HD, Full HD, Quad HD, Ultra HD – bu terminlar nimani anglatadi?
Bugungi kunda kompyuter va smartfonlar, shu bilan birga televizorlarning takomillashuvi natijasida turli texnik terminlar paydo bo'lmoqda. Ayniqsa, ekranning namoyish aniqligini ifodalaydigan HD, Full HD va Ultra HD kabi atamalar tez-tez quloqqa chalinadi. Biroq ushbu terminlar aslida aynan nimani anglatishini hammamiz ham yaxshi bilmaymiz. Bunday ma'lumotlarni to'g'ri anglash, kelgusida sifatli displeyga ega bo'lgan qurilmani tanlashda sizga asqotadi. Demak, barchasi to'g'risida bir boshdan.

HD
Ushbu termin yuqori aniqlikdagi televizorlarda birinchi bo'lib qo'llangan bo'lsa kerak. Har holda ushbu terminni ko'pchilik eshitgan, ko'pchilik biladi. HD ingliz tilidagi High Definition (yuqori aniqlik) so'zining qisqartmasidir. Bunday formatdagi displeyda 1 280x 720 nisbatidagi piksellar mavjud bo'ladi. Bunda displeyning kattaligi ahamiyatga ega emas. Biroq displey qanchalik kichik bo'lsa dyuymdagi piksellar soni ham ortib boraveradi. Misol uchun 4,3 dyuymli ekranda piksellar sig'imi 342 tani tashkil qiladi, 4,7 dyuymda esa ushbu ko'rsatkichning miqdori – 312 ta. Hozirda aksariyat smartfon ishlab chiqaruvchilar mazkur formatdagi displeyni o'rtacha narx segmentiga mansub qurilmalarga o'rnatishmoqda.

Full HD
Ushbu formatdagi ekranda piksellar nisbati ND formatidan yuqori bo'lib, 1 920 x 1280 pikselni tashkil qiladi. Yana ta'kidlaymiz, bunda piksellarning sig'imi ekranning o'lchamiga chambarchas bog'liq. Besh dyuymli smartfon ekranida bir dyuymdagi piksellar zichligi 440 ta, 5,5 dyuymli smartfonlarda 400 ta piksel atrofida bo'ladi. Masalan, Samsung Galaxy S5 va Huawei P8 flagmanlarining displeyi Full HD formatida ishlangan.

Quad HD, QHD yoki 2K
Hozirgi kunda jahonning eng yetakchi smartfonlari aynan mana shu aniqlikdagi ekranlar bilan ta'minlanmoqda. Misol uchun, Samsung Galaxy S6, S7, LG G4, LG G5 modellari xuddi mana shunday formatdagi ekranga ega. Biroq Apple haligacha o'z smartfonlarida HD formatini saqlab kelmoqda. Amerika kompaniyasining ma'lum qilishicha, bir dyuymda 300 ta pikselning joylashtirilishi insonning ko'rish layoqati uchun etarli. Undan ortiq aniqlikdagi ekranning farqini baribir ko'pchilik farqlay olmaydi. Biroq Xitoy va Janubiy Koreya texnologiya gigantlari “Olma”ning fikriga unchalik ham qo'shilmaydilar va telefonlardagi ekran aniqlik formatini oshirib kelmoqdalar.

Quad HD yoki 2K aniqlik formatida piksellar nisbati 2560 X 1440 tani tashkil etadi. 5,5 dyuymli QHD ekranning bir dyuymiga taxminan 538 ta piksel joylashadi. Ayni kunda Quad HD formatini ba'zilar 2K termini bilan ifodalashmoqda. Biroq bu biroz noto'g'ri, sababi 2K piksellar nisbati 2 mingtadan ko'p aniqlikni bildiradi. Quad HD formatida esa piksellar nisbati aynan — 2560 X 1440.

Ultra HD yoki 4K
Mazkur terminlar ham, ko'pchilik odamlar o'ylaganidek, bir xil ma'noni bildirmaydi. Biroq tushuncha borasida bir-biriga ancha yaqin. 4K formatida piksellar soni 4000 tadan yuqori bo'lishi talab etiladi, Ultra HD aniqligida esa bu ko'rsatkich 3840 tani tashkil etadi. Aniqrog'i Ultra HD formatida (bo'yiga va eniga) 3860 x 2160 ta piksel mavjud. Qaytaramiz, bunda displeyning kattaligi ahamiyat kasb etmaydi.

Bugungi kunda bunday format, asosan, monitor, televizor kabi yirik ekranli qurilmalarga qo'llanmoqda. Bir qarashda smartfon uchun bunday aniqlik darajasidagi displey zarur emasdek, ammo, smartfon ishlab chiqaruvchi yirik kompaniyalar xaridorlar e'tiborini gadjetlarga yanada jalb etish uchun aynan mana shunday formatdagi flagman smartfonlarga tayyorlashni maqsad qilishgan. Darvoqe, Yaponiyaning Sony kompaniyasi 2015 yilning sentyabr oyida Ultra HD formatidagi displey bilan jihozlangan Sony Xperia Z5 Premium smartfonini namoyish qilgan edi. Model diagonali 5,5 dyuym bo'lgan ekranga ega, dyuymdagi piksel zichligi – 806 ta!!!

Xulosa
Smartfon tanlayotganda, albatta, uning ekrani qayday aniqlik darajasida ekani bilan qiziqing. Bu orqali siz sifatli displeyga ega bo'lgan qurilmani xarid qilishingiz mumkin. Axir, displey smartfondagi eng asosiy komponent hisoblanadi. Odatda, gadjetni sotib olishdan avval u haqdagi texnik parametrlarni o'rganish yaxshi natija beradi.

Tez orada displey matrisalari to'g'risida ham ma'lumot beramiz. Bizni kuzatib boring.

Manba: www.terabayt.uz