Yuragimda sen borsan-15
Tunni oshiqlarning ishq makoni deydilar. Rostdan ham shunday shekilli. Bu tunning menga eng orombaxsh tortig'i u bilan hayolan yolg'iz qolaman. Orzular osmonida qanot qoqaman. Ammo sog'inch azobi yuragimni o'rtaydi. Shundagina tongni sog'inaman. Nega-ki oppoq tong menga uning latif ruxsorini, go'zal jamolini nasib etadi. Ishq deganlari bunchalar ham shirin tuyg'u bo'lmasa. Shunday sevsam, shunday yashasam ham roziman. Bu shirin dard, shirin azobim meni tark etmasin. Roziman bir umr sevmoq uchun. Uning ishqida kuyib kul bo'lishga ham tayyorman. Ammo ishqsiz yashay olishim dargumon.

U men uchun shunchalar aziz, shunchalar qadrdon-ki huddi ming yildan buyon sevgandekman. U menga shunchalar yaqin, shunchalar mo'tabar-ki umrim ham undan mazmun olgandek. Bu ishqning huzurbaxsh hislaridan yuragim titraydi. Unga oshiqaman. Ammo qarshisida turmoqqa chindanda jur'atim yetmaydi. Ahir tafti bilan yurakni yondirayotgan olov sari yaqin borib bo'larkanmi? Olislardan turib boqaman. Ko'zlaridagi sirli nigohlardan yuragim yana hapqiradi. Go'yo qinidan chiqqudek. Bu yurakni behalovat qilgan sevgim mening, ishqim mening!

Tongda ko'zlarimni ochib qayerga qaramay sening siymoyingni ko'raman. Ko'zlarimni yana yumib seni o'ylayman. Shu o'ylarimdan kechgim kelmay ko'zlarimni ochgim kelmaydi. Bu dunyoning kundalik tashvishlaridan uzoqda bo'lib faqat sen haqingda o'ylayvergim kelaveradi. Ismingni o'ylaganim zahoti yuragimdagi ishq alanga olaveradi. Tabiatning har bir ne'matiga qarayveraman. Go'yoki ularga sening nigohlaring tushgan-u sening vasling muxrlangandek. Har bir go'zallikda seni ko'raveraman. Tamoman sendan o'zgani nigohlarim ko'rmaydi. Sendan o'zga nafasni his eta olmayman. Ahir sensan mening borlig'im, jonim, jahonim.

Firoq ila hijron. Bu so'zlar garchi tanish ersada bunday hislardan yuragim begona. Toki yuragim urib turar ekan bu ishq tomirlarimda qondek kezaveradi. Gar yuragim to'xtasa-da, tomirlarimni qaqshatib turaveradi. Ba'zida hech bir sababsiz ko'zimga yosh kelaveradi. O'zimni o'zim taniy olmayman. Nega yig'layapman? Sevib qolganim uchunmi? Yo'q. Bu ko'z yoshlarim seni sevib poklanganimdan, o'zligimni anglay olganim, shu ishqimdan go'zallikni, baxtni, ezgulikni topganimdan shukrona yoshlaridir. O'ylab qoldim. Shunday ishqdan kechib bo'ladimi? Unga hiyonat qilsa bo'ladimi? Yo'q. Unga faqat vafolar ko'rsatmoq, asramoq kerak. Qalbim hazinasi aynan ishq bilan himoyalangan. Vafo bilan qo'rg'onlangan. Sadoqat bilan qo'riqlanmoqda. Ahir bu mening ishqim. Mening sevgim.

Sen yuragimdasan. Har tun mendan sening hayollaringni qizonmasa, tong sening visolingni tuhfa etaversa bo'lgani. Shu baxtimdan meni hech ham mosuvo etmasinlar. Chin ishq rad etilmaydi. U chindanda haqiqiy bo'lsa talpingan yuragiga shunday yo'l topadi-ki, rad etishga also hojat qolmaydi. Mening sevgim ham shunday bo'ladi. Uni o'z-o'zimcha senga izhor aylamayman. Uni sen pinxoniy sezasan-ki, yuraging meniki kabi hapqiradi. U mening ishqimdan shu holga tushadi. Sening visolingni yaratgandan so'rayman. Sen albatta menga nasib etasan. Ahir qalbimdagi pok ishqimnni yaratgan egam biladi. Seni sevaman. Ahir yuragimda sen borsan-ku!

Hurshidi Jahon