Siz baxtlisiz!
Assalomu alaykum, aziz vatandosh. Balki siz ushbu saytning doimiy muxlisidirsiz, balki ilk marta bu saytga kirgandirsiz. Ammo nima bo'lganda ham mana shu saytni o'qib turganingiz bilan, dunyodagi baxtli insonlar qatorida ekanligingiz bilan sizni muborakbod etaman. Chunki siz Yaratgan ato etgan ko'rish, fikr yuritish qobiliyatiga egasiz, dunyodagi 781 milliondan ortiq o'qish-yozishni bilmaydiganlar orasida emassiz. Mana shuning o'zi bir baxt emasmi?

Ehtimol hozirgina nonushta qilib, so'ngra saytga kirgandirsiz, balki tushlik qilib bo'lgandirsiz, ehtimol kechki ovqatni tanovul qilarsiz. Siz baxtlisiz. Chunki ayni kunda dunyo bo'yicha ochlik azobiga duchor bo'lganlar soni 805 million nafar kishini tashkil etadi.

Saytni ishdan kelib, uyingizda yonboshlab olib ko'ryapsizmi? Yoki ertalab turib yangiliklarni o'qib o'tiribsizmi? Nima bo'lmasin, siz baribir uyingizdasiz. Ko'chada, ishda, safarda bo'lsangiz, uyingizga oshiqasiz. Siz baxtlisiz, chunki bugungi kunda dunyodagi 100 million kishi boshpanasiz, yashashga uyi yo'q.

Balki siz hali oila qurmagandirsiz, balki yaqinda turmush qurgandirsiz, balki qator farzandlarning ota-onasi yoki nabiralarning bobo-buvisidirsiz. Ha, ukaginam, “yaqinda farzandli bo'ldim” deysizmi. O'g'ilmi-qizmi? Umri bilan bergan bo'lsin. Tug'ilganligi haqida guvohnoma oldingizmi? Farzandingiz ham siz kabi baxtli. Zero bugungi kunda dunyo bo'yicha har yili 48 million chaqaloqqa tug'ilganligi haqida guvohnoma berilmaydi.

Labbay, singlim? “Qizim bu yil maktabga bordi” deysizmi? Siz-chi, aka? O'g'lingiz institutga o'qishga kirdimi? Tabriklayman. Farzandingizning maktabga borishi, maktabda ta'lim olishining o'zi bir baxt. Chunki dunyo bo'yicha 58 milliondan ortiq maktab yoshidagi bolalar ta'lim olish imkoniyatiga ega emaslar. O'lkamizda kuz fasli bo'lsa ham havo issiq. Balki chanqayotgandirsiz. Tomog'ingizni ho'llab olaqoling. Bir piyola choy iching yoki qaynatib sovitilgan suvdan ho'plang. Siz baxtlisiz. Ayni paytda dunyoda 884 million nafar inson toza suv tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Oqshom tushgani uchun chiroqni yoqdingizmi? Yoki tong otgani uchun o'chirdingizmi? Ehtimol televizorda serial boshlanishini kutib o'tirgandirsiz? Siz baxtlisiz. Chunki dunyo bo'yicha 1,3 milliard kishi elektr energiyasidan foydalanish imkoniyatiga ega emas.

Aziz yurtdoshim. Sizni turli raqamlar bilan bezdirib qo'ymadimmi? Men bu raqamlarni keltirish bilan “boshqalarning baxtsizligi bizning baxtimiz” demoqchimasman. Faqat “Birni ko'rib fikr qil...” maqoli bejizga emasligini ta'kidlamoqchiman.

Baxt tushunchasi mening fikrimcha sabr va shukr bilan yonma-yon yuradi. Iste'mol qilayotgan ne'matlarimiz uchun, ko'rayotgan va eshitayotganligimiz uchun, olayotgan har bir nafasimiz uchun Tangriga shukr qilishimiz, rizqimizga yarashasini olayotganimizning o'zi baxt emasmi.

Yuqoridagi satrlarni ikki, nari borsa besh daqiqa ichida o'qib bo'lgandirsiz. Ammo bir narsaga imonim komil, siz o'tgan besh daqiqa davomida hech narsadan xavotirlanmadingiz, qo'rquvdan yuragingizni hovuchlamadingiz, o'zingizni xotirjam his etdingiz. Sababi, yurtimizda Yaratganning ulug' ne'matlaridan biri bo'lmish tinchlik hukmron. Qirqqa yaqin mamlakatning 46 million nafardan ortiq fuqarosi urush olovidan qochib o'z vatanidan uzoqda, o'zga yurtlarda boshpana izlab yurgan paytda sizu biz o'z vatanimizda, oilamiz davrasidamiz. Tinchlik bo'lsagina ish tatiydi, orzu-havaslar ila yashaysiz, to'y-tomoshalar qilasiz. Shunday ekan, vatanimiz doimo tinch bo'lishini, osmonimiz musaffo bo'lishini, dasturxonimiz to'kin bo'lishini tilaylik. Sabr va shukr bilan yashasak, barchamiz orzu-istaklarimizga etamiz.

Manba: www.xabardor.uz