Noutbuk sotib olishda nimalarga e’tibor berish kerak?
Noutbuk sotib olishda undagi qaysi “ehtiyot qismlar”ga e’tibor berish kerak, degan savol har bir noutbuk sotib oluvchilarni qiynasa kerak. Chunki hozirgi kunda yuzlab, minglab noutbuklarning turlari mavjud, shuningdek, o‘nlab brend ostidagi noutbuklar bozorni egallashga ulgurgan. Birinchi mezon sifatida narxiga qaralsada, baribir ko‘pchilik noutbuk ehtiyot qismlarining sifati va imkoniyatini inobatga olishadi. Quyida sizga noutbukning ehtiyot qismlari haqida qisqacha ma’lumot tayyorladik.

Protsessor - Ko‘pchilik portativ kompyuterlarga Intel kompaniyasining protsessorlari o‘rnatilgan. Noutbuklar protsessori odatiy kompyuterlar protsessoridan Speed Step texnologiyasi asosida ishlovchi energiya tejamkorligi bilan farqlanadi. Bunday protsessorlar uzoqroq vaqt avtonom tarzda ishlashga xizmat qilish uchun mo‘ljallangan.

Biroq elektr ta’minot tizimiga ulangan vaqtida noutbuk protsessori maksimal samaradorlikni ta’minlash uchun to‘liq quvvat bilan ishlashga o‘tadi. Akkumulyator bilan ishlashni boshlashi bilanoq yana yarim quvvatli rejimga o‘tadi.

Aksariyat zamonaviy noutbuklar protsessorida yadrolar soni 1, 2 yoki 4tani tashkil etadi. Yadrolar sonining ko‘pligi bir vaqtning o‘zida ko‘plab dasturlardan samarali foydalanish imkonini beradi.

Kesh-xotira — o‘ta tezkor operativ xotira bo‘lib, hajmi 1dan 8 Mbaytgacha yetadi. Katta hajmli kesh-xotira multimediyali ilova-dasturlar, o‘yin o‘ynash va videolarni tomosha qilishda ahamiyatga ega.

Noutbuklarda bir yadroli (Intel Pentium M, Intel Core Solo, AMD Turion 64) va ko‘p yadroli (Intel Core 2 Duo, Intel Core 2 Quad, Intel Core i7, AMD Turion X2) protsessorlar qo‘llaniladi. Arzon mahsulotlarda esa protsessorlarning “yengillashtirilgan” Intel Celeron M va AMD Mobile Sempron kabi namunalari ishlatiladi. Ular kichik hajmli kesh-xotira, imkoniyati sun’iy cheklangan sistema shinalari bilan ta’minlangani bois samaradorligi ham pastroq bo‘ladi.

Shuningdek, ayrim noutbuklarda odatiy kompyuterlarning protsessorlari o‘rnatiladi. Shu sababdan ham noutbuk sotib olishda protsessorga oid ma’lumotlarni diqqat bilan ko‘zdan kechirish lozim.

Operativ xotira (OZU) - Operativ xotira yoki sistema xotirasi protsessor ishlayotgan vaqtda ma’lumotlar va vazifalarni saqlab turish uchun zarur. Agarda kompyuterni avtomobil bilan solishtirsak, protsessor uning motori, operativ xotirani esa transmissiya (tezlik uzatmalar qutisi)ga o‘xshatish mumkin.

Ko‘pchilik xaridorlarni qanday operativ xotiraga ega noutbuk olish kerak, degan savol o‘ylantirishi aniq. Bu savolga birinchi bo‘lib savol bilan javob beriladi. “Siz nima maqsadda noutbuk sotib olayapsiz?” Katta hajmli operativ xotiraga ega noutbuk nima uchun kerak? Siz eng zamonaviy operativ sistema, murakkab dasturlar bilan ishlasangiz, kompyuteringiz imkon qadar katta hajmli operativ xotiraga ega bo‘lishi kerak.

Kuchli, ko‘pyadroli protsessor 512 Mbli operativ xotirada ancha “qiynalib” qoladi. Unga yaxshisi 4Gb operativ xotira zarur. Aks holda noutbuk sekin ishlab asabingizni egovlaydi.

Shuningdek, operativ xotiraning yaxshi ishlashi noutbukka qaysi operatsion sistema o‘rnatilganiga ham bog‘liq. Masalan, 32-bitli Windows XP va Windows Vista faqatgina 4Gb operativ xotirada ishlashi mumkin. 64-bitli Windows XP, Windows Vista va Windows 7 namunalari esa 128Gbgacha bo‘lgan operativ xotirani qo‘llaydi.

Ekran (monitor) - Ekran hajmi odatdan dyum o‘lchov birligi bilan belgilanadi (1 dyuym — 2,54 sm). Bugun displey diagonali 7″(mitti netbuklar)dan 18″ gacha bo‘lgan noutbuklarni topish mumkin. Yupqa ultraportativ noutbuklar displeyi esa odatda 13,3″dan oshmaydi. Qanday diagonalli noutbuk sotib olish sizning istagingiz, unda bajaradigan vazifalaringiz va va albatta moddiy imkoniyatingizga bog‘liq.

