yib jon taslim qilmoqlikni.

Avvallari yor-yor aytsalar yuragim entikib ketar edi. Hatto bir safar uning nolasidan yig'lab yuborgandim. Bu ko'z yoshlarim faqat sevinch yoshlari edi. Boisi men ham orzu qilgandim. Huddi shu kelinchak singari xonadonimga seni kelin qilib olib kelishni niyat qilgandim. Muhabbatimiz o'ynoqlab ikkimizga ishq qo'shiqlarini kuylashini istagandim. Onajonimga mehribon qiz-u, farzandlarimga suyukli ona bo'lishingni orzular qilgandim. Baxtli bo'lishing uchun nima kerak bo'lsa hammasini tuhfa etishni o'zimga o'zim vada bergandim. Ey yaratganim nahotki hamma orzularimni birgina yor-yor sadosi chilparchin etsa. O'sha yor-yor mening orzularimni boshqa birovga tutqazib, yana u ham yetmaganday jarangini butun olamga yoyib suyukli yorimni o'zga xonadonga olib ketsa. Endi yig'layotgan muhabbatim ishq qo'shig'ini emas, mening armonlarga orzularim bitilgan yor-yorni kuylaydi. Quloqlarim shu qo'shiqdan boshqa hech bir ovozni eshita olmaydi.

Yuragimda yig'layotgan muhabbatim aslo so'nmaydi. Qachon o'larkinman deya sarson bo'layotgan bu jismimni saqlab turibdiku. Shu muhabbatim tugasa bilginki men ham bu dunyoni tark etaman. Azoblanayotgan yuragim faryod uryapti. Seni yo'qotish uchun topmagandim. Inson o'zi qarisada yurak qarimaydi. Ammo mening yuragim qarib bo'ldi. Yig'layotgan muhabbatim qo'llarida g'ijimlanib qurib boryapti. Seni uchratgan kunimdan boshlab seni deb yashagandim. Sendan ayrilgan kunimdan ham seni deb yashamoqdaman. Farqi sen yonimda bo'lganingda muhabbatim yashashga undayverardi. Endi sen yo'qsan. Ammo sening yoding bilan dunyodan ko'z yumsam, so'nggi nafasimda, xotiramdagi so'nggi nigohing oson jon taslim qilishimga madad bo'ladi.

Nega meni tashlab ketishingdan oldin, yuragimni yulib ketmading? Agar shunday bo'lganda edi, jonimni senga berib dunyodan kulib ketar edim. O'sha yor-yor ham menga mungli bo'lmasdi. Orzularimni armon qo'llariga berib qo'ymasdim. Ko'zlarimga nur bo'lgan nigohlaring ham so'nib qolmasdi. O'zga inson uchun suyukli yor bo'lishingni o'ylab yuragim ham qarib ketmasdi. Qani edi, yuragimni qo'llaringda ko'rsam. U dunyoda ham yuraksiz yashashga rozi bo'lardim.

Bu dunyoda qolgan umrim yuragimni suyab turgan muhabbating bilan o'lchanadi. Ammo, u sham misoli tugab borayotganini sezyapman. Demak men ham nurab boryapman. Har kuni achchiq armonlar bilan rizqlanaman. Dunyoni menga tortiq etgan ne'mati shu bo'ldi. Ko'zlarim ko'rmay qolgan. Boisi ko'zim nuri sen eding. Mayli, ko'rmasam ham roziman. Baribir endi sen yo'qsan-ku. Quloqlarim ham eshitmay qolgan. Negaki dunyoda so'nggi eshitgan nolam, to'ying kuni yangragan yor-yor bo'ldi. Shundan keyin hech narsani eshitmay qolganman. Naxotki sendan qolgan so'nggi xotira shu mungli yor-yor bo'lsa? Muhabbatim shunday yakun topadi deb o'ylamagandim.

Sezib turibman, yuragimga kirib borgan yodgorligim sening sevging yuragimga so'nggi hayotbaxsh suvni tomizmoqda. Endi o'lsam kerak. Shuni bilginki, ruhim jismimni tark etib armonlarga tutqich bermagan muhabbatim ila yuraginga joylanadi va u sen bilan birga yashaydi. Senga baxtlarni ulashadi. Shukurki, muhabbatim so'nmay sening yuragingda yashay boshlaydi. Bu qanday yaxshi. U bu achchiq ayriliq saxrosida qolib ketmaydi. U yashaydi. Endi borgin muhabbatim suyukliging yoniga. Alvido sevgilim… alvido…

Hurshidi Jahon