Yuragimda sen borsan-24
Sevgi, ishq, muhabbat! Asli bu go’zal tuyg’ularni kim qadrlaydi? Kimning yuragida u erkin yashaydi? Kimga xiyonat qilmaydi? Kimning qalbida u mangu? Shu haqida ko’p o’yladim. Qalbimdagi bu nafis tuyg’ularni faqat va faqat sen asray olashingni sezmoqdaman. Senga bag’ishlay olsam arziydi asli bu ko’ngilni. Azizam, mening umrimga yo’ldosh mehribonim, suyukligim. Qalbimda jo’sh urayotgan bu tuyg’ular xatto muhabbatdan-da a’lo, ishqdan-da olovli, sevgidan-da kuchlidir. Ammo otashi shunday haroratliki seni va ko’nglingni har qanday izg’irindan, sovuqdan asraydi. Qalbing mendagi mehrdan shunday jo’shadiki also bu tuyg’uga muhtojlikni sezmay o’tasan. Negaki mening jufti halolim, orzularimning yo’ldoshi, farzandlarimning mehriboni, sen shunday yaxshi tuyg’ularga loyiqsan. Men seni sevaman azizam. Faqat seni sevaman.

Seni faqat orzularim uchun, ertangi porloq kelajagim uchun asrayman. Ahir orzular taxti faqat sen bilan yarashiqlidir. Bu makonimda sening borliging mening shox orzuyimdir. Ahir sensan meni suyab turgan ulkan bardoshim, ishongan tog’im. Qalbimdagi sevgining eng go’zal malikasi, dilbar mahbubam sen ila qalbim oshiyoni shunchalar nurafshonki naznimda bu yorqinlikni shu kungacha hech kim baxsh etmagandek. Nigohlaring ila erkalab, tabbasum bilan har so’zimga itoat etishing meni shunchalar hushnud etadiki borlig’ingga shukurlar keltiraman. Bilaman, goh-gohida ranjitib qo’yaman. Ammo bilki, bu senga bo’lgan sevgimning so’nishi degani emas. Aksincha, shu paytda ham ko’nglimni ko’tarishga kirishishing meni senga bo’lgan muhabbatimni yanada oshiradi. Ahir senga bo’lgan sevgim har doim qalbimda yashnayveradi.

Seni har bir so’zingni bir mukofotdek qarshilayman. So’zlaringda ham huddi o’zingdagi kabi joziba bor. Go’yoki mayin musiqaning jarangi bordek tinglagan ko’ngilni bir zumda o’ziga chorlaydi va sexrlaydi. Har bir aytilgan so’zlaringni shunchalar diqqat bilan tinglaymanki nazarimda qalbingni go’zal dunyosida sayr etayotganga o’xshayman. Sendagi matonat, muhabbat va samimiyat ehtimol boshqa insonlarda ham uchrar. Lekin men bilgan va taniganlarim orasida bunday fazilatga ega bo’lgan yagona inson sensan. Shuning uchundir, balkim qalbimdagi muhabbatga ham faqat o’zing munosibsan. Bazan o’ylab qolaman, qaysi yaxshi ishim uchun Ollohim seni menga tuhfa etdi ekan? Huddi arshdagi bir malakni odam qiyofasida yuborgan chog’i. Ayrim hollarda hatto inson ekanliginga shubha qilib qolamam. Balki rostdan ham tangrim menga farishtani yuborgandir.

Malikam yaratganning menga qilgan muruvvati sening vasling. Seni birinchi bor ko’rganimda yuragim qinidan chiqqudek darajada urgandi. O’shanda sen kelajakda albatta mening rafiqam bo’lishingni bilgandim. Ammo baribir yaratgandan tun-u kun visolingni so’rardim. Shukur-ki istaklarim qabul bo’ldi. Sen meni umrimga sadoqatli yo’ldosh bo’lding. Nafaqat umringning balki qalbimning ham yagona bekasi bo’lib qolding. Surating kabi go’zal siyratingga ming tahsinlar aytaman. Ahir go’zal siyrating emasmi suratingga ham latofat baxshida etgan. Sendagi hayo va andisha, o’zgacha odobing ila farzandlarimiz ham kamol topmoqdalar. Ularning chehrasi sening nurli yuzlaringdan andoza olgan. Quvnoqligi, mehribonligi qalbingdan. Shuning uchun ham ularni huddi o’zing kabi suyaman. Yaratganga shukur, sen va sen kabi go’zal farzandlarni tuhfa etgani uchun.

Azizam, muhabbatimning yagona malikasi, so’zlari marjon, yuzlari oftobim, qalbi daryo, ko’ngli musaffo yorim. Yaratganim ikkimizga qancha umr bergan bo’lsa, ilohim umrimizning hech bir vaqtini bir-birimizdan ayro etmasin. Sensiz bir laxza ham yashay olmayman. Ahir sening borliging demak mening borligimdir. Hayotda parvardigorim bekam qilib yaratgan bandalari bo’lsa shularning biri menman. Baxtimni ham, taxtimni ham kam-ko’stsiz beribdi. Bunga shukur. Ammo shu baxtimni umrini ham uzun qilsin. Poyingga boshim, o’zingga jonim qurbon bo’lsin. Sen faqat muhabbatga va dunyodagi eng chiroyli izhorlarga loyiqsan. Biz erkaklarni hayotda bilagimiz kuchli bo’lishi mumkin, ammo qalbimiz siz ayollarnikidan ojizdir. Shuning uchun har qanday erkak borki baribir siz ayollarsiz yashay olmaymiz. Boringizga shukur ayollar. Boringga shukur azizam...

Ilhom Do'st Muhammad