Vijdon bilan yuzma-yuz
Inson vaqti-vaqti bilan yolg‘iz qolishi, vijdoniga ko‘zgu tutishi lozim ekan. Men bugun shunday qilmoqchiman...

Menga darsga borish ham, biror ishni etagini tutish ham yoqmaydi. Ertalab kech uyg‘onaman. Dars soat to‘qqizda boshlanadi. Men esa 08:50 da o‘rnimdan turaman. Kiyimlarimni apil-tapil kiygunimcha to‘qqizdan o‘tib ketadi. Otam bu paytda qora terga botib, dalada ketmon chopayotgan bo‘ladi. Erimiz katta. Otam ertalabdan kechgacha ishlaydi. Ammo biror marta noliganini eshitmaganman. Onam esa ekinlarni chopiq qiladi, hosilni teradi, sotadi, xullas, shunday ishlar bilan kun uzog‘i mashg‘ul bo‘ladi. Bitta opam, ikkita singlim bor. Opam to‘rt yildan beri o‘qishga kirolmaganidan aziyat chekib, bor kuchini mehnatga bergan. Singillarim hali yosh, ammo biri ovqat qilishni, biri esa uylarni tozalashni biladi. Shunaqa, oilamda hamma sahar turib mehnat qiladi. Menchi, hatto darsga o‘z vaqtida borishga ham erinaman. Darsga kechikaverib, gap eshitishga o‘rganib qolganman. Hozir ustozlarimning tanbehi zig‘ircha ham ta’sir qilmay qo‘ygan. Birortasi ovozini ko‘tarib gapirsa bormi, “men kontrakt pulini to‘laganman, sizning nima haqqingiz bor bunday deyishga”, deb og‘ziga uraman. Aslida esa kontrakt to‘lashga ozgina ham hissam qo‘shilmagan. Uyda shuncha uxlaganim etmagandek, dars payti ham mudrab o‘tiraman. Ba’zida o‘zimga o‘zim tushunolmayman, nega bunchalik dankasa bo‘lib qolganman? Ba’zan kursdosh qizlarga gap otaman yoki telefonimni o‘ynab o‘tiraman. Yuz marta ko‘rilgan rasmlarni qayta-qayta tomosha qilaman. O‘qituvchi jon kuydirib dars o‘tadi. Bilsangiz, menga buning umuman qizig‘i yo‘q. Hech qaysi fanni o‘rgangim kelmaydi. Amir Temurning qilgan ezgu amallarini ham, Nodira-yu Uvaysiylarning she’rlarini ham, hatto Alisher Navoiyning adabiy merosini ham bilmayman.

Har gal uyga borganimda otam “chet tillarini o‘rgan, zamon talabi shu”, deydi. Men esa “darslarim shunday ko‘pki, hatto ovqatlanishga ham vaqtim yo‘q”, deb qo‘yaman. Keyin onam suhbatimizga qo‘shiladilar “Qo‘ying, o‘g‘limni qiynamang. Mayli darsini eplab olsin. Til bir gap bo‘lar. Qarang ozib ketganini”, deydilar. Negadir doim onamning ko‘ziga ozg‘in ko‘rinaman.

O‘tgan yili dars qilishim uchun judayam zarur, deb otamni kompyuter olib berishga majbur qilgandim. Ba’zi tengdoshlarim elektron kitoblarni o‘qish uchun kompyuter qidirib, sarson bo‘lib yurishadi. Men esa undan faqat film tomosha qilish, musiqa tinglash yoki o‘yin o‘ynashdagina foydalanaman.

Ayrim kursdoshlarimning bilimdonligidan g‘ashim kelaveradi. Balki bu hasaddir. Kunini kutubxonada o‘tkazuvchi tengdoshlarimga achinib ketaman. Eh, ular yashashni bilmaydi-da...

Kun aro kiyimimni almashtirmasam ko‘nglim joyiga tushmaydi. Qo‘limga pul tushishi bilan kiyim-kechak savdo rastalariga yuguraman. Opam yoki singillarim otamdan “ko‘ylak olib bering”, deb iltimos qilsalar “Pul yo‘q-ku. Akangni o‘qishiga, kontragiga pul yig‘ishimiz kerak”, degan javob eshitishadi. Mening esa har bir xohishim vojib.

