Yuragimda sen borsan-17
Sizdan qancha o'zimni olib qochmay, qancha hayollarimdan uzoqlashtirmay bu ko'ngil qurg'ur sizga talpinishni qo'ymayapti. Ko'z oldimda paydo bo'lsangiz yuraklarim gupurlab nigohlarim ortingizdan ergashadi. Ba'zan qo'rqaman. Hatto bir zarradan ham pinhon tutayotgan sevgimni ko'zlarim oshkor qilib qo'ymasmikin? Yonimdan o'tayotganingizda yuragimni behalovat urishi sirimdan voqif etmasmikin deb hadikda turaman. Muhabbatni bu azoblari jazomi yoki mukofot. Sog'inchi ayovsiz ezadi. Visoli esa nasib etmaydi. Siz yurar yo'llarni har kun kezaman. Shu yo'lda bemajol ketib borar ekanman nogohon siz paydo bo'lasiz. Kuzgi hazonlarga to'la yo'lakdan o'tib borar ekansiz qalbim bilan sizga talpinaman. Sizdan esa sado yo'q. agar nigohlaringizni qizg'onmasangiz edi shu yo'lakda o'sha nigohlar uchun umrbod turardim. Oyoqlaringiz qayerga bosilsa o'sha yerga boshimni qurbon qilardim. Shu qadar fidoiy oshig'ingiz uchun nahotki bir tabassumni, birgina so'zni ravo ko'rmasangiz.

Muhabbatning dunyosin yolg'iz kezib bo'lmaydi. Ammo, nazarimda shu dunyoning yolg'iz asiriga aylanish hukmi menga o'qilgan chog'i. Ahir qachongacha hayol bilan yashamoq mumkin? Nega tushunmaysiz? Men ham bir umr ko'zlarimni yumib yetib bo'lmas hayollar bilan yashay olmayman. Ruxsoringiz qoshida sevgi orzularidan so'zlamoqni istayman. Mayin qo'llaringizdan tutib ishqning chamanida sayr etsam deyaman. Shuncha yillik ishqim gulchambarida orzularimni osmoniga uchirishni orzu qilaman. Ammo siz bularni bilmaysiz, sezmaysiz. Izhorimni qanday bayon etsam rad javobi o'ldirmaydi deya tuni bilan mijja qoqmayman. Ehtimol meni pisand etmassiz. Mayli bunga ham chidashim mumkin. Faqatgina tuyg'ularim javobsiz qolishini ko'tara olmayman. Ba'zan hech bir sababsiz ko'zimga yosh kelaveradi. Ko'zim oynasida jovdirayotgan yosh kiprigimni bir qimirlatsam duv-duv to'kilaman deydi. Ammo men ko'zimni yuma olmayman. Chunki shu tomchida sizning aksingiz bor.

Ismingiz eshitganim zahoti tomirlarimda kezayotgan titroq go'yo ming yillik darddek. Uzoqdan bo'lsa bir ko'rish ilinji eng yuksak orzuyimga aylanib ulgurib bo'lgan. Nahotki hayotga sizni sevish uchun va sizni orzu qilish uchun kelgan bo'lsam? Nahotki sizni sevib topganim dard bo'lsa? Ammo sizsiz menga baxt qayda, shodlik qayda? Bor vujudimni o'zingizga bir ilintirib ortingizdan sarson qilib ezmoqchisiz chog'i. Negadir tuyg'ularimga beparvosiz. Ko'zlaringiz osmonda. Poyingizdagi qulingizga bir nazar tashlamaysiz. Bu ne hol? Oshiqlaringiz barini shunday jazolaysizmi? Yoki muhabbatni parvoyingizga olmaysizmi? Men-ku charchamayman. Ahir bilaman, taqdirimga faqatgina sizni sevish bitilgan. Lekin siz qachon yerga qaraysiz? Osmonlardan qachon tushasiz? Yoki osmon qadar bo'lganlarni sevasizmi? Mag'rur yurakni bir kun zabt etilishi bordur. Ammo tan olmoq kerak. Sizga bo'lgan ishqim o'zimni-o'zimga tanitdi, o'zimni-o'zimdan ayirdi. Yo'llarimdan adashtirdi, yo'llarimni topib berdi. Shuning uchun sizdan minnatdorman. Sizga tashakkurimni aytaman.

Sizni sog'inaman yurakdan, dildan. Buni sezasizmi yo'qmi bilmayman. Sizni sog'inishim sizga malol kelmasmikin? Balki yo'lingizda turishim, qadamlaringizga bosh urishim sizni ranjitar. Bilasizmi sizni sevib ming yig'ladim. Bir kulishni orzu qildim. Ahir men ham baxtli bo'lay deyman. Ehtimol bu nolalarimni sezmassiz. Sezganingiz bilan sevarmidingiz? Ehtimol mana shunday qiynoqlarga solib o'zingiz rohat toparsiz. Asli sevilmoq uchun yaralgansiz. Sizni faqat otashin muhabbat bilan sevish mumkin. Butun vujudimni egallagan bu muhabbat nega sizning qalbingizga kirib bormaydi? Sizni huddi men kabi borlig'ingizni zabt eta olamaydi. Ehtimol muhabbatning o'zi ham sizning qoshingizda bosh egar. Sizni bu qadar mag'rurligingizdan shunday hulosa qildim. Bilingki sizning g'ururingizdan sevgimning qadri baland. Shundan bilamanki qachondir mening sevgim sizni g'ururingizni yengadi va qalbingizga kirib keladi. Shunda ehtimol dunyoni asl ranglarda ko'ra boshlarsiz. Ehtimol men kabi meni sog'inarsiz. Shu kunga qadar sizni kutaman. Bunga bardoshim yetadi.

Mayli qancha yuqorilab borsangiz ham roziman. Ammo mening ishqim olovi ham sizdan shunchalik balandlab boradi. Kun kelib bir kun bir nuqtada shunday uchrashamizki o'shanda sovqotgan va yolg'iz qolgan qalbingiz ishqimning o'tli taftini seza boshlaydi. O'shanda sizni dunyoga qayta keltirgan ishqning ostonasiga behol yiqilasiz. Shu yerda qolmoqni orzu qilasiz, istab qolasiz. Shu kun albatta keladi. Sizni bag'rimga bosib asta shivirlayman: Hush kelibsiz ishqim qasrining yagona malikasi! Ishoning bular orzu emas, hayol ham emas. Aksincha kelajakda albatta kelishi mumkin bo'lgan kunlardir. Sizni boringizga shukur. Menga muhabbatni tuhfa etganingizga shukur.

Hurshidi Jahon