Smartfonni himoyalash
Kompyuter foydalanuvchisiga xavfsizlik bilan muammolar juda yaxshi ma'lum. Hammamizda antivirus dasturlari o'rnatilgan. "Begona" fleshkalarning zararsiz ekanligiga ishonch hosil qilish uchun egasidan qayta-qayta surishtirib, shundan keyingina ochamiz va maxsus asboblar yordamida qayta tekshirib ko'ramiz. Internetga chiqqanda esa kompyuter sog'lig'iga raxna solishi mumkin bo'lgan saytlarni chetlab o'tishga harakat qilamiz. Son-sanoqsiz, yangidan-yangi virus va troyanlar Butunjahon To'rida izg'ib yurar ekan, ulardan himoyalanish uchun antivirus bazalarini yangilab borishishimiz ham juda muhim.

Ammo, har kuni ko'tarib yuradiganimiz mobil qurilmalar-chi? Qo'l telefonlari, jumladan smartfonlar orqali Internet tarmog'iga chiqib, veb manbalari va xizmatlaridan foydalanish tobora ommalashib borar ekan, ularni xatarli unsurlardan himoya qilish zarurati ham oshib boraveradi. Ana shunday sharoitda McAfee kompaniyasining tavsiyalari bizga asqotadi. Bugun blogida chop etilgan ushbu tavsiyalar bilan sizni tanishtirib o'tmoqchimiz.

Ilova va uning noshiri haqida bilib oling. Biron dasturiy ilovani smartoningizga uklab olishdan oldin u haqda bildirilgan fikrlar (yoki taqrizlar)ni hamda berilgan baholarni o'rganib chiqing. Odatda yaxshi ilovalarning reytingi yuqori hamda foydalanuvchilari bildirilgan fikrlar ijobiy bo'ladi. Ilovani ishlab chiqqan dasturchi yoki kompaniyaning obro'siga ham e'tibor qarating. Ta'bir joiz bo'lsa, buni tunda o'zingizni xavf ostiga qo'yib tim-qorong'u joylardan emas, balki yaxshi yoritilgan ko'chalarda yurishga qiyoslasangiz bo'ladi.

Nufuzli ilova do'konlaridan foydalaning. Operatsion tizimni ishlab chiqqan kompaniyaning emas, balki uchinchi tomonga tegishli ilova do'konlaridan foydalanganingizda smartfoning dasturiy muhitiga jiddiy zarar yetkazuvchi ilovaga duch kelishingiz ehtimoli ortadi. Apple App Store va Android Market esa o'z rastalarida qo'yiladigan dasturlarning saviyasi va sifatiga jiddiy ahamiyat berishadi. Apple App Store'dagi dasturlarning deyarli 100% zararli unsurlardan xoli bo'lsa, Android Market'da ham keyingi vaqtda bu yo'nalishda ancha ishlar amalga oshirilmoqda.

Ruxsat ma'lumorlariga qarang. Ilovani yuklab olganingizdan so'ng, u Sizga telefon dasturiy muhitida nimalar qila olishi haqida izga ma'lumot beradi. Agar ilova kalendar, SMS va kontaktlaringiz ro'yxatini o'qiy olsa, demak xavotir olishingizga o'rin bor. Agar app'ning ruxsat ma'lumotlari Sizga shubhali ko'rinsa, ilovani o'rnatishdan oldin u haqda ko'proq bilib oling va bir qarorga keling.

Antivirus o'rnating. Mobil xavfsizlik dasturlari ilovalarning ruxsat ma'lumotlarini tekshirib chiqib, ularning nima qilayotganini aniqlaydi. Ilovaning qilayotgan ishlari foydalanuvchilarga ma'lum qilingan muddaolari bilan to'gri kelayaptimi? Agar to'g'ri kelmayotgan bo'lsa, maxsus oynacha chiqadi va ilovaning shubhali ekanligi aytiladi. Symantec kompaniyasining Norton antivirusi va Lookout kabi xavfsizlik dasturlari Android telefonlari uchun yaxshi variant.

Maqola infoteka.uz saytidan olingan!