Xayit qaysi kuni to'g'ri?
Ramazon oyi kirib kelar ekan ba'zi kishilar mas'ul bo'lmagan narsalar haqida boshqotirib, o'zlari bilmagan holda o'zaro ko'ngilsizliklar keltirib chiqaradilar. Ramazon oyi boshida bezovtalanib, bir-birlariga: "Falon-falon davlatda bugun ro'za tutibdilar. Yoki biz ro'za tutib qo'yibmiz-ku, boshqalarchi, endi nima bo'ladi?” degan turli xil gaplar tarqatib yurishlari quloqlarimizga chalinib qolayotgani hech kimga sir emas. Lekin bu kabi gaplar faqat ramazon oyining boshlanishida emas, balki oxirida ham davom etadi. "Falon mamlakatda bugun hayit ekan, biz esa ro'zamiz, yoki bugun bizda hayit bo'lsa, falon davlat ro'zalarini ochmabdilar”.

To'g'ri, ba'zida bu kabi gaplar kimgadir tasalli bo'lishi mumkin, lekin bora-bora bu "tasallilar” fitna eshigi ochilishiga sabab bo'lyapti, musulmonlar o'rtasida tarafkashlik, tarqoqlik hamda ixtilofni keltirib chiqaryapti. Natijada, musulmonlar o'rtasida aka-ukachilik rishtalari uzilib, o'zaro birliklari yo'qolib boryapti.

Qancha-qancha kishilar borki, shariat masalalari borasida mas'ul bo'lgan kishilar tomonidan ramazon oyining tugaganligi va ertaga hayit namozi ekanligi haqida e'lon qiliganini eshitsalarda, bunday fatvo bilan qoniqmay o'zaro ro'zalarini davom etishga kelishib oladilar. Yana shundaylari borki, diniy mas'ullar tomonidan ramazon oyini boshlanish kuni e'lon qilinganini eshitadilar-u, lekin o'zga mamlakatlarda boshqa kun ekanini bilib, qalblarida yuqoridagi fatvoga qoniqish hosil bo'lmaganidan ertasi kuni ham o'zaro ro'za tutmay yuraveradilar.

Afsuski, bu holat har yili yuz beryapti, to'xtagani yo'q!
Bunday holatda nima qilishimiz kerak?...
Yaxshisi keling, barchamiz bir haqiqatga e'tiborimizni qarataylik.

Azizlar! Shariat masalalari borasida mas'ul bo'lmagan, shu bilan birga ilmsiz bo'lgan kishilar bunday ishga aralashishlari, yoki o'zlaridan kelib chiqib yoxud boshqa mamlakatlarga qarab turli xil fikrlarni bildirishlari va bu orqali insonlar orasida shak-shubhalarni paydo qilishlari behudaga vaqtni sarflash hamda o'rinsiz chiranish hisoblanadi. Nabiy alayhissalom marhamat qilib aytganlar: "Kishi islomining go'zalligi – uni o'ziga muhim bo'lmagan (behuda) narsalarni tark qilishidir” (Ibn Majja sahihlari, Abu Hurayra rivoyati: 3966 - h).
Alloh taolo bandalariga vojib qilgan narsalar ikki qismdir.

1. Alloh taoloning har bir shaxs bevosita to'g'ridan-to'g'ri o'zi bajaradigan buyruqlari. Bu qismda har bir kishi o'ziga buyurilgan vojiblarni ado qilishi haqida mas'ul bo'ladi.

2. Alloh taoloning bandalariga bilvosita ya'ni, musulmonlarning ishboshilari – muftiylar, imomlari tomonidan buyuradigan vojibotlari. Ushbu qismdagi mas'uliyatni ana shu ishboshi – rahbar o'z zimmasiga oladi. Chiqargan fatvosi to'g'ri bo'lsa, nur ustiga..... Mabodo xato qilib qo'ysa ham uning gunohi barchani qamrab olmaydi, balki o'ziga tegishli bo'ladi, xalos. Mana shu ikkala holatda ham ya'ni, to'g'ri topishi yoki xato qilib qo'yishi mumkin bo'lgan holatda ham barcha insonlar o'zlarining peshvosiga ergashishlari, ular yo'llagan yo'ldan yurishlari lozim bo'ladi.

