Nokia 5800ni qayta tiriltirish
Bo'lib o'tgan voqea!

Hozirgi zamonda mobil telefonlar hayotimizning bir bo'lagiga aylanib bo'lgan. Bu kichkina yordamchilar ham ba'zan katta bosh og'riqqa sabab bo'lishi mumkin.

O'tgan yili avgust oyida do'stim menga Nokia 5800 Xpress Music telefonini sovg'a qildi. Telefonga gap yo'q, har tomonlama zamonaviy va qulay telefon.

Ammo, temir baribir temirda! Kunlardan bir kun, telefonim yonmay qoldi. Yerga tushgani yo'q, suvga tushgani yoq, lekin o'zim telefonni o'chirmasdan batareyasini olib tashlaganimdan keyin shunday bo'lib qoldi. Har xil usullar bilan yoqishga harakat qilib ko'rdim, ammo foydasi bo'lmadi. "Telefonni ustaga olib borish kerak" degan odatiy fikrga keldim.

Usta degan odam har xil bo'ladi, birlari o'z ishining mohir egasi, birlari hali telefonni mendan ham yaxshi bilmaydi. Birlari insofli, birlari insofsiz. Birlari arzonchi, birlari qimmatchi.

Yuqoridagi sabablarga ko'ra, telefonni vaqtincha (bir haftacha) ishlatmay qo'ydim, Toshkentga kelsam, Toshkentda kafolatli xizmat ko'rsatadigan joylarda tuzattiraman deb o'yladim.

Bir kuni internetga kirganimda, "o'zi telefonimni nimaga yonmayapti ekan?" deb o'ylab qoldim va Googleda "Nokia 5800 won't start – Nokia 5800 yonmayapti" deb qidiruv so'rovi berdim. Natijalar meni hayratda qoldirdi. Ma'lum bo'lishicha, menikiday muammolar juda tez-tez bo'lib turar ekan. Yechimi ham oddiygina. Mobil telefonning fleshkasini olib turib, bir marta yoqib ochirish, keyin fleshkani qo'yib yana yoqish kerak ekan. Yonimda telefonim yo'q edi. Uyga kelguncha, muammoning yechimi bunchalik oson bo'lmasa kerak degan o'ylar bilan ikkilanib keldim. Uyga kelib, bir haftadan beri ishlatilmay yotgan telefonga zaryad berdim, fleshkasini oldim va yoqish tugmasini bosdim va yana bir bor internet eng yaxshi maslahatchi ekanligiga amin bo'ldim.

Telefonim yana otday bo'lib ishlab ketdi va shu kungacha hali usta tig'i ostiga tushmadi.

Maqola oxirida sizga ehtiyotkor maslahatim:
Agar biror masalada tavsiya kerak bo'lsa, internetdan qidirib ko'ring, lekin bunday vaziyatda hech bo'lmaganda ingliz va rus tillarini bilishingiz va foydali maslahatdan foydasizini ajratib bilishingiz kerak.

Hamdam Atajonov
Maqola geek.uz saytidan olingan!