Tuvalu yohud .TV
.TV domen aslida kimga tegishli...

Agar Internetning oddiy foydalanuvchisidan Tuvalu mamlakati haqida nima bilishi va butun dunyo "o'rgimchak to'ri"dagi uning hissasi haqida so'rasangiz, tabiiyki, uning javobi faqat sukunat bo'ladi. Shunga qaramay, tajribaliroq foydalanuvchi albatta .tv domen nomi haqida eshitgan, ba'zilari esa bu nom avvaliga Tinch Ummoni o'rtasidagi kichkina bir davlatga tegishli bo'lganini ham bilishi mumkin.

Sayyoramizdagi har bir davlat internet-makonda o'zining ikki harfdan iborat kodiga ega, va bu kod ostidagi barcha domen nomlari shu mamlakatning mulki hisoblanadi. Tushunarli bo'lishi uchun misol keltiramiz: O'zbekistonda - bu .uz, Rossiyada - bu .ru, Frantsiyada - .fr, Yaponiyada - .jp va hokazo. Darvoqe, AQSh .us domen nomiga egalik qiladi, ammo amerikaliklar Internetda birinchilardan bo'lishgani uchun .com, .net, .org va shunga o'xshash xalqaro nomlarni ham o'zlashtirib olishgan.

Tuvaluning tarixini hikoya qilib o'tirmayman. Shuni aytishim mumkinki, bu juda ham qashshoq mamlakat bo'lib kelgan. U mustamlaka bo'lib, 1978 yilda mustaqillikka erishdi. O'zining maydoniga ko'ra Tuvalu sayyoramizning eng kichik mamlkatlari orasida Vatikan, Monako va Naurudan so'ng 4-o'rinda turadi. Tuvalu Buyuk Britaniyadan ozod bo'lganidan so'ng, mamlakatning asosiy daromadi pochta markalarini eksport qilishdan iborat bo'ldi. So'ngra Internet sharofati bilan hammasi o'zgarib ketdi. Tuvaluning qashshoq ahli boshiga ham nihoyat kun chiqdi. 1998 yili Kaliforniyaning internet-texnologiyalarga ixtisoslashgan Idealab kompaniyasi Tuvalu hukumatiga .tv domen nomidan 10 yil foydalanish huquqi uchun 50 mln dollar taklif etdi. Ma'lum bo'lishicha, domen ismlari taqsim qilinayotganda bu kichkina orolga kutilmaganda omad kulib boqqan - Internetning "Kattakonlari" Tuvaluga ikkita sehrli harfni - tv ni taqdim etishgan ekan.

Dunyodagi televizion kompaniyalar va televideniyaga aloqador tuzilmalar .tv domen nomini istashlarini oldindan sezib, Idealab korporatsiya .tv domenlarini ro'yxatga olishning eksklyuziv huquqini sotib oldi. Bu ro'yxatdan o'tkazish bilan maxsus tuzilgan dotTV kompaniyasi shug'ullanadi. Tuvalu buning evaziga dotTV aktsiyalarining 20% ini oladiki, bu keyingi o'n yil davomida yiliga to'rt million dollarni tashkil qiladi. Tuvalu o'zining domen nomini sotishidan olinadigan umumiy foyda, turli xil hisoblarga qaraganda, 50 mln ni tashkil qiladi.

Tuvalu aholisi internet bilan tanish emas, ulardan ko'pchiligi kompyuterni hayotida ham ko'rmagan. Shu sababli .tv virtual harflarini yo'qotish ular uchun uncha katta judolik emas. Idealab kompaniyasidan olingan millionlab dollarlar evaziga Tuvalu uchun endi baxtli zamonlar kelganga o'xshamoqda. Aholisi 11 ming kishidan oshmaydigan mittigina davlat o'zining moliyaviy holatini yaxshilab olish imkoniga ega bo'ldi. Endi u o'z fuqarolari uchun maktablar qurmoqda,yo'llar yotqizmoqda, aeroportini kengaytirmoqda.

Xullas, bir so'z bilan aytganda Internetda tv degan ikkita harf borasida qiziqarli holat vujudga kelgan. Darvoqe, dunyoda eng kamida o'nta o'z domen nomidan pulga foydalanishga ruxsat etadigan davlatlar mavjud. Masalan, Moldaviya - .md, Turkmaniston - .tm, Filipin - .ph, Tonga .to va boshqa bir qator davlatlar. Ularning nomlari ingliz tilidagi qisqartmalarga juda mos tushadi, ammo baribir Tuvaluga xammadan ham ko'p omad kulib boqdi. Hozirgi paytda 170,000 dan oshiq tashkilotlar o'zlarining saytlarini .tv hududida ro'yxatdan o'tkazishgan.

So'nggi so'z: o'tgan yili yanvarida COM, NET va ORG hududidagi eng yirik registrator VeriSign 45 million dollarga TV domenini boshqarish huquqi va .TV Corporation International (dotTV) kompaniyasini sotib oldi.

Maqola weblandiya.doira.uz saytidan olingan!