Internetgacha hayot qanday edi?
Internetning kashf etilishi qariyb butun dunyoning tubdan o‘zgarishiga olib keldi. Internet hayotimizga kirib kelgunigacha, biz qanday yashagan edik? Keling, global tarmoqning yuzaga kelishigacha hayotimiz qay tarzda bo‘lganligini ko‘rib chiqamiz.

Qachonlardir internet mavjud emas edi. U paytda yangiliklarni teleko‘rsatuv, gazeta va radio orqali bilishimizga, maqola yozishimiz uchun esa kutubxonaga borishimizga to‘g‘ri kelar edi. Har bir o‘qimishli odamning uyida shaxsiy kutubxonasi bo‘lib, unda yuzlab, hatto, minglab nusxadagi kitoblari bo‘lardi.

Internetgacha bo‘lgan va internet davridagi odamlarning asosiy farqi shundaki, zamonaviy odamlar go‘yoki, hayotdan zavqlanishdan mahrum bo‘lgandek tuyuladi. Avvallari qarindoshlar va do‘stlar bilan diydor ko‘rishishar edi, hozir esa “meyl”da yozishib, “odnoklassniki”da fotosuratini ko‘radigan bo‘ldi. Shuningdek, internet kirib kelgunicha odamlar savodliroq yozishardi. Savodsizlarcha yozish, hatto, uch bahoga o‘qiganlar uchun ham uyatli sanalar edi. Hozir esa internet imloviy xatolarga boy jumlalar bilan to‘la.

Internetning tug‘ilishi tarixi 1969-yildan boshlanadi. Dastlab uni harbiy infratarkibning qismi sifatida o‘ylab topishgan edi. E’tiboringiz uchun, 4-aprel – Butunjahon internet kuni, 27-yanvar esa – Butunjahon internetsiz kun ekanligini ma’lum qilamiz.

Biroq, hali 1980—90-yillarda ham internetga ruxsat bo‘lmagan. Shunday qilib, biz, aynan o‘sha paytlar yashagan, hozirda 30 yoshdan oshgan odamlar bilan suhbat qurdik. Tadqiqot davomida biz turli kasbdagi kishilarga internetgacha va u paydo bo‘lgandan keyin ularning kasbida qanday o‘zgarishlar bo‘lganini bilishga urindik.

Bu borada aloqa xizmati xodimi Farrux shunday deydi:
Internet sababli ishimiz kamayib ketdi. Endilikda barcha internet orqali maktub yozishadi. Men esa, faqatgina qog‘oz sening haqiqiy tuyg‘ularingni izhor qilishi mumkin deb o‘ylayman. Sen o‘z qo‘llaring bilan yozasan, uning haroratini qog‘ozga berasan. Dastxat faqat senga tegishli, uni boshqa hech kim senikiga o‘xshatolmaydi. Internetda-chi? Sovuq tugmachalar orqali hech bir insoniylik tuyg‘usini bildirib bo‘lmaydi. Faqatgina kompyuterda ishlashni bilmaydigan qariyalar evazigagina, biz, aloqa xodimlari ishlab turibmiz. Hech bo‘lmasa o‘shalar biroz yozishadi. Endilikda biz faqat gazeta va jurnallarni sumkamizda ko‘tarib yuramiz. Hatto, ularni ham tez-tez chop etishmaydi, axir internetda nima qidirsangiz shuni topsa bo‘ladi-ku. 10 yildan keyin qog‘ozdan umuman foydalanishmaydi, deyishadi.

Videoprokatlar saloni sotuvchisi Nodir bu haqda fikrini quyidagicha bildiradi:
Bir-ikki yil avval ham filmlar videoprokatlarida yoppasiga xarid bo‘lardi, ayniqsa, yangi chiqqan filmlarga, hatto, navbatga ham yozilishar edi. Hozirgi kunda esa barcha kino durdonalarini internetdan bepul topish mumkin. Hatto, yangi chiqqan filmlarni ham iste’molchilar, ayanchli sifatda bo‘lsa-da, internet orqali ko‘chirishni afzal ko‘rishadi. Hozirda, asosan, keksa avlod vakillari videotasvirli disklarni xarid qilishmoqda. Ularga internet tarmoqlaridan izlashdan ko‘ra, tayyor diskni sotib olishlari qulay, albatta. Tez orada videoprokatlar saloni butunlay yo‘q bo‘lishi mumkin.

Kutubxonachi Xolida opa internet haqidagi mulohazalarini izhor qilar ekan, jumladan shunday dedi:
Men kutubxona mudiri lavozimida 10 yildan ortiq vaqt mobaynida ishlamoqdaman. Oxirgi 3 yilda kitobxonlar oqimi keskin kamaydi. Internet ommalashib borishi bilan kitob o‘qishni unutib qo‘yishmoqda. Biroq, har bir nashrni ham tarmoq orqali topib bo‘lmaydi. Uning ustiga, domlalar o‘quvchilar ishlarini endilikda diqqat bilan o‘qimoqda. Maktab o‘quvchilari “Mustaqil ish”larini internetdan ko‘chirib bo‘lmasligi “qog‘ozli” manbalar lozimligini aytib norozilik bildirishmoqda. Men kutubxona doimo faoliyatda bo‘lishiga ishonaman! Hech bir narsa bilan almashtirib bo‘lmaydigan bosma kitoblarsiz qanday yashash mumkin?

Biz bugungi kunda bir necha daqiqalarda zaruriy ma’lumotlarga ega bo‘lishimiz mumkin.

Masalan, yangi sovitgich sotib olmoqchimisiz? Balki bir necha yildan buyon ko‘rmagan tanishingiz bilan suhbatlashishni xohlarsiz? Bularning barchasini endilikda bir necha daqiqa, balki soniyalarda yechish mumkin. Shiddatli rivojlanish bir joyda turmaydi. Ikki yuz yillar avval insoniyat bugungi kunda odatiy bo‘lib qolgan texnologiyaning bir bo‘lagiga ham ega emasdi. Lekin qandaydir qilib buning uddasidan chiqishgan: muloqotda bo‘lishgan, o‘qishgan, ishlashgan...

Bugungi kunda biz uchun internetsiz kun — kun emas. Oxirgi xabarlarni qayerdan bilamiz? Hamkasbimizdan kelgan maktubni-chi? Butun dunyo tarmog‘i atigi o‘n yil mobaynida hayotimizni tanib bo‘lmas darajada o‘zgartirdi: bir tomondan, uni qiziqarli va oson qildi, ikkinchi tomondan, afsuski, borliqning ko‘pgina ajoyibotlaridan mahrum qildi.

Maqola daryo.uz saytidan olingan.