Mustaqillik bergan ne'mat
Men mustaqillik ne'matlarini anglay boshlagan kun...

1991 yilning kuzi edi.

Dadam bilan hovlimizdagi ochiq ayvonda suhbatlashib o'tirgandik. Bir payt mahallamizdagi masjid tomonidan azon tovushi eshitildi. O'sha paytlarda biz noodatiy bo'lgan bu sehrli sasdan ikkalamiz ham tin olib qoldik. Azon tugadi. Dadamga boqsam, uning ikkala ko'zi jiqqa yoshga to'la ekan. Uni bunday holatda hech ko'rmaganman(rahmatli 38 yil maktabda muallimlik qilgan). Savol nazari bilan qaraganimni sezgan dadam ko'nglidan o'tgan hislarni tushuntirmoqchi bo'ldi:

-O'g'lim menga boqib hayron bo'lma. Hozir men bobongni esladim. Necha yillar mustabid tuzumda, xudosizlar taziyqi bilan namozni yashirinib o'qib yurgan, hatto hayit namozlarini daryo bo'ylari, pastqam joylarda qimtinib ming hadik bilan o'qigan bobong hozir hayot bo'lganlarida mahalla masjididan taralgan azonni eshitib qanday xursand bo'lishini tasavvur qilib, ko'nglim to'lib ketdi. Bunday emin-erkin ibodat qilish mumkin bo'lgan kunlarni u qanchalik orziqib kutgan edi. Afsuski, u mustaqillikni, hurlikni ko'rmay o'tib ketdi. Endi biz bu kunlarni qadriga etishimiz, asrab avaylashimiz kerak, bolam...

Padarimning bu so'zlari bir umr yodimdan chiqmasa kerak.

Men o'sha kundan mustaqillik ne ekanini tushuna boshlaganman. Keyin esa, BMT koshonasi uzra bayrog'imiz hilpiraganida, yurtimizda olib borilayotgan islohotlar natijasida erishilgan yutuqlarni butun jahon tan ola boshlaganida, xalqimda bunyodkorlik hissi uyg'onib, kent-u qishloqlarni obod qilishga bel bog'laganida, yoshlarimiz barcha sohalarni mukammal egallash qo'lidan kelishini isbotlaganida men mustaqillik bebeho ne'mat ekanini yanada teranroq angladim. Hali xayotim davomida o'zim uchun istiqlol bergan ne'matlarni yangi va ko'plab qirralarini kashf etib borsam ajab emas...

Elmurod ERMATOV