Bilsangiz, universitetga ham davomat bo‘lmasa, umuman bormasdim. O‘qimaganimga yarasha sessiyada biroz engillik bo‘lar, deb davomat uchun kelib turaman. Aslida, men uchun sessiya bayram. Otamning pullari va o‘qishga kiritib qo‘ygan tankam omon bo‘lsa bas. Uyimdagilarni “bu erdagi ustozlarning hammasi poraxo‘r, pul olmasdan bahomni qo‘yib bermaydi, haqiqat yo‘q”, deb ishontirib qo‘yganman. SHuning uchun sessiya yaqinlashavergach, otamning o‘zi “o‘g‘lim, nechchi pul kerak”, deb so‘raydilar. Bundan mening zig‘ircha ham vijdonim qiynalmaydi. YUborilgan pullarning bir qismini ayrim vazifalarimni bajarib beruvchi tanishlarimga beraman. Qisqasi, ularning og‘zini moylayman. Qolganini esa eyman, ichaman, o‘ynayman, kulaman. Opam universitetda o‘qishni orzu qiladi, men esa yallo qilib yuraman. Do‘stlarim bilan diskotekaga boraman. Bu paytda uydagilar bug‘doy tozalash, yo poliz ekinlarini sotish uchun saralash, yo issiqxonamizda ekin ekish bilan mashg‘ul bo‘ladi.

Do‘stlarimga qo‘shilib, tamaki chekishni ham o‘rganib oldim. Agar otam bilib qolsalar, qattiq xafa bo‘ladilar. Ammo bu meni qiziqtirmaydi. Onamga qachon gul berganim yodimda yo‘q, ammo qizlarga har uchrashganimda turli xil sovg‘alar beraman. Ochig‘i, singillarimga oxirgi bor qachon shirin gapirganimni eslolmayman, lekin qizlarga biror marta yomon gapirmaganman. Bu iltifotlar o‘z qadrini topadi deb o‘ylayman, shekilli-da. Xullas, vaqtimni behudaga o‘tkazib yuribman.

Ammo ba’zida ichimda nimadir dod solib yuboradi. O‘ylab qolaman, bu holatda ketaversam, ertaga o‘qishni bitirgach, nima qilar ekanman? Qanday mutaxassis bo‘laman? Jon kuydirib dars berayotgan ustozlarimdan hech narsa o‘rganmadi. Tabiiyki, universitetni bitirgach, o‘zim ham dars berishimga to‘g‘ri keladi. Hech narsani bilmay turib, bolalarga nimani o‘rgataman, dangasalik, oliftalik, bekorchiliknimi? Jamiyatda savodsiz bolalar ko‘payishiga zamin yaratamanmi? O‘zimning vaqtimni o‘g‘irlaganim etmagandek, ularning ham qimmatli fursatlariga zomin bo‘lamanmi? Sinfdoshlarim, og‘aynilarim menga havas bilan qaraydi. Meni kelajagi porloq inson sanashadi. Nimaga? Chunki qishloqda “meni o‘g‘lim tarixchi, universitetda a’lo baholarga o‘qiyapti, xudo xohlasa yaxshi mutaxassis bo‘lib maktabimizga keladi”, deb ota-onam ko‘krak kerib yuradi. Meni bir savol qiynaydi: ota-onammning ishonchini oqlay olamanmi? Aslida, ro‘zg‘or tebratishni bugundan boshlashim, otam menga emas, men otamga pul yuborishim kerak. Qora qozonimiz qaynashiga o‘z hissamni qo‘shishim lozim. Yigirmadan oshyapman axir. Mening yoshimda ota-bobolarimiz butun bir davlatni, hokimiyatni boringki, oilasini boshqargan. Men-chi, men? O‘zimning dangasaligimni ham engolmayman. Xo‘sh, shu paytgacha nimani qoyillatib qo‘ydim? Ota-onamni qiynashdan, ularning puliga gerdayishdan boshqasiga yaraganim yo‘q-ku! Balki mazmunsiz hayotimga ma’no qo‘shishni, yaqinlarimning dilini xushnud qilish, jamiyatga kerakli mutaxassis bo‘lish uchun o‘qib o‘rganishni bugundan boshlarman...

Manba: www.students.uz