Terma jamoa "Bunyodkor"da o'ynamayapti
O'zbekistonda yangi stadion qurilganida uni jahon standartiga to'liq javob beradi deb bong uruvchi kishilar albatta topiladi. Jahon standarti deganda ular nimani tushunishlari doim qiziq bo'lib kelgan.

Hozircha yangi bo'lib turgan “Bunyodkor” arenasi bizdagi eng yaxshisi. Stadion maysasi bilan bog'liq muammolar kelib chiqavergani sababli, u muntazam faoliyat olib bormayotgandi. “Paxtakor” stadionidagi chimning sifati, unga qadar esa “MXSK” hamda “Jar” stadionlariga yotqizilgan gazon borasida salbiy fikrlar deyarli eshitmaganim uchun, “Bunyodkor” bilan bog'liq muammoga ob-havoni emas, shu ish bilan shug'ullangan kishilarni ko'proq aybdor deb bilganman, balki adashgandirman. Hozir gap bunda emas.

12 noyabr kuni O'zbekiston milliy terma jamoasi Toshkentda KXDRni qabul qiladi. O'yin “Paxtakor” stadionida o'tkaziladi. Nimaga asosan mana shu stadion tanlab olingani menga qorong'u. Avvaldan shunday qarorga kelingan deyilsa, stadionni yaxshirog'iga almashtirish uchun etarli vaqt bor edi. Va Yaman bilan o'yindan ko'p o'tmay, "Bunyodkor"ning o'zi shu stadionda bemalol o'yin o'tkazdi. Balki bosh murabbiy irim-sirimga ko'ra o'ziga qadrliroq bo'lgan arenada o'yin o'tkazishni ma'qul ko'rgandir degan faraz ham yo'q emas. Futbolchi va mutaxassislar bunday narsalarga jiddiy e'tiborda bo'lishadi.

“Paxtakor” stadioni nima bo'lgan taqdirda ham “Bunyodkor” bilan tenglasha olmaydi. Ikkinchisida muxlislar va futbolchilar uchun yaratilgan sharoitlar ancha yaxshi. Engil atletikachilar uchun yo'lkalarning yo'q ekanligi, tribunalarning katta qismi yog'ingarchilikdan to'silgani va umuman madaniy hordiq chiqarish sharoitlarning etarli ekanini yaxshi bilasiz.

“Paxtakor” stadionida yoritish moslamalari ham zamonaviy talablarga javob bermaydi. Teletranslyasiya sifatini yaxshilash uchun HD KTSlardan foydalanilsa, projektorlar masalasida muammolar ko'zga tashlanishi mumkin. “Paxtakor”da maydon markazigina 1200 lyuks bilan yoritiladi. Uning chekka qismlarida esa 700-800 lyuks yorug'likni ko'rish mumkin. HD kameralari kamida 1800 lyuksga mo'ljallangan bo'ladi. Hashar yo'li bilan qurilgan va keyinchalik rekonstruksiya qilingan stadiondagi translyasiya “Bunyodkor”dagisidan baribir farq qiladi.

Terma jamoaning jahon chempionatiga chiqishi uchun o'yinlarni qaysi stadionda o'tkazishning farqi yo'qku-ya, lekin futbol muxlislar uchun bo'lganidan keyin, yog'ingarchilik bo'lishi katta ehtimol bo'lgan kunlarda ishqibozlarni ham o'ylash balki kerakdir. Dunyoning rivojlangan mamlakatlarida zamonaviy stadionlar etarlicha va ular terma o'yinlarini turli stadionlarda o'tkazish imkoniyatiga egalar. Tenglashtirish balki erish tuyular, lekin hozir Angliyaga o'xshab ish tutganimiz balki yaxshiroqdir. Men terma o'yinlarining viloyatlarda ham o'tkazilishi tarafdoriman. Shunchaki hozir "Bunyodkor"dagi kabi stadionimiz boshqa yo'q. Va aytish kerakki, bosh jamoamizning qanday stadionda o'ynashini butun dunyo ko'radi.

P.S. Blogpost norozilik ruhida emas, shunchaki fikrni o'rtaga tashlash uchun yozildi. Balki men bexabar qolgan jihatlari bordir. Samvel Babayan milliy terma jamoa bilan ketma-ket 4 ta o'yinda zafar quchishini chin dildan istayman. Ammo o'zim stadion borasidagi irim-sirimlarga ishonmayman.

Manba: www.dioruz.blogspot.com