Mcdonald's muvaffaqiyati sirlari
Mcdonald’s 119 mamlakatda 68 million mijozga hizmat ko’rsatadi hamda dunyo bo‘yicha deyarli har kuni bitta “restoran”i ochiladi. To‘g‘rirog‘i, McDonald’s ovqatlanish shoxobchasi. Amerikaliklarning 7 foizi har kuni McDonald’s tamaddixonalarida ovqatlanishadi Bu yerda tamaddi qilish istagida bo‘lganlar oqimi esa aslo kamaymaydi. Buning siri esa dunyoning istalgan burchagida amal qilinadigan qat’iy ish me’yori va marketing ishlaridadir. Rey Krok ilk marta McDonald’sni qanday ko‘rinishda tashkil etgan bo‘lsa, u hozir ham ana shu ko‘rinishda saqlanib qolgan.1958 yilda MakDonaldsda ish olib borish jarayoni batafsil yozilgandi: kotletni qancha vaqt davomida va necha daraja issiqlikda pishirishdan boshlab xaridor bilan qanday gaplashish kerakligigacha. O‘shanda yo‘riqnoma 75 sahifa edi. Hozir esa sahifalar soni 750taga yetgan. Yo‘riqnomada xodimlarning har bir qadamidan tortib mijozlarning harakatigacha yozilgan.

Qoidalar
Kompaniya o‘tkazgan tadqiqotlarga qaraganda, 70 foiz hollarda odamlar McDonalds tamaddixonasiga kirishga kutilmaganda qaror qiladilar. Shuning uchun restoranlarni bunday qarorga kelish ehtimoli ko‘p joylar – odamlar gavjum hududlar, chorrahalar, yirik o‘quv yurtlari yaqiniga qurishadi.

O‘tgan asrning 70-yillariga qadar McDonald’sda faqat erkaklar ishlashgan, ammo ayollar huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar ayollarning ham bu yerda ishlashlariga erishgan. Rahbariyat bundan tashvishga tushgan, chunki qizlar yigitlarni ishdan chalg‘itishi, ish joyida sevgi munosabatlari paydo bo‘lishi mumkin edi. Vaziyatdan chiqish uchun antiqa qaror qabul qilindi: chiroyli qizlarni ishga olmaslik, barchani bir xil erkakcha kiyintirish, qizlarga bo‘yanish va turli taqinchoqlar taqishni taqiqlash.Rahbariyat restoranga kelgan oilalarni kuzatib, bu oilalar bekalari erlarining ofitsiant qizlarga qaramayotganliklaridan xursand ekanliklarini sezdi va qoidani o‘zgartirmadi. Hozirgacha restoran xodimlarining kiyimlari e’tiborni jalb qilmaydigan ko‘rinishda tikiladi, qizlarga taqinchoq taqish, atir sepish, tirnoqlarini o‘stirish va bo‘yashga ruxsat berilmaydi.

Mijozlarni chorlash
McDonald’sdagilar bu yerga ota- onalar farzandlarini emas, farzandlar ota-onalarini boshlab kelishlarini allaqachon anglab yetishgan. Shuning uchun bu yerda bolalar orqali mijozlarni jalb etishga katta e’tibor beriladi. Bolalar uchun o‘yin maydonchalari, arzon narxlarda tug‘ilgan kunlar o‘tkazish, ota-onalari bilan navbatda turgan kichkintoylarga sovg‘alar berish, yuqori e’tibor va sabr shular jumlasidandir.

Ko’proq sotish
Kompaniya qoidasiga ko‘ra, agar xaridor kartoshka, ichimlik, muzqaymoq yoki qahvaga buyurtma berganida uning miqdorini aytmasa, eng katta porsiya olib kelinadi. Birinchidan, vaqtdan yutiladi – buyurtma 60 soniya ichida qabul qilinishi lozim, agar xaridordan qancha miqdorda narsa olishini so‘raydigan bo‘lsa, navbatda turganlar ko‘payib ketishi mumkin. Ikkinchidan, qancha ko‘p narsa sotilsa, shuncha ko‘p pul tushadi. Bu yerdagi sotuvchilar hech qachon inkor qo‘shimchasini ishlatmaydilar. “Olmaysizmi? Yemaysizmi? Ichmaysizmi?” deb emas, “Olasizmi? Yeysizmi? Ichasizmi?” deb murojaat qiladilar.

Tezroq ketkazish
Agar mijozlar bu yerda uzoq o‘tirib qolishsa, yangi mijozlarga joy yetmasligi va tushum oz bo‘lishi mumkin. Shuning uchun McDonald’s mijoz uzoq o‘tirmasligi, balki tezda ovqatlanib ketishi uchun harakat qiladi.Qattiq stullar va noqulay divanlar shu maqsad uchun xizmat qiladi. Tezkor musiqa ham sizning kayfiyatingizni ko‘tarish uchun emas, balki musiqa tezligiga mos ravishda ovqatlanishingiz uchun qo‘yiladi.Stollar orasidagi tor yo‘laklar ham mijozlarga iloji boricha ko‘proq joy ajratish va ovqatlanib o‘tirganlar ortidan yoki yonidan tinmay odamlar o‘tib turishidan noqulaylik sezishi uchun maxsus qilingan.

Mijozlarning qaytib kelishi
McDonald’sning asosiy qoidalaridan biri MSOQ-”madaniyat, sifat, ozodalik, qulaylik” degan ma’noni bildiradi. Mijozlarga doimo tabassum bilan javob beriladi, hech qachon qo‘pollik qilishmaydi.Odamlar Big Makning ta’mi dunyoning har qanday burchagida ertaga ham, besh yildan keyin ham o‘zgarmasligiga ishonishadi. Chunki bu sendvich 1967 yildan buyon bir xil retsept asosida tayyorlanib kelinadi.Ovqatlanayotganlar atrofida doimo pol yuvib yoki derazalarni artib yurayotganlar esa mijozlarda “bu yerda doimo ozodalikka e’tibor beriladi” degan fikrni uyg‘otadi. Ko‘pchilik McDonald’s sendvichlari tarkibida odamni o‘ziga o‘rgatib oluvchi kimyoviy modda bor deb taxmin qiladi. Aynan shu modda tufayli bu yerda bir marta ovqatlangan kishi yana kelib ovqatlangisi kelaveradi deyishadi. Bu gap to‘g‘rimi yoki noto‘g‘rimi buni faqat ushbu kompaniyada ishlovchi kam sonli kishilar – rahbarlargina bilishadi.

Nima bo‘lmasin, McDonald’sning mijozlar bilan ishlash siyosatiga tan bermay iloj yo‘q.

Manba: www.students.uz