Nadomatdan foyda yo'q
Bu voqeaga bir necha yillar bo'ldi. Har eslaganda ich-ichimdan ezilaman… Do'mbirobodlik Odiljon degan ombor mudiri bo'lib ishlaydigan tanishim yangi “Jiguli” sotib oldi. U paytlarda bunday avtomashinani har kim ham minavermas edi. Odil akaning quvonchi ichiga sig'mas, mashinani g'izillatib u yoqqa-bu yoqqa minib o'tardi.

Birda yonimda to'xtab, Odil aka yuzda tabassum bilan mashinadan tushib salomlashdi.

— Aka, yurishingiz xunuk-ku, — dedim. U jiddiy tortib:

— Ha, tinchlikmi? — dedi.

— Odil aka, mashinangizni yaxshiliklarga mining, lekin bilishimcha, haydovchilik tajribangiz uncha katta emas. Bunaqa tez haydamang, — deya oldim.

U shasht bilan mashinaga o'tirdi. Zarda aralash eshikni qattiq yopib, mashinani o't oldirdi va o'qdek uchib ko'zdan g'oyib bo'ldi.

Oradan bir haftacha o'tib, Chinozdan baliq olib kelish uchun otlangan Odil aka ertaga o'qishning birinchi kuni uchun maktab jihozlarini dugonalariga ko'rsatayotgan qizi Saidani birga borishga undaydi.

“Ada, borgim kelmayapti”, deb Saida uyga qarab qochgan. Adasi uyga kirib uni olib chiqib majburlab mashinaga o'tqazgan, bechora yo'lakda turgan onajonisiga, xola-xolakam o'ynab o'tirgan o'rtoqlariga termulgancha qarab ketgan. Yo'lda mashina to'nkarilib Saida olamdan o'tgan.

Janozada qatnasha olmadim. Ertasiga ko'ngil so'rab fotiha o'qish uchun o'tdim. Eshik tagida ko'rpacha to'shalib, besh-olti kishi bel bog'lab g'amgin o'tirishar edi. Odil aka meni ko'rib uyiga kirib ketdi. Tilovat tugab, yuzimizga fotiha tortgach, uy ichkarisidan baxti qora ota elkalarini silkitib yig'lab chiqdi. U mening ko'zlarimga qaray olmay, qattiq quchoqlab: “Siz meni ogohlantirgan edingiz, men ahmoq boshqacha tushunib o'tiribman. Ona qizim, qizalog'imdan ajraldim”, deb o'kirardi.

Omonulloh Mutal
Manba: “Irfon” taqvimi