Yuragimda sen borsan-26
Qalbim qiynoqda. Yuragim olov bo’lib yonmoqda. Dil berib suyganim meni sog’inch azobida qiynashga mahkum etdi. Necha kundirki qalbimning o’g’risi suyukli malikam go’zal ruxsorini ko’rmoqlik baxtidan mosuvo etmoqda. Iltijo-yu nolishlarimni rad etmoqda. Beparvolik bilan jamolini ko’rish zavqini qizg’anmoqda. Nahot qalbim olov kabi yonayotganidan, sog’inchlarga bardosh berish mushkul bo’layotganidan baxabar bo’lsa? Hatto, jonimga oro kiruvchi qo’ng’iroqdek ovozlarining jaranggidan ham maxrum etmish. Nega shunday? Nahotki, u shu jazo bilan rohat topsa? Huzurlansa? Asir uchun yor jamolidan yor jamolidan ko’ra go’zalroq chexra, uning ovozidan ko’ra yoqimliroq ovoz bo’lmas ekan. Nazarimda u shunday qiynoqlari bilan meni yanada rom etayotganidan bexabar chog’i. men uni jonimdan ham ortiq ko’raman. Uning vasliga yetmoq uchun qanday sinovlar bo’lmasin bariga dosh berishga tayyorman. Shundan xabar topgan malikam hamon menga azob berishda davom etmoqda.

Oshiqlikning dardi nimada? Shubxasiz yorning vaslida! Orzularimning quyoshi sening visoling. Lekin firoq istamasman. Har tong yaratgandan o’tinchim bitta, uzoqdan bo’lsa seni bir ko’rmoq. Ahir sening vaslingsiz baxt qayda, orom qayda, shodlik qayda? Yo’llaringga ko’zlarim har daqiqa tikiladi. Yuragim bilan seni kutaman. Behol, bemajol ruhimga madorlar bag’ishlab qadam ranjida etsang umrbod turmasmidim shu yo’lakchada. Oyoqlaring qayerga bosilgan bo’lsa boshimni qo’yardim o’sha tuproqqa. Ammo sen bilarmiding shu tuyg’ularimni? Yo’q, sen faqat sevilish uchun yaratilgansan. Sevilaverib sevgiga to’lgansan. Ammo sevishni bilmaysan. Mayli, mening sevgim bilan yashna. Lek o’zganing ishqi qalbingni makon etishini sira istamayman. Ahir bilaman, seni menday hech kim seva olmas. Seni birgina yurak bilan emas butun vujudim, bor-u umrim bilan sevdim.

Seni uchratgan kunimga shukurlar aytaman. Menga shunday go’zal va nafis mukofotni nasib etgani uchun. Sen yuragimdasan. Har tun mendan sening hayollaringni qizg’onmasa, tong sening visolingni tuhfa etaversa bo’lgani. Shu baxtimdan mosuvo etmasalar bo’lgani. Men bilaman, chin ishq rad etilmaydi. Talpinga yuragiga shunday yo’l topadiki rad etishga also hojat qolmaydi. Mening sevgimni ham sen rad eta olmaysan. Uni o’z-o’zimcha senga izhor aylamayman. Uni sen pinhoniy sezasan-ki yuraging huddi meniki kabi hapkiradi. Faqat u mening ishqimdan shunday bo’ladi. Yaratgandan so’rayman, sening visolingni, orzularimdagi baxtimni sen albatta menga nasib etasan. Ahir yaratgan biladi qalbimdagi pok ishqimni. Seni sevaman.

Muhabbatning ilk tuhfasi nima? So’zsiz so’ginch deyish mumkin! Negaki ko’ngil qo’ygan kishingni har laxza sog’inaverasan. Bir ko’rish ilinji seni qiynayveradi. Bu sevgining o’zidanda shirin, rohatbaxsh, betakror tuyg’uni his etar ekansan ko’nglingda shunday sarxush hislar o’rmalaydiki, uni so’z bilan izohlab bo’lmaydi. Bu hislar yuragingda yangi-yangi orzularni uyg’otadi. Butun jismingni tozalab avval anglamagan tuyg’ular olamiga yetaklaydi. O’zimdagi bu o’zgarishlarni anglab borar ekanman hayratdaman. Nahotki muhabbat shunday qudratga ega bo’lsa. U insonni butunlay o’zgartirib hayotga qayta baxshida etadi. Avval ham hayot shunday go’zal edimi? Yoki men muhabbatning chinakam dunyosida yashayapmanmi? Qanday baxtliman. Muhabbat dunyosida sayr etish baxti nasib etmoqda. Faqat hozir yolg’izman. Yonimda sen yo’qsan. Ozroq sabr aylashga jur’atim yetadi. Seni ham albatta shu dunyoga olib kelaman. So’zimga ishon.

Oshiqlikning dardi ham yoqimli va og’riqlidir. Ammo bunga o’zing istagandek davo topolmaysan. Bu holatda o’zing o’zingda emas uning ihtiyorida bo’lasan. Uning bir jilmayishi yuragingni oromi, bir og’iz so’zi orzularingni ro’yobi ekan. Kunimning bir laxzasini ham uni o’ylamay o’tkaza olmayman. U haqidagi biror xabar yoki kalomni shunchalar intiqlik bilan kutamanki ko’zimga ko’ringan har narsadan umid qilaveraman. Ko’zlarimdagi sog’inchlarning chexrasi shunchalar mahzunki go’yoki hech ham visol neligin bilmagan, ko’rmagandek. Nahotki seni olam ichra yagona bilguvchi va sevguchi oshig’ing uchun buni mukofot deb bilsang. Meni ortiq qiynaman. Ahir sening bir og’iz so’zing va go’zal chexrangdan dilim orom oladi, yashnaydi. O’zingdan butunlay mahrum etib qo’yma. Sensiz yashash, seni ko’rmaslik men oshig’ing uchun eng og’ir azob. Bundan boshqa jazolarga va sinovlarga chidashim mumkin. Ammo vaslingni qizg’onishingga emas. Seni sevaman.

Hurshidi Jahon