Pulga sig'inasizmi?
Pulni nimaga qiyoslash mumkin? Zo'r narsagami? Shunchalik zo'r narsagaki, qancha ko'p bo'lsa, shuncha kam tuyuladi, to'g'rimi? Pul – shirinlikka o'xshaydi-a? Egan sari egingiz kelaveradi. Pul – issiq kunda muzdek suvda cho'milishdek mazza emasmi? Bir tushib oldingizmi, aslo chiqqingiz kelmaydi. Pul, bu – go'yo ajoyib kuy, yangrayversa, yangrayversa… tugamasa. Yo'q, bu ham kam. Pulni tom ma'noda his qilish uchun qo'lingizga eng mazali shirinlikni olib issiq kunda muzdek suvda cho'milgani borsan-gizu, qulog'ingiz ostida ajoyib kuy jaranglab tursa va … shu ishlaringiz uchun sizga pul to'lashsa! Mana shu sal haqiqatga yaqinroq, topdim-a?

Balki bu borada mening so'zga chechanligim ham pand bergandir. Balki siz pulni biron bir boshqa lazzatga qiyoslashda mendan orttirib gapira olarsiz. Ajablanmayman, chunki pul duduqni shoir qilib yuborishi, qo'rqoqni botirga aylantirishi, xullas, chinakam mo''jiza ko'rsatishi rost! Shunaqamikan?

Odammiz-da, pulga hecham to'ymaymiz. 100 so'm ushlasak 1000 so'mni, ming so'm ushlasak 10 mingni, o'n ming topganimizda yuz mingni, millionni orzu qilamiz. O'sha bitta nol bizning hayotimizni yaxshilab yuboradigandek tuyuladi. Lekin o'sha bitta nolni amallab qo'shganimizda ham qanoat hosil qilmaymiz, nollarning keyingisi bizga baribir uyqu bermaydi, tushlarimizga kirib chiqaveradi.

Yaxshi yashash yaxshi, ammo buni biz o'ylagandek o'sha orqadagi nollar hal qilarmikan?! Hammamiz yaxshi bilamiz – nollar ko'paygani sayin ko'payishini istayveramiz va ishonavering, bu cheksiz davom etadi! Nega? Nima bizni shu ahvolga solib qo'ygan?

Amerikaliklar hisoblab chiqishibdi: TV ko'rish oddiy fuqaro uchun soatiga 208 dollarga to'g'ri kelar ekan. Tushunmadingizmi? Eshiting – u sizni tarbiyalaydi. Shunaqa tarbiyalaydiki, xarajatingiz ko'payadi.

TV reklama qilayotgan "Nike" krossovkalarini kiygingiz kela boshlaydi, qorningiz ochqaganda "Snickers" eyishni xohlab qolasiz, sochingiz "Palmolive"dan boshqasida yaxshi yuvilmayotgandek tuyuladi, "Colgate" olmasangiz tishingiz qorayib keta boshlaydi, uyingizga Alutex romlari o'rnatish istagi tug'iladi va dam olish kunlari birbaloxon yoki birbalobeklarning konsertiga borish uchun oila a'zolaringizdan buyurtma olasiz, xullas, bularni ro'yobga chiqarish uchun o'zidan ham nomi ko'payib ketgan lotoreya biletlaridan birini sotib olasiz.

O'sha amerikaliklarni chaqirish kerak, hisoblab ko'rishsin – bizda xoynahoy 208 dollardan ham ko'p ketsa kerak TVning ta'siriga. Rost-da, reklamalar bilan birga jaranglayotgan "Sen bunga haqlisan!", "O'zingni erkin his et!" kabi ajoyib jumlalar sodda qilib aytganda "bo'lmasa odammassan!" degan ma'noni anglatadi axir! "Pul daraxtda o'sadi" deb o'ylaydigan bolalarimizda nima ayb, o'sha "Snickers"ni olib bering deb turib oladi, vassalom! Beshta odamni to'ydiradigan nonning puliga tishining kovagiga ham yuq bo'lmaydigan "yong'oqlik shokolad"ni olib berasiz! Boshqa ilojingiz yo'q!

