Telekanallar pulli bo'lishi kerakmi?
“Facebook”da “UzReport” telekanali Ispaniya chempionatini namoyish qilish huquqini sotib olgani haqida yozdim. Unda UzReport telekanalini texnik imkoniyat paydo bo'lishi bilanoq pullik kanalga aylantirish kerakligi haqida yozdim. Shu zahotiyoq bir do'stimiz shaxsiy xabar orqali, nima uchun pullik qilish kerakligiyu, man xalq dushmani ekanligim haqida yozdi. Men hozir nima uchun pullik qilish kerakligini asoslab beraman.

Biz kommunizmdan chiqib boshlaganimizga roppa-rosa 25 yil bo'ldi. Endi davlat o'ziga iqtisodiy daromad olib kelmaydigan sohaga yoki ijtimoiy katta ahamiyatga ega bo'lmagan sohaga katta miqdorda byudjet ajratmaydi. Shu uchun hamki Davlat televideniyasiga qarashli Sport telekanali biror bir musobaqani translyasiya qilish huquqini rasman sotib olgani yo'q. Ilgari telekanal boshqa arab kanallaridan o'g'irlab o'yinlarni namoyish qilardi. Keyinchalik, tashqaridan bosim evaziga bunga ham yakun yasaldi.

Biroz muddat o'tib Angliya chempionati va Yevropa chempionlar ligasining O'zbekiston hududi uchun translyasiya huquqini “UzReport” telekanali sotib oldi. “UzReport” bir joyda qotib qolmasdan rasman O'zbekiston uchun futbol bo'yicha Evropa chempionatining translyasiya huquqini ham xarid qildi va uchrashuvlarni rasman olib berdi.

Mening bilishim bo'yicha “UzReport” telekanali xususiy kanal hisoblanib, yaxshiyamki, davlatga tegishli emas. Erkin iqtisodiyotning qonuni, agarki tadbirkor biror nimaga pul tiksa, albatta, undan foyda olishi kerak.

O'ylaymanki, Angliya chempionati, Ispaniya chempionati va Yevropa chempionlar ligasining translyasiya huquqi bir necha million evro atrofida turadi. Endi, ushbu translyasiya huquqini bir necha million evroga (taxminan, 3-4 million) sotib olgan telekanaldan investorlarning ilk talabi ushbu summani topib, yana foyda olib kelish bo'ladi. Mamlakatdagi reklama bozorini yaxshi bilganligim uchun shuni aytishim mumkinki, hozirgi holatda reklama orqali bizda bir yilda 4-5 million atrofida daromad olish imkonsiz.

Demak, oldinda ikki yo'l bor. Futbolning translyasiya huquqini sotib olgan investorlar kerakli summani olisholmaydi va keyingi yili futbol uchun xarajat qilishmaydi yoki savob uchun ishlashga to'g'ri keladi.

Ikkinchi yo'l bo'lsa, telekanal pulli qilib qo'yiladi va “UzReport” telekanalini ko'rish uchun mijoz, ya'ni xalq oylik abonent to'lovi to'laydi. Bu tizimni UzDigital yoki kabel studiyalari orqali amalga oshirsa bo'ladi. Faqat, viloyatlarda hozircha bu tizim yo'q va bilishim bo'yicha, 2018-yildan UzDigital kompaniyasi viloyatlarda ham pullik to'lov asosida o'z xizmatlarini ko'rsata boshlaydi.

Demak, hozirgi holatda telekanalning pullik bo'lishi reallikka juda yaqin va futbol muxlislari arzon narxda futbol o'yinlarini kuzatib borishi uchun yagona to'g'ri yo'l shu.

Aytgancha, butun dunyoda futbol kanallari pullik hisoblanadi, Rossiya, Ukraina, Evropa, qo'shni Qozog'iston, barcha mamlakatlarda futbol ko'rish uchun pul to'lash kerak va yaqin kelajakda bizda ham shunaqa holat bo'ladi.

PS: Bozor tilida aytadigan bo'lsak, men, masalan, bir kafeni bir necha million so'mga ijaraga oldim, uni ishlatish uchun jamoa yo'lladim, pul xarajat qildim kafening ishlashi uchun.

Mening birinchi tashvishim xarajatimni qoplab ushbu kafedan foyda ko'rish bo'ladi, savob olib zararga ishlash emas. Natijada kafedagi taomlarga va xizmatga hamma xarajatlarni qoplab, menga qo'shimcha daromad olib keladigan narx belgilayman. Nima derdi? Ha, bozor iqtisodiyoti...

Manba: www.terabayt.uz