Qilmish-qidirmish
Qishloqda gap tez tarqaladi: emishki, baqqol tarozidan urib qolib, odamlarni aldayotgan ekan. Hammasi novvoyning qishloq qozisi oldiga shakar sotuvchi savdogar ustidan shikoyat qilib borishidan boshlandi.

“Men undan pishiriq uchun har kuni 500 gramm shakar sotib olaman. Odatimga ko'ra, undan olgan shakarni ishlatishdan oldin taroziga tortdim. Ne ko'z bilan ko'rayki, muttaham savdogar menga sotgan qadoqda 500 emas, 450 gramm shakar bor ekan. Bilasiz, pishiriqning mazali chiqishi uchun masalliq me'yorida bo'lishi kerak. Ammo u har gal shuncha shakar urib qolsa, men xonavayron bo'laman. Sizning oldingizga adolat istab keldim”, — dedi jabrdiyda novvoy umidvor ko'zlarini qoziga tikkanicha.

Ko'p o'tmasdan nozirlar shakar sotuvchi baqqolni topib keldilar. O'ziga qo'yilgan ayblovni eshitgan savdogar avvaliga shoshib qoldi. Bir fursat o'tib xotirjamlik bilan gap boshladi.

“Oqil qozi janoblari, o'sha kuni odatimga ko'ra novvoydan tushlik uchun non olib, do'konga borgan edim. Aftidan, bolalar tarozini o'ynashgan ko'rinadi, uning 500 grammli toshini hech qaerdan topa olmadim. Noiloj tarozining boshqa pallasiga novvoy 500 gramm deb sotadigan o'sha nonni qo'yib, bir necha qadoq shakar o'lchashga majbur bo'lgan edim. Ammo, bu holat faqat o'sha kuni sodir bo'ldi. Ehtimol, novvoy olgan shakar ham o'sha kungi qadoqdandir”.

Qozi bir oz o'yga cho'mgach, novvoyning do'konidan bir nechta non keltirishlarini buyurdi. Keltirilgan nonlar o'lchab ko'rilganida ularning barchasi me'yoridan 50 gramm yengil ekani ma'lum bo'ldi.

Qallob novvoy uyatdan qishloqdoshlari qarshisida mulzam bo'ldi. Qozi ma'naviy zarar yetkazgani uchun novvoyning shakar sotuvchi savdogarga badal puli to'lab berishi to'g'risida qaror chiqaribdi.

Manba: www.tafsilot.uz