Smartfonni to'g'ri quvvatlashni bilasizmi?
Ko'pchilik smartfon yoki noutbukni o'zi bilganicha quvvatlantiradi. Biroq bu qurilmalarni quvvatlantirishning ma'lum tartib-qoidalari mavjudligini hamma ham bilavermaydi. Bundan boxabarlik esa apparatning “umri”ni uzaytiradi.

Keling, “Cadex Electronics” kompaniyasining to'g'ri quvvatlantirish borasidagi ba'zi maslahatlari bilan tanishamiz. Mazkur kompaniya quvvatlantirish qurilmalarini ishlab chiqarish, ularning sinovini tashkil etish, akkumulyatorlar tashxisi bilan shug'ullanadi.

Bundan tashqari kompaniya “Battery University” tadqiqot loyihasi tashkilotchilaridan biridir. Bu ta'limiy veb-loyiha bo'lib, akkumulyatorlardan to'g'ri va samarali foydalanish bo'yicha zaruriy ma'lumotlar, qo'llanmalar tayyorlashga mo'ljallangan.

Shunday qilib, kompaniya saytida yozilishicha, litiy-ionli batareyalar jiddiy e'tiborni talab etadi va quyidagicha quvvatlash qonun-qoidalari mavjud:

Smartfon batareyasi 100 foiz to'lganda, tarmoqqa ulangan holda qoldirmang!

Universitet mutaxassislarining fikricha, telefonni tarmoqqa ulangan holda qoldirish (ko'pincha tunda bunga yo'l qo'yish) qurilmaning akkumulyatoriga yomon ta'sir qiladi.

Smartfon batareyasining quvvati 100 foizga etganida tarmoqqa ulangan bo'lsa, akkumulyator mazkur darajani saqlash uchun kam miqdorda energiyani qabul qila boshlaydi. Bunday surunkali “tomchilab” quvvatlanish akkumulyatorning kuchli bosimda ishlashiga sabab bo'ladi. Qurilmadagi kimyoviy birikmalarni charchatadi, zo'riqishiga olib keladi.

Mutaxassislar bunday holatga shunday izoh berishdi:

“Telefon akkumulyatori butkul quvvatlanganda, uni tarmoqdan uzing. Bu huddi tanaga og'ir jismoniy mashqlardan keyin dam olish uchun imkon berishga o'xshaydi...”

Ha, bu chindan ham bir necha soatlik mehnatdan keyin tanamizda tug'iladigan dam olish ehtiyojiga o'xshaydi.

Noutbuk akkumulyatorini ham 100 foizga qadar quvvatlash kerak emas. Akkumulyatorning ideal quvvatlash darajasi 40 foizdan boshlanadi. Ya'ni noutbukning quvvati 40 foiz bo'lganda, tarmoqqa ulang va u shu holatda 80 foizga etguniga qadar tursin.

Bu batareyaning “umri”ni ko'p hollarda 4 marotabagacha uzaytiradi, deydi mutaxassislar.

Sabablarini litiy-polimer batareyalarining ishlash prinsiplariga bog'lashadi: har bir yachaykadagi bosim proporsional ravishda ortadi. Maksimal ko'rsatkichga etganda, quvvat olish ko'rsatkichlari tusha boshlaydi, akkumulyator charchaydi, qabul qilish tezligi susayadi.

“Battery University” tadqiqotlari natijalari bu holatni shunday tushuntiradi: Batareya quvati 100 foiz bo'lguncha o'rtacha 300-500 siklda ishlab chiqaradi, 70 foizga qadar esa bu ko'rsatkich 1200-2000 siklagacha ortishi mumkin.

Qolaversa, akkumulyatorning quvvatlanish amplitudasi doim ham bir tekis kechmasligi mumkin. Ish chog'ida sizda indikatorni doimiy nazorat qilish imkoni bo'lmaydi.

Bunday paytda “OS X” va “Windows” uchun doimiy nazorat qilishga yordam beruvchi ilovalarni izlash ham foyda bermaydi. Ayrim ishlab chiqaruvchilar noutbuklar uchun maxsus dasturiy mahsulotlarni o'rnatishga harakat qilishadi, biroq uning foydasi kam. Bunday sharoitda vaziyatdan chiqishning eng yaxshi usuli qurilmalarni quvvatlashning aytilgan darajasidagi tartibni yo'lga qo'yish.

Qizib ketishdan asrang!

Smartfon akkumulyatorlar juda ta'sirchan. Hatto Apple qurilmasini quvvatlashda ham qizib ketmasligi uchun g'ilofini yechib qo'yishni tavsiya qilishadi: “Agar siz quvvatlash vaqtida uning qizib ketayotganini sezsangiz, darhol g'ilofidan “ozod” qiling”.

Issiq ob-havoda yurganda ham uning isib ketishidan saqlashga harakat qiling.

Smartfonni ba'zi-ba'zida o'chirib turing!

Yuqori texnologiyali qurilmalarni ham goh-gohida “dam oldirish” to'g'ri amaliyot sanaladi. Mutaxassislar smartfonni tunda yoki ma'qul chog'larda o'chirib qo'yishni tavsiya qilishadi. Yoki haftasiga bir marotaba shunday qilish batareya “umri”ni uzaytiradi.

Manba: www.terabayt.uz