Bizga katta smartfonlar kerakmi?
Dastlabki haqiqatan katta hajmdagi smartfon paydo bo'lganiga besh yildan ko'proq vaqt bo'ldi. O'shanda Samsung Galaxy Note hayratlanish, zavqlanish, qabul qila olmaslik, kulgi singari bir olam hissiyotlarga sabab bo'lgan edi. Bugun esa bizga smartfon u qadar katta emasdek tuyuladi. Ishlab chiqaruvchilar muntazam ravishda qulog'imiz atrofida belkurak turishi odatiy hol ekaniga bizni ko'niktirib qo'yishdi. Biroq mutaxassislar quyidagi sabablarga ko'ra, katta diagonalli smartfonlar telefon ishlab chiqarish sanoati taraqqiyotida istiqbolsiz yo'nalish deb hisoblaydilar.

So'nggi to'rt yilda smartfonlar savdosi statistikasida barchaga ayon bir fakt kuzatilmoqda. Smartfonlar diagonali doimiy ravishda kattalashib boryapti. Bundan bir necha yillar avval 3–4 dyuymli smartfonlarning bozori chaqqon bo'lgan bo'lsa, bugun bunday ekranli smartfonlar eng past narxda ham juda kam holatlarda savdoga chiqariladi. Smartfonlarning hajmi yiriklashib borayotgani bor gap, biroq ushbu jarayonda bir muammo bor. Ya'ni, smartfonlar hajmi yiriklashsada, undan foydalanuvchilar o'sha–o'sha, o'zgarayotgani yo'q!

Qo'llarimiz juda kichik
Narsalar insonlar uchun yaratiladi. Bizni qurshab turgan har bir narsa foydalanish uchun qulay bo'lgan shakl va hajmga ega. Agar qaysidir kallavaram kashfiyotchining miyasida qoshiq, qaychi yoki kalitlarning hajmini muntazam ravishda kattalashtirib borish fikri tug'ilib qolsa-yu buni taraqqiyotga yo'ysa, ertami kech baribir unga: “Bas qilsangchi, bu noqulay axir!” deyishadi.

Xo'sh! Shunday ekan, nega smartfon ishlab chiqaruvchilariga bunday imkoniyatni beryapmiz? Axir o'z xohishimizga ko'ra, bo'y–bastimiz yiriklashib, qo'llarimiz hajmi ham katta bo'lib qolmaydi. Yirik smartfonlardan bir qo'llab foydalanish noqulay. Bu esa mobil gadjetlar kashfiyoti zamirida yotgan asosiy g'oya, ya'ni ulardan har qanday holatda, ayni paytda, yo'l–yo'lakay ham foydalanilishi imkoniyatini yo'qqa chiqaradi.

Boshlarimiz haddan ziyod kichik
Mobil telefonining dastlabki hajmi inson boshining o'rtalama hajmi bilan uyg'unlikda yaratilgan edi. Uni qo'lda tutish qulay bo'lib, u suhbat davomida boshqa ishlar bilan shug'ullanishga xalal bermasdi. Endi fablet yordamida suhbat qurishga intilayotgan kishiga e'tibor qarating. Yirik hajmdagi gadjeti bilan to'sib qo'yilgan holda, go'yo berkinmachoq o'ynayotgandek boyaqish uni qulog'i atrofida zo'rg'a tutib turadi. Juda qulay deb bo'lmaydi, albatta. Muhimi, bir tomondan ko'rish imkoniyati chegaralangani harakatlanish paytida ham xavfsiz emas. Xo'sh, kerakmi bizga bu?

Cho'ntaklarimiz juda kichik
Yuqorida katta hajmli smartfondan foydalanilganda kelib chiqadigan ikkita muammo haqida so'z yuritdik. Biroq mobil gadjetlar ko'p vaqt mobaynida cho'ntagimizda turadi. Ular shuning uchun ham mobil–da. Mana shu erda yana bir nomuvofiqlik ko'zga tashlanadi. Yirik hajmli smartfonni jinsi yoki tor shimning cho'ntagiga solib qo'yishning o'zi bo'lmaydi. Buning uchun gadjet cho'ntagingizdan chiqib qolmasligi va sinib ketmasligi uchun maxsus kiyim tanlashingiz kerak bo'ladi. Yoxud smartfon qo'lay joylashadigan kichik sumkaga ehtiyoj tug'iladi. Qandaydir elektron o'yinchoq juda ko'p narsa talab qilib yubormayaptimi? Hali u biz qanday kiyinishimizni ham belgilab beradimi? Xo'sh, qanday hajmdagi smartfn siz uchun ma'qul va nega?

Manba: www.xabardor.uz