Bu esa Alloh taoloning buyrug'iga itoat etish demakdir.
"Ey iymon keltirganlar! Allohga itoat qiling, Payg'ambarga va o'zingizdan bo'lgan ishboshilarga itoat qiling”. (Niso: 59)

Demak, bir yurtning diniy rahbari "Bu kecha ramozonning so'ngi kuni, ertaga hayit” deb e'lon qilar ekan barchamizga ushbu buyruqqa amal qilishimiz lozim bo'ladi. Aksincha, bu fatvoning ziddiga amal qilib bu mavzuni kimlargadir "tasalli” qilib olmog'imiz yoxud har qanday yig'ilish, o'tirish qilib o'zaro fitna o'chog'ini yoqib falon-falon mamlakatlarni bir-biriga qiyoslashimiz, shuningdek yuqorida ta'kidlaganimizdek: "Falon mamlakatda bugun hayit ekan, biz esa ro'zamiz yoki bugun bizda hayit bo'lsa, falon davlat ro'zalarini ochmabdilar” shu kabi musulmonlarning qalblarida o'zlarining diniy rahbarlariga nisbatan yomon ko'rish, nafratlanish his-tuyg'usini uyg'otadigan turli xil fitna gaplarni tarqatishimiz joiz emasdir. Chunki, bu narsalar faqat va faqat musulmonlar orasida parokandalikni olib keladi. Bu narsa shayton ochgan eshik hisoblanadi. Bu eshikning ortida faqat tarqoqlik, o'zaro ixtilofliklar yotibdi. Alloh taolo ushbu eshikning ortidan kirishga biz musulmonlarga buyurmagan, qolaversa, bu ish borasida boshni qotirishimizga mas'uliyatni yuklamagan. Bu ish insonning vaqtini, umrini behudaga suvoradigan, Alloh taolo unga kirishishimizdan qaytargan ishlardandir. Alloh taolo necha yillardan buyon davom etib kelayotgan, ba'zi insonlar nazdida odat tusiga kirgan bu ishlarga barham bersin!

Xulosa o'rnida aytish lozimki, ijtimoiy ishlarni Alloh taolo yolg'iz shaxslar, fuqorolarga bog'lab qo'ymagan. Balki, bunday ishlarni musulmonlar rahbarlariga topshirgan. To'g'ri, gohida ishboshi ham xato qilishi mumkin. Lekin ularning yo'l qo'ygan xatolari haqida qiyomatda bizlar so'ralmaymiz. Balki bizlar Qur'oni karimdagi oyati karimalar hamda hadisi shariflarda kelgan buyrug'-u o'gitlarga amal tariqasida rahbarlarimiz fatvolariga ergashmog'imiz lozimdir.

Azizlar! Mabodo ertangi kunda yuqorida aytganimizdek, biror kishilarni o'zaro yig'ilishib olib, shu kabi fitnalarni tarqatayotganini ko'rib qolsak, yoki eshitib qolsak, bu ochilgan eshikni yopib qo'ymog'imiz, aytayotgan so'zlari-yu, qilayotgan ishlari bekordan-bekorga vaqtlarini zoye' qilish, behudaga o'zlarini mashaqqatga solish ekanini uqtirishimiz, bu ishning lag'v ekanini aytib, musulmonlarning yakdilligi, birligini saqlab qolishimiz lozim bo'ladi. Uning o'rniga atrofimizda ertangi kun - qiyomat kuni savolga tortilishimiz mumkin bo'lgan, o'zimizga ta'alluqli qancha-qancha qilishimiz lozim narsalar bor, yaxshisi mana shu narsalar bilan mashg'ul bo'lib, kamchiliklarimizni o'nglashimiz zarurdir.

Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakatuhu!
G'iyosiddin Habibulloh
Manba: www.islom.uz