Suyuq kristalli displey (Jidkokristallicheskiy displey — JK-displey yoki LCD-displey, ingl. LCD – Liquid Crystal Display) piksel (angl. picture element ili picture sell — naimenshiy logicheskiy element izobrajeniya) deb nomlangan mayda katakchalardan iborat matritsadan tashkil topgan bo‘lib, ekranning asosiy xususiyati ushbu katakchalar miqdoriga bog‘liq. Ya’ni, ekran imkoniyati katakchalarning gorizontal va vertikal sanog‘i bo‘yicha baholanadi. Masalan, 1440×900 hajmli matritsaga ega ekranda piksellar gorizontaliga 1440, vertikaliga 900tani tashkil etadi. Zamonaviy noutbuklar displeyi 1024×600 dan 1920×1080 gacha pikselni tashkil etadi. Piksellar soni tasvir sifatiga ta’sir ko‘rsatadi, qanchalik sig‘im katta bo‘lsa, sifat ham shunchalik yaxshilanadi. Ammo bundan ekran ko‘p energiya talab etishi bilan ham ajralib turadi.

Videotizim - Ushbu tizimga videoxotirali grafika kontrolleri va kompyuter displeyi kiradi. Portativ kompyuterlar asosan idora ishlaridan foydalanish uchun mo‘ljallangan. Ular yordamida murakkab grafik amallarni bajarish noqulay. Shu bois ham hattoki eng zamonaviy noutbuklarda ham “almisoqdan qolgan” 4-8Mb hajmli grafik adapterlar qo‘llaniladi. Biroq grafik chiplarning yangi avlodlari mazkur vaziyatni keskin o‘zgartirmoqda va superzamonaviy Ge-Force texnologiyasiga ega noutbuklar paydo bo‘lmoqda.

Videokarta (grafik plata) — tasvirlarni shakllantirib, ekranga chiqarib beruvchi qurilma. Noutbukdagi videokarta yuqori sifatli tasvirlar (HD-video)ni tomosha qilishga imkon beradi.

Qattiq disk (Hard Disk Drive — HDD) - Energiya ta’minoti qattiq disk hajmiga aloqador bo‘lmagani bois imkoniyatingizga qarab kattaroq hajmli qattiq diskka ega noutbuk sotib olishingiz mumkin. Biroq bugungi kunda noutbuklarga yanada kamroq energiya talab qiluvchi maxsus 2,5″ vinchestrlari o‘rnatilmoqda.

Qattiq disk hajmi qanchalik katta bo‘lsa, unda shunchalik ko‘p ma’lumotlarni saqlash mumkin.

Kommunikatsion imkoniyatlar

Bugun barcha noutbuklarda tashqil olam bilan axborot almashishga mo‘ljallangan qurilmalar mavjud. Ular noutbuk ichiga o‘rnatilgan bo‘lishi ham mumkin, yoki maxsus chiqish portlari orqali amalga oshiriladi.

Demak, noutbuklarning kommunikatsion imkoniyatlari:

Modem. RJ-11/RJ-12 chiqish yo‘li bilan simli telefon tarmog‘i orqali internetga ulanish imkonini beradi. Unda axborotlarning maksimal almashish tezligi 56 Kbit/sek (7 Kbayt/sek)ni tashkil etadi. Bunday past ko‘rsatkich bois modemlar qariyb iste’moldan chiqqan.
Ethernet. Noutbuklardagi RJ-45 chiqish yo‘li kabelli internetga ulanishga xizmat qiladi. Keng tarqalgan mazkur texnologiya ancha arzonga tushadi va uy yoki idorada ma’lumotlarni 1 Gbit/sek (taxminan 128 Mbayt/sek)gacha almashishga imkon beradi.
Wi-Fi. Internetga simsiz ulanish texnologiyasi. Odatda 90 metr radiusda unga ulanish mumkin. Biroq devor, metal konstruksiya va boshqa to‘siqlar bu masofani sezilarli darajada qisqartirishi mumkin.
WiMAX. Keng qatorli, tobora rivojlanib borayotgan simsiz internet texnologiyasi. Ma’lumotlarni 70 Mbit/sek tezlikda 50 km radiusgacha qabul qila oladi.
Bluetooth. Yaqin atrofdagi mobil telefoni, noutbuk, garniturlar, o‘yin qurilmalari va joystik, raqamli foto va video kameralari, printer, faks va boshqa qurilmalarga ulanib, ma’lumotlar almashishga xizmat qiladi. Odatda noutbuklarda 10 metr radiusda soniyasiga 2,1 Mbgacha tezlikda ma’lumot uzatuvchi Bluetooth 2.0 texnologiyasi o‘rnatiladi.
GSM-modem. GPRS/EDGE-protokollarida uyali aloqa operatorlari qamrab olgan hududlarda soniyasiga 474 Kbitgacha ma’lumot olishga yordam beradi. Ularda ishlash uchun SIM-kartlar talab etiladi.
3G-modem. 3-avlod uyali aloqa tarmog‘i orqali 3,6 Mbit/sekgacha tezlikdagi internetga ulanish mumkin. 1x EV-DO va UMTS/HSDPA texnologiyalari eng ko‘p tarqalgan. Uning ishlashi uchun ham SIM-kartlar talab etiladi.
ExpressCard chiqish yo‘li noutbukning kommunikatsion imkoniyatlarini kengaytirishga yordam berishi mumkin. Ushbu chiqish yo‘liga Bluetooth, Wi-Fi, WiMAX, GSM/3G, flesh-xotira va TV-tyunerni qo‘llovchi kartalar joylashtirilishi mumkin.

To'lqin Yusupov
Manba: www.erkak.uz