Yuragimda sen borsan-29
Kuz havosi bunchalar yoqimli. Ishqning iliq nafasini olib kirgandek yuragim sokin kuzning sovuq epkinidan entikadi. Osuda tun qo’ynida hayollarim olgan olisdagi yulduzlarga qarayman. O’zimni yulduzimni izlayman. Yo’q. O’zimning emas, sening yulduzingni. – Ha. Ana u. Hamma yulduzlardanda yorqinroq ziyo sochib turibdi. Bu Zuxro yulduzi. Bu mening birinchi muhabbatimning yulduzi. Armon bo’lgan sevgimning yulduzi. Olovi hali-hamon yuragimni yondiryotgan ishqim yulduzi. Entikib-entikib shirin hislarni yuragimga solguvchi ilk muhabbatim yulduzi.

O’shanda sizni ilk bor uchratganimda vujudimda ajib bir titroq turgandi. Nazarimda dunyoni ilk bor ko’rgandek bo’lgandim. Yurgan qadamimdagi hamma narsa chiroyli ko’rinar, qalbimga muhabbatning tashrif bo’lgani bilan tabriklar edilar. Hayot bunchalar rangli, bunchalar maftunkor bo’lmasa! Sizga bo’lgan ishqimni yuragimga berkitdim. Boisi uni oshkor etsam ko’z tegib qolishidan hadikda edim. Menga shunday buyuk tuyg’uni tuhfa etgan, sevishimga sabab bo’lgan sizdan minnatdor edim. Siz meni bu dunyoda orttirgan eng muborak hazinam, eng asragan ne’matim edingiz.

Sizni yo’qotganimga o’n yil bo’libdi-ya. O’n yil. Bu yillar zalvori yuragimni tinmay og’ritib turadi. Ammo hayotning o’zi hammasiga malham toparkan. Garchi ko’nglim bo’lmasada, mehrim egasi bo’lgan ayolim, shirindan-shakar farzandlarim yashashim uchun menga dalda bo’ladilar. Shiringina qizcham bor. Avvaliga unga sizni ismingizni qo’ymoqchi bo’ldim. Ammo jur’atim yetmadi. Ismingizni o’zim jur’at bilan ayta olmay, tilim aylanmay qoladi-yu qizimga sizni ismingizni qo’ysam, chaqira olmasdan ishqimni oshkor etib qo’ymay dedim.

O’ylanib qolaman. Muhabbat, ishq degan so’zlarga sizning ismingiz bitilganimi, shu so’zlarni eshitsam yuraklarim zir titraydi. Boshimdan tortib oyog’im uchigacha entikib ketaman. Sezamanki o’n yil oldingi ishqim hali ham so’nmagan. O’sha kezlari ham huddi shunday edi. Qarshingizda sizni quyosh-u o’zimni bir zarradek his etardim. O’tkir nigohlaringizga tik qaragani botina olmas edim. Nazarimda butun vujudim yurakka aylanib qolganga o’xshardi. Siz nimani so’zlamang har biri men uchun ahamiyatli va qiziq edi. Yoqimli ovozlaringiz go’yoki yoqimli kuy kabi yuragimga orom berar edi. Beixtiyor yonimdan o’tib ketsangiz vaqt to’xtar edi. Siz mening quyoshim, oyim, boyligim, zuxro yulduzim edingiz.

Do’stlik sevgiga aylanishi mumkin. Ammo sevgi qaytadan do’stlikga aylana olmaydi. Huddiki olov qaytadan o’tin bo’lolmaganidek. Siz menga do’st bo’lib qolishni taklif qildingiz. Bu so’zingizdan ko’ra ovozingizdagi titroq tovush menga qattiqroq eshitildi. Undan ko’ra siz mendan o’lishni so’raganingizda osongina o’lardim. Ammo men o’lishni ham eplolmadim. Lekin yillar davomida men sizga shunchalar bog’landimki, tirnog’imdan tortib sochlarimning tolalarigacha sizning ixtiyoringizdan tashqari harakatlana olmaydigan bo’lib qolganman. Meni hamma ishimda sizdan yuragimga yodgorlik bo’lib qolgan ruxsoringiz boshqarib turadi. Hayotning har qanday sinovlari oldida yuragimga quloq tutaman. Ishonamanki u yerdagi malikam meni aldamaydi, va men bu sinovlarni yengib chiqaman.

So’ginch katta qudaratga ega. Sog’ingan paytingda hatto suratlar ham jonlanib tilga kirib ketayotgandek tuyulaveradi. Yuragimga abadiy muhrlangan ruxsoringiz sog’inchlarimga malham bo’ladi. Bilaman, sizni sog’inganim bilan baribir ko’ra olmayman. Ahir biz endi taqdir izmidagi insolarmiz. Lekin shu taqdir mendan sizni olib ketdi-yu yuragimdan nomingizni o’chira olmadi. Baribir taqdirning ham qayerdadir ojizligi bor ekanda. Hali-hamon yuragimning porlagan zuxro yulduzisiz. Yaratganga shukur qilamanki, yuragimdan sizdek yulduzimni olib qo’ymagani uchun. Bu hayotda yashashim uchun yuragimni butun ushlab turgan buyuk haqiqat sizsiz – mening zuxroyim.

Mening birinchi muhabbatim. Eng og’riqli dardim. Yuragimda hech narsa qolmasa ham sizga bo’lgan ishqim mangu qoladi. Hamma narsa esimdan chiqsa ham yuragimning egasi siz abadiy qolasiz. Yani umrim poyoniga yetgunicha. Men bu dunyodan hech narsa olib keta olmasman. Ammo ishonib aytaman, sizga bo’lgan ishqimni o’zim bilan olib ketaman. Chunki uni yuragimgan o’chira olmaymank-u. Ahir yuragimda sen borsan-ku!

Hushidi Jahon