Eng ovsar talonchilar
Biror jinoyatni ko‘zlagan shaxs, albatta, qo‘lga tushmaslik yoki jazodan qutulib qolish choralarini ham o‘ylaydi. Lekin ular orasida ovsarlari ham bo‘lishini ko‘pchilik bilmasa kerak. AQShda sodir etilgan ana shunday qiziq jinoiy holatlar bilan bog‘liq voqealardan ayrimlarini “byaki.net” sayti e`lon qildi.

1995-yilda Kaliforniyada bir uy talonchisini o‘ta g‘ayritabiiy sabab bilan qo‘lga olishga muvaffaq bo‘lishgan. Anchadan beri tutqich bermay kelayotgan bu usta jinoyatchi navbatdagi uyga derazadan kirayotib, oynani va romni sindirib qo‘ygan. Shunda vijdoni qiynalganidan, talonchilik uchun uyga kirmasdan, derazani ta’mirlatish uchun tokchada 50 dollar pul qo‘yib ketgan. Buyam yetmaganday, xat qoldirgan: "Agar pul ta’mirga yetmay qolsa, meni mana shu paytda falon joydan topishingiz mumkin". Voqea qanday davom etganini o‘zingiz bilsangiz kerak...

Agar uyga yetib olishga pulingiz bo‘lmasa nima qilasiz? Nyu-Jersi shtatidagi bir kishi buning uchun avtobusni olib qochgan. Tag‘in u avtobusni o‘sha belgilangan yo‘nalish bo‘ylab haydagan, barcha bekatlarda to‘xtab o‘tgan. Yo‘lovchilardan olgan yo‘lkira haqlariga xiyonat qilmay, pullarini avtobus kassasiga qo‘ygan. Uyiga yetib olgach avtobusdan tushib, kirib ketganligi sababli, uni topish qiyin bo‘lmagan.

Tungi bardan og‘ir bir musiqa avtomatini o‘marib chiqqan ikki o‘spirin, "o‘lja"ni mashinalariga ortishga sal qiynalishgan. Shunda ulardan biri yonlaridan o‘tib ketayotgan bir avtomobilni to‘xtatib, haydovchidan yordam so‘ragan. Buni qarangki, u to‘xtatgan mashina politsiya avtomobili ekan...

Yana bir talonchi mashina bilan kelib, yoqilg‘i quyish shoxobchasini talagan, ammo avtomobilining bakini to‘ldirmagan. Natijada shoxobchadan ko‘pam uzoqlashmay, avtomobilining yoqilg‘isi tugab, o‘chib qolgan. Politsiya uni topishga hecham qiynalmagan.

Eng g‘alati talonchilardan biri – Shon Uilou kichik shaharchadan Nyu-Yorkka kelib, kvartiralarni tunashga ahd qildi. Ammo katta shahardagi binolardagi kvartiralar ham ko‘p xonali, buning ustiga katta va murakkab tuzilishga ega ekanligini u hisobga olmagan ekan. Signalizatsiyani o‘chirib, «ish»ini tugatgach, u kvartiradan chiqish yo‘lini topolmay adashib qoldi. Aytish kerakki, uni qo‘lga olishga kelgan politsiyachilar ham uydan chiqib ketishga sal qiynalishgan.

Manba: www.students.uz