Yetimning duosi
Uch-to'rt yil avval sog'lig'im yomonlashib, Qashqadaryoning Kasbi tumaniga qarashli oromgohda davolandim. Fe'lim o'zimga ma'lum, meni sho'x-shodon yoshlar davrasi emas, ko'proq og'ir-vazmin keksalar muhiti o'ziga tortadi. Xullas, bosh shifokor mehribonliklari, maslahatlariga qaramay, uch-to'rt qariya yoniga joylashdim. Ular bilan birga namoz o'qiyman, o'tgan-ketgandan suhbatlashaman.

Qariyalar orasida Mengli bobo degan bir chol bo'lib, garchi tilovatda ba'zan tajvid qoidalarini buzsa ham, uning o'ta taqvodorligi meni hayron qoldirar edi. Bir kuni shu chol boshidan o'tkazgan g'ayrioddiy voqeani so'zlab berdi.

“Menga ota diydorini ko'rish nasib qilmagan. Bechora onam men yetimni deb ko'p sho'rishlar ko'rgan.

40-yillarni oxirlari edi. Chamasi 8-9 yashar paytim. Qishloqda ocharchilik shu darajaga etganki, kunjara, turli o'simlik ildizlari, o'limtiklar odamlarning asosiy emishiga aylangan. Biz kabi yetimlarga esa shu ham qahat. Onam sho'rlik egulik yo'qligidan menga qurigan ko'kragini tutadi. Bir kuni ochlikdan sillam qurib, uxlab qolibman. Uyg'onsam, uyda onam ko'rinmadi. “Hoynahoy, daladan biror egulik topib kelgani ketgandir”, deb o'yladim. Kelavermagach, shom kirib, atrof qoraya boshlaganiga qaramay, onamni izlab yo'lga tushdim. O'n qadam yuraman, atrofga alanglayman, onamni chaqiraman. Bir soatcha yo'l bosib, uyimizdan ancha yiroqdagi chakalakzorga borib qolibman. Bir payt atrofdan och chiyabo'rilarning cho'zib uvillashlari eshitila boshladi. Ovozlari lahza sayin kuchayar, yaqinlashar, borgan sari vujudim muzlab, oyoq-qo'lim qaltirar edi. Baqiray deyman, ovozim chimaydi. Daf'atan onaizorimning “Mengli-i-i”, degan tovushi qulog'imga chalindi. Bor kuchimni to'plab, ovoz tomon yugurdim. Ona bola bir nafas so'zsiz quchoqlashib qoldik. Hayajon ichida payqamagan ekanmiz, zum o'tmay atrofimizda doira yasagan cho'g'dek qip-qizil ko'zlarni ko'rib, onam sho'rlik xo'ngrab yubordi, unga men ham qo'shildim. Chiyabo'rilar halqasi borgan sari yaqinlashar, onam tinimsiz nimalarnidir pichirlar edi. Jon holatda onamning: “Ey Xudoyim, yetimchamga rahming kelsin, uning begunoh vujudini o'zing salomat asra”, deya pichirlayotganini ilg'adim. Va beixtiyor o'zim ham Yaratganga munojot qila boshladim. Shunda birdan inson zoti ishonmaydigan mo''jiza sodir bo'ldi. Biz bilan chiyabo'rilar o'rtasida yana bir doira paydo bo'ldi. G'ira-shirada bu doira uzun qora ustunlarga o'xshab ko'rinar, har juft cho'g'day ko'z ro'parasida bittadan turar, och chiyabo'rilar esa, uvillashdan to'xtab, joyida qotib qolgan edi. Biz bir oz o'zimizni o'nglab olgach, asta-sekin uyga tomon siljiy boshladik. Qora ustunlar uyimizga qadar bizni “kuzatib” borishdi. Faqat uyga kirganimizdan so'ng g'oyib bo'lishdi. Onam uyga kirgan zahoti joynamoz yozdi. Ikki rak'at shukrona namozini o'qidi. Men ham unga ergashdim. Shundan beri namozni kanda qilgan emasman, menga mo''jizaviy qudrati va rahim sifati bilan ikkinchi bor hayot ato etgan Allohimga ruku', sajda qilishdan charchamayman”. Uzoq Jo'raqul Turkchadan Maryam Osiyo tarjimasi
Manba: www.qadriyat.uz