Yuragimda sen borsan-22
Salom azizam. Tunni yana birga qarshi olmoqdamiz. Bilaman, hozir sen ham mana shu tun og’ushida sevgi hayoli bilan bandsan. Go’zalim seni sevib muqaddas tuyg’ularning qanchalik go’zal ekanligini va yurak ular bilan yashnashini tushunib yetdim. Bugun sevgim daftarining zarvaroqlariga oltin harflar bilan bitiladigan eng shirin laxzalar bo’ldi. Senga muhabbatimni izhor etdim. Hozir ham yuragim shunchalar tez urayaptiki kuchli hayajon qalbimni qamrab olgan. Ko’zlarimda ishqning olovi yanada porlab yonmoqda. Necha bor shu izhorni bayon etmoq uchun o’zimda kuch yig’dim. Dadillikni aynan yuragimdan topdim. Negaki undan bo’lak hech bir narsa menga bunchalik jasoratni baxshida eta olmasdi. O’zimni qanchalik hotirjam tutishga harakat qilmay baribir betoqat bo’layotganimni sezish unchalik qiyin emasdi. Yoningga yurib kelayapman-u oyoqlarimdan mador ketib o’zimga hech bo’ysunmayotgandek edi. Uzoqdan qarab turar ekansan o’sha nigohlaringdagi joziba mendagi hamma kuchga ta’sir etib ihtiyorimni o’g’rilab qo’yadi. Nahotki, birgina nigohlarning to’qnashuvi shunday qudratga ega bo’lsa?!

O’sha laxzalar, o’sha daqiqalar meni bir necha yillik dardimga nuqta qo’ydi. Hatto o’zimga ham qayta hayot bag’ishladi. Dilbar tuyg’ularning alvori ko’nglimni ajib bir dunyolar sari eltdiki, ko’z ochib bunday go’zal go’shalarni ko’rmagan edim. Bu go’shada orzularimdanda yuksakroq malikam bilan yolg’izman. Nafas olmay so’zlasam ham baribir izhorlarimga vaqtlar hamda so’zlar yetmaydi. Unga to’yib termulishim uchun ehtimol bir umr ham kamlik qilar. Menda unga tuhfa etmoq uchun yurak va muhabbatimdan boshqa munosib hech vaqo yo’q. Agarda u bularni kam desa men uning istagidagi hamma narsani muhayyo qilaman. Faqat u istasa bo’lgani. Mendan o’zini yiroq tutmasin deb nolalar aylayman. Mening nafis va erka gulim, seni shunchalar sevamanki uni tasavvur etmoq uchun tasavvurning doirasi ham kamlik qiladi. Mayli, meni sevmassan, ammo befarq bo’lmagin. Hech bo’lmasa tinglay bil. Poylaringda hokisor turganda ko’ra bil. Shularni o’zi menga yetadi. Sendan ko’p narsa talab qilmayman. O’zimniki kabi olovli ishqni ham so’ramayman. Faqat menga befarq bo’lma!

Bu nafis va dilbar tuyg’uning sehridan qalbim shunchalik yashnayaptiki go’yoki hech ham o’lmaydigandekman. Ana shunday buyuklikni kashf etgan bu muhabbat bilan nega tug’ilmadim. Uni oldinroq his etmadim. Yo’q, men muhabbatni sezishim uchun seni oldinroq ko’rishim kerak edi. Mayli taqdirimda o’sha vaqtda uchrashing yozilgan ekan, taqdirimga yozilganini o’zi baxt. Ehtimol, umringni bir kuni qolganida uni uchratasan desalar ham seni ming yillar ham kutishga tayyorman. Hatto o’sha ming yil azobda o’tsin edi. Hammasiga tayyor edim. Faqat sen hayotimga kelsang bo’ldi. Menga yaratganning tuhfa etgan bunday inoyatidan minnatdorman. Seni ham menga muhabbatli etgani uchun shukrlar keltiraman. Baribir parvardigor tomonidan shunday pokiza muhabbatni in’omi ko’ngilni ravshan etar ekan. Uning nuri qalbingni ham yoritar ekan. Shu ziyo uchun ming o’lmoq hamda tirilmoqqa tayyorman. Taqdir seni bir laxzalik ruxsoringni nasib etsa bo’lgani. Qo’ng’iroqday ovozingni tinglasam kifoya. Chiroyli tabassumingga jon fidolar etsam ham arzimas balki, ammo bil seni shunday sevib yashayman. O’laman hatto shu muhabbat bilan.

Suratingni joylab nigohlarimga. Siyratingni berkitdim yuragimni tub-tubiga. Bunday muazzam umid ko’nglimni o’ksitmaydi, ojiz etmaydi. Bilaman, hali senga erishmoq uchun oldinda ko’p to’siqlar uchraydi. Ammo mening qalbimdagi shu muazzam umidim hammasini yengib o’tishimga ko’maklashadi. Aslo so’nmaydi. Asl muhabbatim qudratini o’sha sinovlarda ko’rarsan. Sen ham bardoshli bo’lsang bo’ldi. Qaroqlaringdan bir tomchi ham ko’z yosh to’kmay sinovlar girdobidan olib chiqarman. Meni yoki sevgimizni deb aslo g’am chekmaysan. Har qanday dard bo’lsa menga bersin Allohim. Faqat seni azob chekishingni istamayman. Menga ishonsang bo’ldi. Mana shu ishonchingni o’zi menda ulkan kuchning cho’qqilarini yaratadi. Sevgimizni go’zal laxzalari hali orzularimiz bilan birga bizga hamroh bo’ladi. Umrimizning har bir sahifasini biz muhabbat bilan, uning go’zal onlari bilan bezaymiz. Hayotimiz so’ngigacha bu sevgi bizga zeb bo’ladi. Iymon naqsh solgan ishqimiz ila har onimizni go’zal etamiz. Bizning sevgimiz ana shunday betakror bo’ladi.

Oshiqlar bir-birini tushunmoq uchun minglab so’zlar kerak emas. Birgina nigohlarning to’qnashuvidan hammasini tushunish mumkin. Bugun o’zimda shunday ju'rat topib nigohlaringga tik boqdim. Izhorimdan keyin qanday holatga tushishing, uni qanday qabul qilishingga befarq bo’lolmasdim. Lekin seni ko’zlaringni jur'ati yetmadi chog’i. Darhol uyalib yerga qarading. Yerdan ko’zingni uzolmasding. Huddi men kabi betoqat bo’laverarding. Meni esa bu holatdan jo’shqinligim ortib ketdi. O’zimni shunchalar dadil va erkin tutdimki, shu kungacha sening yoningda aslo bunday bo’lmagan edim. Yuragim ham sezayotgan edi. Endi sening ihtiyoring ham menda. Endi sen mening yolg’izimsan. Sen mening himoyamdasan. Ahir mening yonimda sen o’zingni baxtli his qilasan. Meni borligimdan hursand bo’lasan. Ammo baribir menchalik emas. Menda endi sen borsan. Men endi sening borliging bilan yashayman. Sen endi faqat menikisan, faqat meniki. Jam’iyki jozibang bilan, borliging bilan menikisan. Men seni sevaman.

Hurshidi Jahon