Yuragimda sen borsan-25
Kechikkan ishq. Bu hammasidan farq qiladi. Sevgidan ham, muhabbatdan ham. U chinakamiga yurakning tuganmas og’riqli dardi. Nega shunday? Shu muhabbat deganlari o’z vaqtida bo’lsa bo’lmasmikin. Hayoting bir tekisda ketayotgan vaqtda to’satdan yo’lingdan paydo bo’larkanku, o’zingni ham hayotingni ham izdan chiqarib yuborar ekan. Sendan hech narsa talab qilmaydi. Lekin sen ham undan nimani istashingni bilmaysan. Istaganing baribir bo’lmaydi. Bu ish shunchalar dardli, shunchalar azobliki unda na orzular tug’iladi, na bir quvonch yashaydi, na bir yorug’likni ko’ra olasan, na bir kelajakni. O’zi kech keldi, yana o’zi bilan armonni olib keldi. Yuragingga uning ilk tuhfasi ham shu armon. Istaysanmi-istamaysanmi azoblanishga, shu dard bilan yonishga majbursan. Chunki uni shundan bo’lak hech vaqosi yo’q.

Na umrimda bahor, na bag’rimda yoz. Ko’ksimda yurakning behold yurakning bemajol urishi. Bu ishqda hatto orzuga yetmoqni ham orzu qilishga haqqing yo’q. Uning go’zal sur’atiga yetmoq uchun umringni har daqiqasini achchiq-achchiq dard bilan o’tkazasan. U haqida hayol surishga ham qiynalasan. Nahotki shunga ham haqqing yo’q. Bu ne dardki umring tugar dunyo harobasida. Kuyib-kuyib o’tasan har kun kun va tunning orasida. Nega u keladi hech vaqosiz. O’zim ham bir yurakga muhtojlik sezib, nega manzil etgan joyni yashnatmaydi. Unga tiriklik baxsh etmaydi. Nimaga yashayapman u bilan birga. Unda yorug’lik va nur bo’lmasa ham. Balki o’lishim kerakdur. Nafasini his etmay ko’zlarim ochiq. Meni shunga asrab kelyaptimi bu ishq. Nimaga sevdirding uni Hudoyim. Nahot, bundan boshqa jazoga loyiq emasman.

Uni uchratdim umrimning begona faslida. Yashab yuribmiz yig’lab-yupanib. Ammo ikkimiz bir-birimizga nima deb taskin berishni bilmaymiz. Ahir bunda hammasi ayon. Avvali ham yo’q, ohiri ham yo’q. Bu ishq sevgi azobi emas faqat vijdon azobi. Uni o’ylashing, u haqida qayg’urishing yoningdagilarga hiyonatingdur. Ammo undan butunlay vos kechib ham yubora olmaysan. Ahir qanday qilib? Seni butun ushlab turgan shu ishqingku. Bu ishqni taqdirini o’z-o’zingcha hal qila olmaysan. Yo’q! U haqida qalbing qaror qabul qila olmaydi. U bilan nuqul ayriliqda yashaysan. Birga bo’lishga qo’rqasan. U uchun go’yoki o’ng tomoningda bitta yurakni kashf etging keladi. Ahir uni pinhona saqlash uchun nimadir kerakku. Ko’zlaringga yashira olmasang, kaftingga berkita olmasang, so’zlaringni ham ichingda ikki-uch bor takror etib kegin so’zlaysan. Go’yoki siringni oshkor etib qo’yadigondek qo’rqasan. U haqida kimlargadir to’lib-toshib gapirib berging keladi. Ammo kimga? Kim seni tushuna oladi? O’zing o’zingdan cho’chiysan hatto.

Bu ishq sen qabringga olib ketishing mumkin bo’lgan yagona sir. Ammo uning dardini ichingga yutaverib-yutaverib umring azobda o’tib ketarkan. Shunday bo’lsada men hammasiga roziman. Qancha azob bo’lsa hammasiga roziman. Unga ham shuni aytdim. Yana yig’ladi. O’zi uchrashuvimizning ohiri doim uning shunday uning yig’isi bilan tugaydi. Meni tashlab ketmang, sizsiz yashay olmayman deb yolvordi. Men unga vada berdim. Tashlab ketmaslikga. Ammo bir narsani o’ylamapman ham. Ahir uni olib ham ketolmaymanku. Oilam, shirin-shirin farzandlarim oldida nima degan odam bo’laman. Ahir ular endi yosh bola emas. Men bilan fahrlanishadi. Bu fahr nafratga aylanishini istamayman. O’tgan kuni ayolim ko’zlarimga qarab, hammasini kechirishim mumkin, hiyonatni emas dedi. Vujudimni muzdek ter qopladi. Nahotki nigohlarim hammasini oshkor qilgan bo’lsa? Yo’q! Bo’lishi mumkin emas. Ahir uning ko’zlariga tik qaramay qo’yganimga ancha bo’ldi. Juda qo’rqib qolganman. Hammasini sezib qolishidan juda qo’rqaman. Ehtimol shunchaki bir gap ustida aytgandir deb o’yladim. Lekin unga javob qaytarolmadim. Nima deyman? Sizga hiyonat qilmayapman deb yolg’on gapiramanmi? Yo’q! Men undan yolg’ondan bo’lsa ham kecha olmayman.

Azizam. Biz faqat uchinchi dunyoga birga ketishimiz mumkin. Biz faqat o’sha dunyodagina baxtli yashaymiz. Chunki bu dunyoning hech bir nuqtasi bizni sig’dirmaydi. Qabul qilmaydi. Ammo shu uchinchi dunyo bormikin? Bizga nasib bo’larmikin? Orzularimiz kularmikin? Bir birimiz haqida qachon qo’rqmay o’ylaymiz? Qachon baxtli bo’lamiz? Oramizdagi masofa atiga bir qadam. Ammo sen ham men ham birinchi bo’lib odimlay olmaymiz. Nahotki inson baxtli yashashga qo’rqsa. Baxt qarshisida uni quchish uchun dadil qadam tashlay olmasa. Ahir u mening kechikib kelsada eng yorug’ baxtim. Osmonimda zaif nur sochsada yagona yulduzim. Olisdan turib tafti bilan qalbimni ilitib turgan quyoshim. U meni borim, vujudimga tiriklik baxsh etib tugan yagona xayotbaxsh ilinjim. Garchi azob bo’lsa ham u meni baxtim. Seni bir umrga sevaman kechikkan ishqim.

Hurshidi Jahon