Farzandingizga aytilmaydigan gaplar
Har bir ota-ona farzandi sog'lom va baxtli bo'lib katta bo'lishini istaydi. Shunga qaramay, biz kattalar o'zimiz bilmagan holda bunga to'sqinlik qilamiz. Mazkur maqolada farzand hayotiga zarar keltirishi mumkin bo'lgan, ota-onalar tomonidan aytiladigan fikrlar taqdim etiladi.

Farzandlarga vaziyat taqozo qilganida aytish kerak bo'lgan gaplar mavjud. Misol uchun, maqtash, achinish, qo'llab-quvvatlashga oid bo'lgan iboralar. Aksincha foydalanganda ehtiyotkorlikni talab etadigan so'z birikmalari bor. Yana bir turdagi iboralar bor-ki, ularni farzandlar oldida umuman aytmaslik maqsadga muvofiq bo'ladi.

Ahmoqona gaplarni gapirma!
Sinonimi: “Bekorchi gaplarni gapirma”.

Nima uchun mumkin emas? Bolalar kattalardan farqli ravishda “bekorchi” gaplarni hech qachon gapirishmaydi. Kichkina odam bizga ma'lum qilishga qaror qilgan har bir ma'lumot u qanchalik kulgili va aqlga sig'mas ko'rinishiga qaramay, bolakay uchun muhim sanaladi. Bu ibora bilan siz farzandingizga uning so'zlari u qadar muhim emasligini namoyish etasiz. Keyinchalik, uning sizdan yashiradigan sirlari erta paydo bo'lganiga ajablanmang.

Buning o'rniga nima deyishimiz mumkin? Bolaning so'zini bo'lishdan avval, uni diqqat bilan tinglsh kera. Agar bolakay sizga o'zining yangi kashfiyoti haqida gapirib bersa, u bilan birga quvoning, muammosidan so'z ochsa, birgalikda echim topishga harakat qiling.

Mana ol, lekin ket.
Sinonimlari: “Mana ushla va meni tinch qo'y ”, “Ol va meni boshqa bezovta qilma”.

Nima uchun mumkin emas? Bu bolaning talablariga rozi bo'lishning eng yomon usuli. Sizni tinch qo'yishi uchun biror narsa berishingizdan tashqari, u evaziga hayotingizdan ketishi kerak. Bolalar mana shu yo'l bilan o'zi istagan narsasiga erishishni o'rganib oladi. Ota-onalar esa keyin hayron bo'ladilar: begonalik hissi bolada qaerdan paydo bo'ldi?

Buning o'rniga nima deyishimiz mumkin? Hech kim farzandiga doimiy ravishda yo'q deya olmaydi, bu talab ham etilmaydi. “Meni tinch qo'y” so'zidan voz kechsangiz ham bu ancha yaxshi bo'ladi.

Sening qo'lingdan kelmaydi, kel buni yaxshisi men bajaraman
Sinonimlari: “Sening qo'lingdan kelmaydi”, “Tinch qo'y, bari bir bajara olmaysan”.

Nima uchun mumkin emas? Sinab ko'rish imkoniyati huquqidan mahrum etib, siz bolaga qo'lidan kelmaslik hissini singdirasiz va uni muvaffaqiyatsizlik sari etaklaysiz. Psixologiyada mazkur holatning natijasi “o'rganib qolingan yordamga muhtojlik” deb ataladi – inson mazkur holatda oldindan, hali hech nimaga qo'l urmay turib, hech nimani o'zgartira olmasligini biladi.

Buning o'rniga nima qilish mumkin? Agar farzandingiz qo'lidan kelmaydigan ishni amalga oshirmoqchi ekanligini ko'rsangiz, yaxshi unga “Kel senga yordam beray” deganingiz maqul. Yoki unga sizga yordam berishiga ruxsat bering. Agar bu imkonsiz bo'lsa, misol uchun farzandingiz elektr simini tuzatmoqchi bo'lsa, bu u uchun xavfli ekanini tushuntiring.

