Ijtimoiy tarmoqlarga tobelikdan qutulish yo'llari
Har kuni tongda uyg'onib birinchi qiladigan ishingiz Facebook, Twitter yoki Telegramdagi akkauntingizni tekshirishmi? Bundan tashqari, uxlashdan oldin, ishda, darsda va boshqa yumushlar bilan shug'ullanayotganingizda bir oz bo'sh vaqt topildi deguncha telefoningizni qo'lingizga olasiz. Demak bu muammo sizni ham chetlab o'tmagan. Siz ijtimoiy tarmoqlar izmiga tushib qolgansiz. Agar bu tobelikdan qutulish va ko'proq vaqtingizni oila a'zolaringiz yoki qo'lingizda kitob bilan o'tkazishni istasangiz, quyidagi qadamlarni qo'yishdan boshlang.

1. O'z tobeligingizni tan oling. Hayotingizni virtual emas, reallikda mazmunliroq qilish uchun bu qusurdan qutilishingiz kerak.

2. Har safar tarmoqqa kirib yangilikdan xabardor bo'lish istagi tug'ilganda biroz to'xtab o'ylab ko'ring. Avvalo bu tarmoqqa nima sababdan qo'shilganingizni eslang, axir sayt sizga do'stlaringiz bilan aloqada bo'lish uchungina kerak.

3. Ijtimoiy tarmoqlarga bir kunda qancha vaqt sarflayotganingizni vijdonan hisoblab ko'ring. Keyin esa tarmoqdagi har bir faoliyatingiz uchun aniq vaqt belgilab jadval tuzing. Masalan, kelgan xatlarni o'qib ularga javob yozish uchun 15 daqiqa, profilingizni yangilash uchun 10 daqiqa...

4. Endi esa ushbu vaqt chegarasini buzmaslikka harakat qiling. Ijtimoiy tarmoq saytiga barcha zarur ishlaringizni bajarib bo'lgandan so'nggina kiring. 20 daqiqa "onlayn" bo'lib, keyin barcha ishlarimni bajaraman, deya o'zingizga va'da bera ko'rmang — bu yolg'on. Amin bo'lasizki, 2 soat o'tib ham internetdan bo'shay olmaysiz.

5. Keraksiz kishilarni do'stlaringiz ro'yxatidan o'chirib tashlang, axir kishilar soni qancha ko'p bo'lsa, xabarlar hajmi ham shuncha ortadi, "onlayn" vaqtingiz ham uzayaveradi. Siz yaxshi tanigan va haqiqatdan do'slaringiz deb bilganlaringiznigina qoldiring.

6. Agar muhim topshiriq olgan bo'lsangiz, chalg'imaslik uchun ijtimoiy tarmoqlaringiz faoliyatini vaqtincha to'xtatib turing.

7. Turli ijtimoi tarmoqlarga ketkazadigan vaqtingiz o'rniga qanchalik foydali ishlar bilan shug'ullanishngiz mumkinligi haqida o'ylab ko'ring. Uning o'rniga siz, yangi chet tilini yoki sport bilan shug'ullanishigiz, yangi taom reseptini o'rganishingiz, biron uy hayvoni boqishingiz, kitoblar o'qishingiz, qiziqarli hobbi bilan mashg'ul bo'lishingiz, boringki do'stlaringizni uyga taklif qilib virtual emas real muloqot qilishingiz mumkin.

8. Akkauntingizga 1kun, 3kun keyin esa 1 hafta kirmay ko'ring, bu yordam berishi kerak.

9. Har safar tarmoqqa kirish istagi tug'ilganda, o'zingizga qat'iyat bilan "yo'q!" deng.

10. Yuqorida sanab o'tilgan maslahatlar foyda bermasa, chuqur nafas oling va o'z akkauntingizni uzil-kesil o'chirib tashlang. Axir barcha qilayotgan harakatlaringiz o'z foydangiz uchundir.

Yodingizda bo'lsin — siz bu tobelikni enga olasiz!

Manba: www.maslahatim.uz