Yuragimda sen borsan-21
Sog'inch bunchalar ham azobli ekan?! Sevsang muhabbatdan emas sog'inchdan qiynalar ekansan. Sevgi! Ba'zan jo'shqin ba'zida esa sokin. So'zsiz azob beradi. Na bir iloj bor na bir imkoniyat. O'zingni holatingni o'zing tushunmaysan. Boshqaga ham tushuntirib bera olmaysan. Darding badaningni ezadi-yu bir chimdim davo yo'q. Ammo bularning hammasi juda yoqimli. Nazarimda faqat kulib yuradigan bo'lib qolganga o'hshayman. Nigohlarim o'ngida uning go'zal chexrasi muxrlanib qolgan. Shu chehrani sog'inaveraman, talpinaveraman. Ko'zlarimni yumsam ham ochsam ham faqat uning vasli! Dardim uning sog'inchi, orzuyim esa uning visoli bo'lib qolgan. Yuragimni shunday zabt etdiki hech bir laxza uni inkor etib bo'lmaydi. Muhabbatim ila uni qo'rg'onlab olganman. Chunki uni qo'riqlamoq uchun sevgidanda kuchliroq hech narsa va hech bir tuyg'u yo'q!

Dardim hech bir oshiqnikidan kam emas. Shunday ersada men uni dod solib oshkor etmoqchi emasman. Nazarimda shunday bo'lsa siri ketadiganday. U shunday pinhoniy bo'lgani ma'qul. Oshkor etib seni ham azobga solishim mumkin. Negaki g'animlar yolg'on so'zlar bilan sevgim haqida ko'nglingga shubhalarni solib qo'yishlari mumkin. Qalbingda sevgim haqida qanday tasavvur uyg'ongan bo'lsa shunga ishon. Agar o'z ko'nglingga ham shubxa qilayotgan bo'lsang, ko'zlarimga bir laxzaga boq. Undagi ishq olovini ko'rasan. Qo'llarimdan tutgin. Taftini sezasan. Yuragimga quloq sol. Har urishida sening isming jaranggi eshitilib turadi. Meni otashin ishqimdan boshqa senga isbotim yo'q. Ammo asl oshiqlar aslida sevgilari uchun isbot talab qilmaydilar. Ularning ishonchi shu ishq, shu sevgi, shu muhabbat. Mening ham ishqim isboti shu ishq!

Dilimda orzular, visol onlariga umid toshadi. O'ngimda ham tushimda ham tilaganim sening ruxsoring. Jozibali tabassuming sog'inchi har laxza qalbimni o'rtaydi. Nigohlaringdagi o'zgacha husn tuyg'ularimni erkalaydi. Bularning bari naqadar yoqimli. Sevgi sog'inch bilan egizak. Ularni also ayro tasavvur etib bo'lmaydi. Seni sog'inganim sir emas. Bu tuyg'uni also sir tutib bo'lmaydi. Bilaman, bu sog'inchlarni sen sezmay qo'ymaysan. Ammo hech kimga sezdirmay mag'rur nigohlaring bilan qarab qo'yasan. O'zingni shunday tutsangda bilaman, baribir ich-chingda hislaring jo'shadi. Hursand bo'lasan. Ahir bu otashin ishq sohibasi sen ekanligingni bilish zavq bo'lsa kerak. Buni sezish menga unchalik qiyin emas. Yoningga yaqinlashganim hamon o'zingni olib qochaverasan. So'ng ortingdan sekingina jilmayib qo'yasan. Bu tabassum bilan meni yana bir o'ldirganing bilsang eding.

Bugun ham seni ko'rdim. Orzularim sevgim bilan yonma-yon turgandek his etdim o'zimni. Ertalabdan yoningga shoshib bordim. Yoningda dugonalaring bir qancha. Ular orasida meni yuragimni o'g'rilagan qiz ajralib turibdi. Ya'ni sen. Yuragim joyiga tushdi. Ko'zim seni ko'rmaguncha yuragim qinidan chiqay degandi. Ahir seni juda qattiq sog'indim. Sog'inch og'rig'ining davosi o'zingsan ahir. Seni ko'rdim-u tinchlandim. Nafasim ham sekinlay boshladi. Zimdan seni kuzata boshladim. Bu menga odatiy hol bo'lib qolgan. U yoq bu yoqqa qaray boshlading. Avvaliga sezmapman. Ko'zing ko'zimga tushishi hamonoq hijolat bo'lganday olib qochding. Darrov dugonang bilan ketib qolding. Ko'nglim yana ishqdan tosha boshladi. Ahir sen meni izlaganding. Bu men uchun qanchalar ulkan baxt ekanligini bilsang eding. Ko'ngling hotirjam bo'lsin. Men keldim. Men shu yerdaman. Yoningdaman.

Mayli to'ssin yo'limni armon va hijronlar. Yondirsin hatto achchiq azoblar. Ammo bil, sendan kechmasman. Kechmasman hatto sen kechib ketganigda ham. Ahir kim kechsa yoridan ishqi chin inson emas. Mening ishqim qalbimda. Men bu dunyoda yashar ekanman demak u ham yashaydi. Ammo qachondir yuragim urishdan to'xtasa ham ishqim yashashdan to'xtamaydi. Ahir sevgi abadiy yashaydi. Mening orzularim bisyor. Sen bilan ishq qasrimda baxtli bo'lmoq istagidaman. Yonimda ishq kuyida sarxush bo'lishingni, yuragim to'rida jarang sochayotgan sevgi madxini o'z quloqlaring bilan tinglashingni orzulayman. Bilki, sevgimda aslo g'ubor yo'q. tilagimga ham gard yuqmagan. Yaxshi kunlarni orzulayman. Nasib etsa bu kunlarga albatta yetgumdir. Baxtning sen bilan menga atagan kuni bordur?! Umidim shu! Seni sevaman. Seni sog'inaman. Ahir yuragimda sen borsan-ku!

Hurshidi Jahon