Telefon suvga tushib ketsa nima qilish lozim?
Albatta, birinchi o'rinda sarosimaga tushmaslik kerak. Tunu kun ajralmaydigan hamrohi ishdan chiqishi, telefon raqamlari va kerakli fayllar o'chib ketishidan kim ham tashvishlanmaydi? Ammo ortiqcha sarosima smartfoningizga zarar yetkazishi mumkin. “Bir soniyada ichiga suv kirarmidi”, degan shoshilinch xayolda apparatni yoqish yoki zaryadga ulashga aslo kirishmang! Bu telefon uchun o'nglab bo'lmas oqibatga olib keladi.

Quyida suvga tushib ketgan telefonni tiklash choralarini keltiramiz.

1. Avvalo, telefonni quvvatsizlantirish kerak. Apparatning batareyasini darhol chiqarib oling, buning iloji bo'lmasa Power tugmasini bosib tez o'chiring. Hech qachon telefonni yoqish, ayniqsa, tokka ulash kerak emas, hattoki, korpusi quruq bo'lganda ham. Suv tokni a'lo darajada o'tkazadi, mikroelektronik qurilmalarida esa tok liniyalari orasi shunchalik yaqinki, bir tomchi suv o'tkazgichlarning bir qanchasini qisqa tutashuvga olib kelishi mumkin. Suv tomchisi qurisa o'zidan oksid plyonka qoldiradi, u ham tokni o'tkazadi.

2. Tokni uzgach, apparatni quritishga kirishamiz. Biroq zinhor fen ishlata ko'rmang – u suvni ichkariga suradi va tor tirqishlardan suvni chiqarib tashlash yanada mushkullashadi xolos. Yaxshisi telefonni oddiy qog'oz salfetka bilan artish, akkumulyator bo'lmasini ochish hamda zaryadlagich va quloqlik ulagichlarini ko'zdan kechirish lozim. Quruq salfetka namni yaxshi shimadi. Kimdir isitkich ustida, boshqa birov quyosh nurida quritishni ma'qul ko'radi, bu usullar ham yaxshi, ammo vaqt talab qiladi. Duxovka yoki mikroto'lqinli pechda quritishni xayolingizga keltirmang, tajribali usta ham qayta tiklay olmaydigan ahvolga kelishi mumkin. Ustaga qancha tez eltsangiz, tuzalish ehtimoli shuncha ortadi.

3. Yuqorida keltirilgan tavsiyalarni bajardingiz, ammo yaqin-atrofdagi ustaxonaga eltishga vaqtingiz yo'q. Unda telefondagi namlikni batamom shimitib olish kerak. Korpusini ajratib, nam shimuvchi materialga yaxshilab o'rab qo'ying. Shimuvchi material sifatida oddiy salfetka, silikagel (poyabzal va texnika soladigan qutilardagi paketda bo'ladi) yoki Always Ultra kabi ayollarning vositalaridan foydalanish mumkin. Ushbu materiallar o'z og'irligidan o'n barobar ko'p suyuqlik shimadi. Darvoqe, bolalarning pampers tagligini ham ishlatsangiz bo'ladi.

Ayrimlar namni shimitish uchun guruch yoki turli yormalarni maslahat berishadi, ammo bu vositalarning nafi kam. Ba'zilar esa telefonni quritish o'rniga spirtga botirishni taklif etadi, go'yoki namni o'ziga tortib olarmish. Ammo dorixonada sotadigan tibbiy spirt 70 darajagacha bo'ladi, ya'ni 30 foizi suvdan iboratdir. Boringki, 96 foizli spirtingiz bo'lgan taqdirda ham u elektron qurilmangizni shikastlantirishini yodda tuting. Spirt displey yoritqichini (podsvetka) ishdan chiqaradi, mikrofon va fotoapparati ham zararlanadi. Aroqqa botirish esa umuman tavsiya qilinmaydi, chunki ichkilik nafaqat inson, texnikaga ham zarar keltirish ehtimoli katta.

4. Ammo suvga tushgan telefonni baribir ustaxonaga olib borishingiz lozim. Suv telefonga etkazgan zarar birmuncha qimmatga tushadi, ta'mirlash oson emas. Yaxshi tuzalmasa, quyidagicha asoratlari qoladi:

Telefonning zaryadi tez tugaydi. Muhim elementlarda oksid qolsa, qisqa tutashuv sodir bo'lib quvvatni “yeb qo'yadi”.

Zaryadlash yoki garnitura ulagichining kontakti sezgirligini yo'qotadi.

Dinamik va mikrofon faoliyatida uzilishlar tez-tez yuz beradi. Ushbu komponentlar kontaktida qolgan oksid plyonka risoladagidek ishlashiga xalaqit beradi.

Sxema kontaktlari uziladi. Bu namlikning eng og'ir oqibatidir. Kavsharlangan joylarida kontaktlar shikastlanishi natijasida mikrotok ta'siri bilan qalaylar uvalanadi. Atigi 20 sm balandlikdan tashlansa, plata tamom ishdan chiqishi mumkin. Agar ko'zga ilinadigan joyidagi nuqson bo'lsa, tajribali usta sozlay oladi. Mabodo mikroprosessorning ko'z ilg'amas kontaktlari buzilsa, apparatingiz bilan xayrlashavering: uni tuzatishning iloji yo'q, bo'lganda ham telefonning o'zidan-da qimmatga tushadi.

Darvoqe, eng birinchi maslahatimizni yodda tuting, ya'ni sarosimaga tushmang, hammasi yaxshi bo'ladi.

Manba: www.terabayt.uz