Yuragimda sen borsan-11
Bu hayotning aldovlari bunchalar og'riqli bo'lmasa? Yo'q, yangilishdim. Hayotning emas, muhabbatning yolg'onlari og'riqli. Yaxshi tuyg'ular, buyuk tuyg'ular, chin tuyg'ular ham aldaydimi? Yolg'onlar... yolg'onlar... bu yolg'onlar to'rt tomonimni qurshab olgani ham yetmagandek yuragimni ham qamrab olgan. Yaratganning menga qilgan buyuk in'omidan naqadar baxtli edim. Bir og'izgina muhabbatning achchiq yolg'onidan qulab tusha yozdim. U meni aldadi. Tuyg'ularimni shu yolg'oni bilan parchaladi. Tinchgina hukm surayotgan muhabbat dengizini go'yoki bo'ronlar jumbushga keltirdi. Yo'q. Asli men razillik qilyapman chog'i. Yolg'on deb juda bo'rttirib yubordim. U asli haqiqat bo'lgan narsani mendan yashirdi. Vaqt o'tib hammasi oshkora bo'lishini nahotki bilmagan bo'lsa. Ehtimol munosabatlarimiz avvalida aytganida men uni shu aybini tan olmay sevarmidim! Boshim qotib qolgan. Bu haqiqatni qanchalik rost ekanligini tan olgan sarim ko'nglimni g'ashlik band etyapti. Juda qiynalib ketdim.

Meni sizga bo'lgan muhabbatim muhabbatning o'zidanda chin edi. Aldovlaringizdan qaqshagan bu yurak tomirlari misoli bir dor. Go'yo shu dorga meni boshimni qo'yib qiynaydi. Sizga shunchalar ishonibman, shunchalar bog'lanibman-ki bog'langanim bir qiynog'-u, yolg'onlaringiz bir azob. Berkitganingiz bu siringiz qachondir oshkor bo'lishini nahotki o'ylamadingiz. Sizni yo'qotishdan qo'rqib shunday qildim deb aytdingiz. Ehtimol bu so'zingiz rostdir. Ehtimol bu shunchaki bahonadir. So'zlaringiz zahrini nima bilan yuvishni bilmayapman. Sizga odatdagi haqiqat bo'lgan bu siringiz shunchaki tuyg'ularimni ermak qilish uchun yashirilgan yolg'on bo'lib tuyulyapti. So'zlaringiz misli o'q, dilimni yarador etdi. Sizga ishongim, hammasini kechirgim kelyapti. Ammo nimadir to'sqinlik qilmoqda. Balki bu aqlimdir. Sizdagi berkitilgan haqiqatni aldovga yo'ygan bu aql, qaytishga hech bo'y bermayapti.

Sizni yo'qotishni hech istamayman. Asli sizni kech topib bir azobda yashayapman. Yana sizni yo'qotib ming azobda yashashni hohlamayman. Sizni mendan ketmasligingiz uchun dilingizni, o'zingizni qancha asradim, sizga qattiq ishondim, yuragimni berdim. Lekin shu tuhfalarga javobingiz shunday bo'lishini hech o'ylab ko'rmagandim. Balki bu azoblarim vaqtinchalikdir. Vaqti kelib hammasi o'z o'rniga tushib ketar. Lekin bir yolg'onga uchragan bu yuragim, sizning so'zlaringizdan yana yolg'on isini tuyib qolmasmikin? So'zlaringizga ishonarmikin? Sizga bo'lgan muhabbatim o'sha-o'sha. Ahir sizni aql amri bilan emas yurak amri bilan sevganman. Qanday qilib yuragimga bu ishqdan kech deb buyruq bera olaman? Faqat o'zingiz uchun oddiy haqiqat men uchun esa yolg'on bo'lib ko'rinayotgan bu siringizning zahri qalbimni tark etmaguniga qadar hulosa qila olmayman. Ishoning, juda qiynalib ketdim. Ahir sizga qanchalar ishonar edim...

Asli sizdagi bu haqiqatni o'zimga yolg'on deb singdirib bekor qilyapman. Chin oshiq sevgilisini aybini fazilat deya qaraydi. Men esa sizni ham qiynab yubordim. Lekin avvalo shu haqida aytsangiz ehtimol hozir bunday azoblarga o'rin qolmasmidi. Baribir hammasiga ko'z yumishim juda qiyin bo'lmoqda. O'zimga singdira olmayapman. Sizga oddiy bo'lib tuyulgan bu haqiqatni meni sevdirib olish uchun oshkor etmagansiz-u, endi o'zingizga o'rgatib tashlab ketish uchun hammasini oshkor etganga o'hshaysiz. Nazarimda huddi shunday tuyulmoqda. Hattoki qo'rqib ketyapman. Agarda hammasini yolg'on deb qabul qilsam hammasi tugab qolarmikin deb. Sizdan ayrilib qolarmikinman deb juda cho'chib turibman. Ahir sizni tark etishim oddiy ish emas. Hozir nima hohlayotganimni hatto o'zim ham bilmayman.

Sizni bir kun ko'rmasam yoki ovozingizni bir kun eshitmasam dunyolarim qorong'u bo'lib ketardi. Mana o'sha ranj, sabab. Necha kundirki na ovozingizni eshitdim, na ruxsoringizni ko'rdim. Endi bu holatimni tasavvur etavering. Menga vaqt kerak. Hammasini o'z o'rniga tushishi uchun vaqt oily hakam. Lekin o'tayotgan vaqt meni sog'inch daryosiga cho'ktirib bormoqda. O'zingiz aytgandek muhabbat yosh tanlamaydi. Lekin shu siringizni o'zimga singdirib olgunimgacha fursat darkor. Bilaman, baribir o'zingizga qaytib boraman. Ahir tuyg'ularim siz uchun. Sizdan ketib ularni qayoqqa ham haydardim. Men aqlimga emas yana yurak amriga bo'ysundim. Faqat meni kuting. Hammasiga ko'nikib olay. Bu haqiqatga o'zimni o'rgatib olay. Ishonamanki hammasi o'z o'rniga tushib ketadi. Betoqat yuragimga suyandim. U albatta meni bu holatdan olib chiqadi. Men sizga qaytaman. Ahir yuragimda siz mangusiz...

Hurshidi Jahon