Labirintdan chiqish yo'li
Ajoyib kunlarning birida ustoz shogirdini tog' etagiga olib bordi. U erda devorlari tik va baland labirint qurilgandi. Tomi bo'lmaganidan yo'laklarning ichiga quyosh nuri tushar, yop-yorug' edi.

Usta shogirdini labirintga kiritib, chiqish yo'lini topishni buyurdi. Shogird yo'laklar orasida butun kun va butun tun bo'yi adashib yurdi, borgan sari boshi berk yo'llarga kirdi. Horib-charchab, madori qolmay, yiqildi va uyquga ketdi.

Kimdir elkasidan turtayotganini sezib, ko'zlarini ochdi. Tepasida ustozi turardi:

– Ortimdan yur, – deb buyurdi u.

Labirintdan chiqishgach, ustoz tog' tomon yo'l boshladi. Cho'qqiga ko'tarilgach, u dedi:

– Pastga qara!

Ular turgan joydan labirint kaftdek namoyon edi.

– Bu erdan turib chiqish yo'lini topish oson-a? – dedi ustoz.

– Hech bir qiyin joyi yo'q, – dedi shogird. – Diqqat bilan qaralsa bo'lgani.

– Qani, chiqish yo'lini topda, esingda saqlab qol.

Biroz vaqtdan so'ng tog'dan tushishdi. Shogird labirintga ishonch bilan qadam qo'ydi va qiynalmay tezda chiqish yo'lini topdi. Shundan so'ng ustozi unga shunday nasihat qildi:

– Vaziyatdan qancha uzoqlashib, unga qancha tepadan qarasang, to'g'ri qaror qabul qilishing shunchalik oson bo'ladi.

Manba: www.tafsilot.uz