Simkarta kessa ham ustasi kesmasin
Aprel oyida ish yuzasidan Malayziyaga safarga bordim. Safar 11 kunga cho'zilishi munosabati bilan simkartaga ehtiyoj tug'ildi. Mehmonxonada internet ham qimmat. Bir sutkalik internetning puliga simkarta olib, 2 gigabaytlik internet yoqtirdim. 18 AQSh dollari to'ladim.

Telefonim Ayfonning beshinchisi. Ayfondoshlar biladilar, beshinchi avlod telefoniga nano sim qo'yilishi kerak. Qirilgur, juda ham kichkina bo'ladi. Yangi texnologiya. Lekin, yangiligi ham qolmadi. Chiqqaniga 1 yil bo'ldi.

Telefonimni ko'rdi-da, maxsus moslamada sim kartani Ayfonga moslab kesdi va o'rnatib berdi. “SELCOM”ga ulangandim. Hamma moslamalarini to'g'rilab berdi. Internet ham ishlay boshladi. Gaplashish uchun bir dunyo daqiqalar ham qo'shib berdi. Bu “SELCOM” ofisida emas, oddiy jaydari shoxobchada bo'layotgan voqea.

Bugun “Bilayn” ofisiga bordim.

“UCELL”ning internetidan qutulish maqsadida “Bilayn”ga ulandim. Ishxonada bilaynlashgan hamkasbim “Status” tarif rejasiga ulanishni maslahat berdi. Ergashdim. Statuschilarga jimjimador raqam berisharkan. Tanlashga erinadigan darajada ko'p. Axiyri bittasini tanladim.

Ayfonimni ko'rsatib menga nano sim kerakligini aytdim. Menga xizmat ko'rsatayotgan operator ham tez tushundi. Keyinchalik bilishimcha, bunday deganlar orasida birinchi emas ekanman. Yordam berolmadi. Uning aytishicha, “Bilayn”da shu kunlarda nano sim karta yo'q. Nariroqda sim kartalarni ayfonga moslab kesib beradigan ustani ko'rsatib yordam bergandek bo'ldi.

Norozi bo'ldim. Sababi men mijozman. Simkarta uchun pul to'ladim. Kompaniya meni kuzatayotganda telefonim ishlayotgan holda kuzatishi kerak. Chunki, men kompaniyaga shuning uchun kelganman. Operator qizning chiroyli tabassumi yoki choy ichish uchun emas. Mijozga xizmat ko'rsatish tugatilmayapti bu erda. Demak, iste'molchining huquqlari buzilayapti. 1 oydan beri nano simkartalar yo'qligi bilan mening ishim yo'q. Bu kompaniyaning muammosi. Chunki, bunday holatlar tabiiy va hisobga olinishi shart. Agar indamasang, kompaniyada qandaydir kompyuter ishlamay qolganini ham ro'kach qilib, ikki qo'lingni bo'sh qaytarishadi.

Supermarketdan guruch sotib olsam, uni qo'limda hovuchlab olib ketmayman. Supermarket guruch va shu kabi mahsulotlar uchun paketlarni g'amlab qo'ygan bo'ladi. Sotuvchi guruchni paketga solib berishi, agar og'irlik qilsa paketni ikki qavat qilib berishi kerak.

Shularni o'ylab operator qiz ko'rsatgan ustaning oldiga keldim.

Usta dedi: “Sizga simkartani qanday kesish kerak? “Malika”dagidekmi yoki chiroyli qilib?” (“Malika” kiyim fabrikasiga ko'chgan elektron vositalar sotiladigan do'konlar deyilmoqchi — muallif).

Usta uchun “Bilayn” ofisining to'ridan operatorlarnikidan kam bo'lmagan joy qilib berilgan. Demak, usta o'zidan o'zi kirib olmagan. Kompaniya taklif qilgan. Mijozlarga qo'shimcha, buning ustiga pullik xizmat ko'rsatish uchun kompaniya o'z ofisidan joy ajratgan.

Ustamizning savolini tushunmay, indamay qarab turaverdim. Davom etdi: “Malika”dagidek kesiladigan bo'lsa 10 ming, silliq qilib kesiladigan bo'lsa 25 ming so'm bo'ladi”.

Ko'zimni olaytirdim. To'g'rirog'i o'zi olayib ketdi. 10 ming so'm? 25 ming so'm? Silliq qilib kesding nimayu, “Malika”dagidek kesding nima? Ishlasa bo'ldiku. Tushunolmadim.

Modomiki, nano sim karta yo'q ekan, unda xizmat ko'rsatish chala bo'lmasligi uchun kompaniya o'sha ustaga maosh belgilab, muammoni hal qilishi mumkinmidi? Mijoz ham simkartasini kestirib, rozi bo'lib ketadi. Ustada ham belgilangan maosh bor. Kompaniyaning ham imidji yanada oshadi. Yo'q, bu erda ham mijoz jabr ko'rishi kerak. Xizmatning chala qolib ketgan qismiga nega men alohida pul to'lashim kerak?

O'sha “Malika”da ham simkartani nari borsa 2 yoki 3 mingga, insofli sotuvchi bo'lsa, tekinga kesib beradi. O'zim guvohman. «Bilayn»dagi usta nimaga asoslanib bunday narx qo'ygan? Shularni o'ylab ishga keldim. Qaychini olib, simkartani o'zim kesdim. Telefonga qo'ydim. Ishladi.

Gugldan sim karta kesadigan moslama narxini bilmoqchi bo'lib, ochib qaradim. So'kinib yubordim, ishonasizmi? Mashhur onlayn savdo sayti Amazon.Com da Ayfon 5ga sim karta kesadigan moslama bor yo'g'i 3,31 (uch dollar o'ttiz bir sent) AQSh dollari turibdi: Manba

Xullas, ishlashmayapti. Yoki ishlashni istashmayapti. Ishlari ham bo'lmayapti. 10 milliondan oshiq abonenti bor “Bilayn”ning Toshkent qoq markazida joylashgan bosh ofisida.

Sanjar Rizayev.