Noutbugim uzoq umr ko'rsin desangiz
Buzilgan noutbukni ta'mirlash sertashvish va serxarj yumushligini bugun deyarli ko'pchilik yaxshi biladi. Kompyuter – temir, uning joni yo'q, bir qarashda binoyidek ishlab turgani bilan, sal o'tmay "miq etmay" qolishi hech gap emas. Sabablar ko'p – noto'g'ri foydalanish, chang-g'ubor, viruslar… Nozik qurilma emasmi, salgina ehtiyotsizlik ham uni ishdan chiqarishi hech gap emas.

Noutbuk umrini uzaytirish va uni turli ko'ngilsizliklardan asrash aslida qiyin ish emas. Buning uchun ayrim oddiy qoidalarga rioya qilinsa bas.

1) Dastlab noutbuk akkumulyatori to'liq quvvatsizlantiriladi va bu zaryadlantirish/zaryadsizlantirish bir necha marta amalga oshiriladi. Zaryadlash qurilmasini ulashda uni avval noutbukka, keyin elektr tarmog'iga ulang. Barqaror bo'lmagan tarmoqlarga ulanishda ehtiyot bo'ling, ko'ngilsizliklarga yo'l qo'ymaslik uchun maxsus filtrlardan foydalanganingiz ma'qul.

2) Noutbukni ochishda hushyor bo'ling (ekran-qopqoqni ikki tomonidan yoki o'rtasidan ushlab ochish to'g'ri hisoblanadi).

3) Klaviatura ustiga turli narsalar (ruchka, ko'zoynak, naushnik kabilar)ni qo'ymang, maboda bilmasdan qopqoqni yopib yuborsangiz ekran yoki klavishlarga shikast etishi turgan gap.

4) Noutbukni vibrasiya (tebranish) mavjud joylarga qo'ymang.

5) Noutbukni yumshoq joylarga qo'yish ham maqsadga muvofiq emas: yon va pastki ventilyasiya tirqishlaridan havo erkin kirib (chiqib) turishiga hech narsa xalaqit bermasligi kerak.

6) Havoning juda issiq va sovuqligi ham noutbukning dushmani: qishda yaxshi himoyalangan sumkada olib yurish, yozda to'g'ridan-to'g'ri tushuvchi quyosh nurlaridan saqlash lozim bo'ladi.

7) Noutbuklarning tez buzilishi omillaridan yana biri – suyuqliklar. Noutbukda ishlayotganda suv, qahva va boshqa suyuqliklarni iste'mol qilishda ehtiyot bo'lgan shart. Maboda klaviaturalar ustiga suyuqlik to'kilib ketgan taqdirda darhol noutbukni o'chirib, akkumulyatorini oling, klaviaturali tomonini pastga qilib kamida ikki sutka davomida quriting.

8) Noutbuk klaviaturasining tozaligiga e'tibor bering, anchayin murakkab tuzilishi bois uni ta'mirlash oddiy kompyuter klaviaturasinikidan qimmat va qiyinroq. Ekran esa maxsus salfetkalarda tozalanadi, bunda spirtli suyuqliklardan foydalanish aslo mumkin emas.

9) Albatta, barcha kompyuterlar kabi noutbukdan foydalanishda ham dasturiy ta'minotga oid oddiy qoidalarga rioya qilinsa zarar qilmaydi: antiviruslar, litsenziyalangan dasturlardan foydalanish zarur, kerakli-keraksiz ilovalar bilan kompyuterni to'ldirib tashlash yaramaydi.

Unutmang! Tozalash, kundalik profilaktika va ehtiyotkorlik bilan ishlatish – qimmatbaho ta'mirdan ko'ra yaxshiroq va osonroq.

Manba: www.tafsilot.uz