Yaxshisi, pulni mensimaslik kerak. Menga qarshi fikr bildirishdan oldin, pul sarflab sotib traffigingizdan unumli foydalaning – maqolani oxirigacha yaxshilab o'qing! Tanishlarim meni tanqid qilishadi. Ammo qo'limda pul ushlashga nimagadir hech o'rgana olmadim. Endi-endi gazetada ishlay boshlaganimda ishga ko'pincha taksida bordim, chunki uyquchiligim pand berib doim kech qolardim. Ishdan qaytishda ham yana taksi tutardim, chunki charchab, metroga borishga holim qolmasdi yoki tungi navbatchiliklardan keyin metroga ko'pincha ulgurmasdim. Natijada oladigan oyligim taksi xarajatlarini qoplashga ham etmasdi. Kulgili-a? Lekin ochdan o'lganim yo'q. Boshqa daromadim bo'lmasa ham, rizqim to'xtab qolganini sezmadim.

Menga qolsa pulni yaxshi narsalarga emas, yomon narsalarga qiyoslash kerak. Eng yaxshi qiyos – boshog'riq. Shunaqa boshog'riqki, yomon narsadan qo'rqqandek qo'rqaman puldan. Nolimayman, pulim ko'paygan vaqtlar bo'ldi, juda ko'paygan vaqtlar ham bo'ldi. Ammo ularni hisoblashni, ularni tartibga solishni hecham eplolmadim. Uzuun, tushunarsiz soha bo'lib ko'rinaverdi menga bu pul masalasi. Bejiz Qur'ondagi eng uzun oyat ham pul oldi-berdisi haqida bo'lmasa kerak, deb o'ylab qolaman.

Kattalar "pulni topish oson, sarflash qiyin" deyishsa tushunmasdim. Chindan ham, pulni topish oson, shu topilgan pulni hamma narsaga etadigan qilib sarflash qiyin ekanini kechroq tushundim. Ammo tushunganimdan afsusdaman. Tushunmasam ham "o'zi kelar yor yor, o'zi ketar yor yor" bo'lib turgandi binoyidek.

Pul haqida shunaqa ko'p kitob yozilganki, ushbu maqolani tayyorlash jarayonida bunga qiziqib, yana boshlarim og'rib ketdi. O'sha kitoblarni yozgan odamlar ham kambag'allikda o'tib ketishganini o'qiganimda esa, hammasidan hafsalam pir bo'ldi. Eng jahlimni chiqargani – g'arbdagi "Pul dini" degan tushuncha va pulga sig'inuvchilar toifasi shakllangani.

Rivoyatlarga qaraganda, qadimgi Misrda ilohning haykali yordamida hamma ish oson bajarilgan, ilohning haykalini ko'tarib olib borgan odamga xohlagan narsasi in'om qilingan va u minnatdorchilik tariqasida "Siz ilohga xolis xizmat qildingiz" deb xizmat ko'rsatgan tomonga haykalni in'om qilgan ekan. Endi xuddi shu jumlani "ilohning haykali" o'rniga "pul" so'zini qo'yib boshqatdan o'qing. "Qadimgi Misr"ni "bugungi kun"ga almashtiring. "Rivoyatlarga qaraganda" degan so'zni esa olib tashlang! Chunki bu endi rivoyat emas, ayni haqiqat!

"Pul, bu – din!" deb yozilgan kitoblar ham yolg'onchi emas. Mana, ulardagi jumlalardan birini o'qib ko'ring: "Pulga sig'inish hozir dunyoda eng ko'p tarqalgan din, uning a'zolari musulmonlardan ham, nasroniylardan ham ko'p. Bu dinning ibodatxonasi — bozor, imomlari — bank xodimlari, bayramlari esa — oylik beriladigan kunlar!"

"Men u din vakili emasman!" deyishdan avval quyidagi voqeaga e'tibor berishingizni xohlardim:

Bir kishi namozda diqqatini yig'a olmasligidan nolib imomlardan biriga savol beribdi: "Namozda xayolim chalg'ib ketaveradi. Ko'p adashaman, necha rakaat bo'lgani, qaysi sura o'qiganim esimdan chiqib qolaveradi. Nima qilay, men o'zi shunaqaman-ku!". Imom savolga savol bilan javob beribdi: "Pul sanaganingda ham xayoling chalg'ib adashib ketaverasanmi?" O'sha odamning o'rniga o'zingizni qo'yib ko'ring-da, endi "pulni nimaga qiyoslash mumkin" degan savolga boshqatdan javob bering. Keyin qizil qalam oling-da, maqolaning boshidagi gaplarimni o'chirib tashlang. Chunki pul tepadagi qiyoslarga aslo arzimaydi!

Manba: www.e-bozor.uz