Piyoda, umring bo'lsin ziyoda
Deyarli har kuni qoida buzgani natijasida falon pul to'lagan haydovchining zorlanib gapirganini eshitib qolamiz. Bu haqda maxsus ko'rsatuvlar ham bor. Darhaqiqat, haydovchilar orasida yo'l qoidalarini buzish holati tez-tez uchrab turadi. Ammo piyodalar haqida juda kam gapiramiz. Xuddi qoida buzishga ularning haqqi bordek. Panjaradan oshib o'tgan yoki ruxsat berilmagan joydan o'tgan piyodaning jarima to'lagani haqida shaxsan men eshitmaganman.

Ilgari mashinalar bunchalik ko'p emasdi. O'z-o'zidan piyodalar o'tishi uchun mo'ljallangan maxsus yo'lak(zebra)lar ham hozirgidek ko'p emasdi. Hozir mashina ko'p, piyodalar yo'lagi ham.

Qoidaga binoan, piyoda maxsus yo'lakka qadam qo'ysa mashina to'xtashi shart. Mabodo haydovchi to'xtab, piyodani o'tkazib yubormasa yaqin atrofda YPX xodimi turgan bo'lsa albatta unga chora ko'radi.

Bir paytlar hatto svetaforlarda ham chap yoki o'ng tomonga burilayotgan mashinalar ham uncha-bunchaga to'xtab yo'l bermasdi. Hozir zebrada ham deyarli hamma to'xtaydi, piyodalarni o'tkazib yuboradi.

Gaplarim quruq bo'lmasligi uchun o'z hayotimdan ba'zi misollarni hikoya qilmoqchiman.

Nukus ko'chasiga burilayotgandim. Piyoda qadam qo'ydi. Uni o'tkazib yuborish men uchun avvalo insoniylik talabi. Fuqarolik talabi ikkinchi darajada. Lekin har bir odamda insof bo'lishi kerak-ku. Xullas, piyoda bir qiz edi. Yoshi katta emas. Maksimal darajada sekin yuryapti. Men biroz shoshilayotgandim. Jahlim chiqa boshladi. U menga bepisand nazar tashladi. Nigohida “sen to'xtab meni o'tkazib yuborishga majbursan” degan iddao bor edi.

Oradan o'n minut o'tgani yo'q. Yana to'xtashga to'g'ri keldi. Yoshi 60 dan oshgan onaxon yugurib o'ta boshladi. Ichimda sekinroq o'tsa ham bo'ladi-ku degan o'y o'tdi. Ikkala piyodani solishtirdim. U yosh, bu qari. U o'zining ham, mening ham vaqtimni o'g'irlayapti. Bunisi esa aksincha.

Yana Nukus ko'chasiga buriladigan joy. Ikki tarafdan ham yigitlar zebraga qadam qo'ydi. To'xtadim. Ishonsangiz, yo'lning o'rtasiga kelganda ikkalasi quchoqlashib ko'rishdi. O'sha erda bir-biridan hol-ahvol so'ray boshladi. Bu orada asosiy yo'ldagilarga yashil chiroq yonib, ular harakatga keldi. Yigitlarning hali-beri qimirlash niyati yo'q. Signal chaldim. Hartugul, yurib ketishdi.

Asosiy yo'lga burilmoqchi bo'lib svetaforning yashil chirog'ini kutib turgandim. Yo'l ochildi. Piyodalar yo'lagiga bir qiz qadam bosdi. Qo'lida telefon, qulog'ida naushnik. Telefonidan ko'z uzmaydi. Bir payt yo'lning o'rtasiga kelganda telefonga qarab to'xtab qoldi. Nimadir qiziq narsa e'tiborini tortgani aniq. Signal chaldim. Qulog'idagi naushnik signalni eshitishiga yo'l qo'ymadi. Yonimda mashina qattiqroq signal chalgandi, anavi qiz cho'chib tushdi. Bizga norozi qiyofada qarab qo'ydi.

Ikki oycha oldin do'stim Baxtiyor Ahmad bilan Mirobod bozoriga bordik. Bozor ikkalamizning ham uyimizga yaqin. Qaytishda yo'lni kesib o'tayotgandik. Men tez yurib ketdim. Baxtiyor "mashina olganingdan beri tez o'tadigan bo'lib qolibsanmi" dedi. "Mashinada o'tirib, mening o'tib ketishimni kutib turgan haydovchilarning holatini tushunganim uchun ham tez yurib o'tdim" deb davob berdim.

Endi boshqa toifa haqida. Ular besh metr narida piyodalar o'tish yo'lagi bo'lishiga qaramay, ruxsat etilmagan joydan yo'lni kesib o'tadi. Hayotini xavf ostida qoldiradi. Bu harakati natijasida qaysidir haydovchi unin hayotiga zomin bo'lib, bir umr vijdon azobida o'tishi mumkin-ku.

Feysbukdagi "Voditeli Tashkenta" guruhida bir kuni savol berishdi: “ruxsat etilmagan joydan o'tayotgan odamga yo'l berasizmi?” Men mazkur savolga "yo'q" deb javob berdim. Yo'l bermayman ham.

Yaqinda tanishim aytib qoldi, katta tezlikda ketayotgan mashina yo'liga odam chiqib qolibdi. Haydovchi piyodani urib yubormaslik uchun rulni chap tomonga buradi. Natijada yon polosada kelayotgan mashina bilan to'qnashib, yo'l harakati hodisasi sodir bo'ladi. Mazkur avariya natijasida ikkita odam hayotdan ko'z yumgan...

Har birimiz ko'chaga chiqar ekanmiz, uyimizga, oilamiz bag'riga sog'-salomat etib olishni xohlaymiz. Xotirjam, ko'ngil xira bo'lmay yurish tarafdorimiz. Shunday ekan, o'zimizni ham, boshqalarni ham asraylik.

Men bu postim bilan hamma haydovchilar oppoq, piyodalar tinmay qoida buzadi demoqchi emasman. Hatto piyodalar o'tish yo'lagidan o'tayotgan odamni urib, umriga zomin bo'lgan haydovchilar haqida ko'p eshityapmiz. Bu mavzuda ko'p gapirilgan. Piyodalar masalasida esa kam chiqish qilindi chamamda.

Hurmatli yoshi 30 gacha bo'lgan, "yoshlar" turkumiga kiruvchi insonlar! Agar kasal bo'lmasangiz, qo'lingizda og'ir yuk bo'lmasa, piyodalar yo'lakchasidan o'tayotganda salgina tezroq yuring. Balki sizni o'tkazib yuborish maqsadida to'xtagan haydovchi juda ham shoshayotgandir.

Hurmatli piyodalar! Qonun hammaga bir! Mashinalar ruxsat berilmagan joyda yurishi qonun buzilishi bo'lsa, sizning ruxsat berilmagan joydan o'tishingiz ham qonun buzilishi hisoblanadi. Qonunni buzmang, hayotingizni xavf ostida qoldirmang.

Inson avvalo o'zini ehtiyot qilishi kerak. Shunda u atrofdagilarni ham asrashga harakat qiladi. Salomat bo'ling.

Manba: www.telegraf.uz