Noutbuk sotib olishda maslaxatlar
Noutbuk sotib olishga qaror qilib magazinga yo'l oldingiz. Yo'l-yo'lakay cho'ntagingizdagi pulingizga yarasha noutbuk xarid qilish haqida o'ylab ketar ekansiz, uni tanlashda quyidagi jihatlarga e'tibor qaratish lozimligini yodda tuting.

Operasion tizim
Noutbuk xarid qilayotganda birinchi navbatda operasion tizimni aniqlab olish darkor. Oldingizda 4,5ta variant bo'lib, yarimta variant – “Linux”ni ro'yxatdan chiqarib yuborsangiz ham bo'ladi. Qolgan variantlar esa quyidagilar:

“Apple MacOS”. Faqat “Apple” noutbuklariga o'rnatiladi. Ular “Windows” tizimi o'rnatilga kompyuterlardan har doim qimmat yuradi. Agar ilgari “MacOS” bilan ishlamagan bo'lsangiz, uni o'zlashtirguningizcha muammolarga duch kelishingiz mumkin.

“Microsoft Windows”. Bu erda hammasi tushunarli, u har qanday foydalanuvchi uchun eng xavfsiz variant. Agarda “Windows 8.1” o'rnatilgan noutbuk sotib olsangiz, uni “Windows 10” tizimiga yangilashingiz mumkin.

“Google Chrome OS” — agar sizga “Google” brauzeri va servislaridan boshqa narsa kerak bo'lmasa, uni tanlashingiz mumkin. “Windows”li kompyuterlarga nisbatan arzon turadi.

Va nihoyat, butunlay operasion tizim o'rnatilmagan, aniqrog'i “MS DOS”li noutbuk. Bunday noutbuklar arzon turadi, lekin unga “Windows”ni o'zingiz o'rnatishingiz lozim bo'ladi.

Ekran o'lchami
Keyingi muhim jihat ekran o'lchami yoki displey diagonali bo'lib, u dyuymlarda belgilanadi. Bu holatda noutbukni qanday maqsadda sotib olayotganingiz muhim. Agarda uni doimo yoningizda olib yurishni istasangiz, 13 dyuymdan katta noutbuklar o'ta katta, og'ir va noqulay sanaladi. Agar noutbuk ko'pincha stol ustida turadigan bo'lsa, 15 dyuymli va undan katta noutbuklarga e'tibor qaratishingiz mumkin. Ekrani qancha katta bo'lsa, noutbuk shunchalik og'ir bo'ladi va akkumulyator quvvati oz vaqtga etadi.

Shuningdek, ekran qoplamasiga ham e'tibor bering. Noutbuklar ekrani “ko'zgu”li yoki jilosiz bo'ladi. Ko'zguli ekranda o'zingizni bemalol ko'rishingiz mumkin, jilosiz ekranda esa quyosh nuri tushib turganda ham ekrandagi narsalarni ko'ra olasiz. Jilosiz ekranli noutbuklar qimmat turadi.

Prosessor, operativ xotira, bo'sh joy, videokarta
Zamonaviy komyuterlarning texnik xususiyatlarini solishtirish qiyin. Lekin quyidagilarni bilish foydadan xoli emas.

Prosessor (CPU)ning chastotasi qanchalik katta va yadrolari soni qancha ko'p bo'lsa, u tezroq ishlaydi, qimmatroq bo'ladi. Lekin prosessorning turi va chastotasi "og'ir" grafikali o'yinlar yoki videotasvirlarni qayta ishlagan vaqtdagina ahamiyat kasb etadi. Kundalik ehtiyoj uchun hozirgi har qanday zamonaviy prosessorning quvvati etadi.

RAM — operativ xotira, uni diskdagi joy bilan adashtirmaslik lozim. U gigabaytlarda o'lchanadi (GB) va noutbuklarda 2 dan 16 gacha bo'ladi, ba'zida 32 gigabaytlilari ham uchraydi. Operativ xotirasi 8 gigabaytdan yuqori noutbuklar faqatgina videolar bilan ishlaydigan yoki o'ta zamonaviy o'yinlarni o'ynaydiganlar uchungina kerak bo'ladi. Xotirasi 4 gigabaytdan past noutbuklarni esa hech kimga tavsiya qilmaymiz. Eng yaxshi variant 4 GB operativ xotiraga ega noutbuk hisoblanadi, lekin zamonaviy o'yinlarni o'ynash niyatida bo'lsangiz, 8 GB xotirali noutbukni tanlang.

Bo'sh joy gigabayt yoki terabaytlarda o'lchanadi. Agar noutbukingizni turli kino va o'yinlar bilan to'ldirmaydigan bo'lsangiz, sizga 1 terabayt bo'sh joyi bor noutbuk etadi. Bo'sh joyi 512 gigabayt (GB)dan kam noutbuklar noqulay hisoblanadi. Ko'pincha biror narsa o'rnatish uchun uning xotirasidan nimanidir o'chirib turishga to'g'ri keladi.

Noutbuklarda videokarta o'rnatilgan holatda bo'lib, u oddiy ishlarni bajarish uchun kifoya qiladi. Lekin og'ir o'yinlar va videofayllarni qayta ishlash uchun kamida 2GB xotirali alohida videokarta kerak bo'ladi.

Akkumulyator, qo'shimcha imkoniyatlar, vazn, narx
Agar siz kam o'tiradigan bo'lsangiz va akkumulyatorni bir marta quvvatlantirib uzoqroq yurishni istasangiz, bu jihatga ham e'tibor qarating.

Agar noutbukingizni monitorga ulashni rejalashtirgan bo'lsangiz, unda kerakli tirqish borligiga ishonch hosil qiling. Agar to'laqonli klaviatura va raqamli klaviatura kerak bo'lsa, ularning mavjudligini tekshirib oling. Noutbukda o'rnatilgan modem bo'lishini, USB-portlar soni ko'p bo'lishini yoki yana qo'shimcha imkoniyatlari xohlasangiz, sotib olishdan oldin ularning barchasi majudligiga e'tibor qarating.

Noutbukning vazni ham muhim ahamiyatga ega. Agar noutbukni yoningizda olib yuradigan bo'lsangiz, bu omilni ham e'tibordan qochirmang.

Va nihoyat, narx. Narh ham muhim ahamiyatga ega, lekin "ikkita bir xil" modeldagi noutbukdan birini tanlashda 10-20 dollar farqi uchun arzoni yoki qimmatiga e'tibor qilmang, ularning texnik ko'rsatkichlarini ko'zdan kechiring.

Va albatta, noutbukni hech qachon tashqi ko'rinishiga qarab tanlamang! U sizga zargarlik buyumi yoki tunchiroq emas, undan doimiy ravishda foydalanasiz.

Manba: www.students.uz