Yuragimda sen borsan-13
Bu tun qarosi yuragimni ezadi. Bahor kelib chechaklar ochilgan chog'i yuragim yana bir entikib seni yodimga soladi. Erta bahor go'zalligini hech bir chiroylarga almashmayman derding. O'rik gullarini juda yaxshi ko'rar eding. Bahor kelsa shu chechaklar bilan go'yo birga kelganday bo'lasan. Ammo bularning bari ro'yo! Lekin shu bahorlarga ergashib yashab yuribman. Afsus bu oltin vaqtim ham tez o'tib ketadi. Sensizlikga chidash men uchun juda og'ir kechyapti. Bu dunyoni tark etib yurakni so'ngi yo'q hijronlarga tashlab ketganingga hali ham ishongim kelmayapti. Bu ne ko'rgulikki har bahorni sensiz qarshi olsam?

Sen uchun olov bo'lib yonguvchi bu ishq o'tini endi issiq tafti yo'q. Sensiz qolgan bu yurak endi kim uchun yonadi? Nima uchun yonadi? Yurakda ishq bor. Ammo achchiq azobga to'la. Bu azobli olov yurakni yondiradi. Kuydiradi. Eng yomoni bu olov taftiga chidab bo'lmaydi. Ahir unda muhabbat yo'q, sevgi yo'q, mehr yo'q. Bu tuyg'ular bo'lmasa o'sha azoblar, ayriliqlar iskanjasi qalbni kemiraverarkan. Meni bir umrlik ayriliqqa mahkum etdi muhabbat. Mayli edi mensiz yashasang ham. Ayriliqda yonsak ham. Faqat shu dunyoda bo'lsang edi. Tangrim har bahor bir marta ko'rishga mahkum etsada rozi edim. Seni yo'qligingni bilib, hatto kuta olmay yashashdan ko'ra shu bahorni kutib yashash men uchun baxt edi.

Sening borliging uchun borlig'imni poyingga to'shar edim. Mening bahorim bo'lmoqchi eding. Boqiy bahorim. Nega o'zingni hazonga almashding. Sen ulkan baxtlarga loyiq eding-ku. Bahordek go'zal orzularimning hammasi bir kechada hazon bo'ldi. Sensiz bir on ham yashay olmaydigan yurak uchun bir umrga yolg'iz yashash hukmi o'qildi. Nega taqdir bunchalar beshavqat. Endi ne holki bahorlarni kutsamda sen kelmaysan. Hazonlarda aylangan qalbim orzularida chechaklar bo'lib ochilmaysan. Buni bilib, sezib yashash naqadar azob. Garchi fasllar almashib kelaveradi. Ammo mening qalbimda birgina fasl hukm suradi. Ayriliqdan ildiz otgan o'tkir tig'li hijron darahtiga ega zim-ziyo zulmat fasli. U endi mening qalbimni tark etmaydi. Hech qachon!

Sen mening muhabbatimni ham o'zing bilan mangu olib ketding. Sensiz u men bilan yashamaydi. Sen bor u ham yashnar edi. Sensiz titrab sarson bo'lgandan sen bilan ketgani yaxshi. Shuning uchun-mi qabring boshiga kelganimdagina taskin topaman. Ruhingda mening ham muhabbatim borligi ko'nglim hotirjamligidir. Seni izlab dunyolarni kezmayman. Makoning aniq. Manziling aniq. Shu joyga seni yo'qlab kelaman. Seni izlab kelaman. Bir so'z demay unsiz yig'layman. Qurib borayotgan qalbim ham yig'laydi. Ko'z yoshlarda kuygan oppoq hotiralarim yig'laydi. Sendan sado yo'q.

Yoningga bordim. Qabring boshida oppoq gulli o'rik daraxti boshin egib turibdi. Go'yo o'z go'zalligi bilan seni hushnud etayotgandek. Uning chechaklari oppoq bo'lib qabringni bezagan. Boshim egib o'tirar ekanman yuragimda g'alati hislar gulguna qila boshladi. Yurak mangulikga ketgan ishqni qaytadan sevib qoldi chog'i. Yurakning boshqa chorasi qolmadi ham. Sekingina qabringga bosh qo'ydimu ko'zlarimni yumdim. Go'yoki shu bilan yo'qolgan halovatimni topdim. Ahir yuragimda sen borsan-ku!

Hurshidi Jahon