Boshqa bolalar bajara oladi, sen esa eplay olmaysan.
Sinonimlari: “bajara oladi” so'zining o'rnida ko'plab variantlar bo'lishi mumkin (quloq solishadi, yaxshi o'qiydilar, bilishadi, nimagadir erishishgan).

Nima uchun mumkin emas? Bolani o'zgalarga qaraganda yomon deya his etishga majbur etib, unda to'la qimmatga ega emaslik hissini shakllantirasiz. Ba'zilar aynan shu yo'l bilan bolada yaxshiroq bo'lishga sabab paydo bo'ladi, deya fikrlashadi. Biroq kattalar bilan ham mazkur usul har doim ham natija beravermaydi. Bolaga kelsak – bu juda yomon holatlarga olib kelishi mumkin.

Buning o'rniga nima deyish mumkin? Zigmund Freydga tegishli deya aytiladigan bir fikr mavjud: “O'zingizni taqqoslashingiz mumkin bo'lgan yagona odam bu - o'tmishdagi o'zingizdir”. Mazkur fikr muallifi Freyd ekanligi noma'lum, biroq mazkur prinsipga ko'ra ish ko'rish oqilona bo'ladi.

Seni ko'rmasam edi.
Sinonimlari: “Ko'zimdan yo'qol”, “Seni ko'rgim kelmayapti”.

Nima uchun mumkin emas? Mazkur so'zlar bolaga uning o'zi ham, uning muammolari ham ota-onasiga kerak emasligi haqida xabar beradi. Ba'zida ota-onalar shu yo'l bilan sodir bo'lishi mumkin bo'lgan mojaroning oldini olmoqchi bo'ladilar, biroq muammodan qochish uni hal etishni anglatmaydi, aksincha u yanada chuqurlashadi.

Buning o'rniga nima deyish mumkin? Farzandlarni tinglash, ularga yordam berish lozim. Mojaroli vaziyatlar sodir bo'lib turishi tabiiy hol, bunday vaziyatlarda o'zgacha usullarni qo'llash lozim.

Haqoratli so'zlar
Sinonimlari: ularni hamma biladi

Nima uchun mumkin emas? Nutqda haqoratli so'zlarning zarurligi, mumkinligi haqidagi bahsni boshlamaymiz.
Buning o'rniga nima nima deyish mumkin? Mazkur so'zlarni 99 foiz holatda haqoratli bo'lmagan so'zlarga almashtirish yoki umuman nutqdan chiqarib tashlash mumkin.

Agar sen bo'lmaganingda...
Sinonimlari: “Seni nimaga ham dunyoga keltirdim”, “Abort qilganimda yaxshiroq bo'lardi”.

Nima uchun mumkin emas? Bunday iboralar bolada aybdorlik hissini uyg'otadi. U o'zining mavjudligi bilan ota-onasiga og'riq, yomonlik olib kelayotganligi hissini o'zlashtiradi. Bu esa bola psixikasi uchun ongni zararlantiruvchi holatdir.

Buning o'rniga nima deyish mumkin? Bunday o'ylar - o'zingizni anglab olish uchun sabab hisoblanadi. Siz farzandingizni shaxsiy muvaffaqiyatsizlik va omadsizligingizda ayblayapsiz. Bu haqda yaxshilab o'ylab ko'ring.

Sen yomonsan!
Sinonimlari: “Vahshiysan”, “Ahmoqsan”, “Quloqsizsan”.

Nima uchun mumkin emas? Bolalar o'z ota-onalari tomonidan berilgan baholarga juda ishonadilar. Bunday tavsifnomalar berganingizda farzandingiz uni o'zlashtirib, aynan shunday bo'lishga harakat qilishiga tayyor bo'ling. Bu esa kelajakda o'ziga past baho berish va muammolarni anglatadi.

Buning o'rniga nima deyish mumkin? “Sen yomonsan” deyish o'rniga “sen yomon ish qilding”. “Sen ahmoqsan” emas, “bu noto'g'ri qaror”. Bolani emas, uning harakatlarini baholaganingizda uni yaxshiroq bo'lish uchun ruhlantirasiz.

Men seni yaxshi ko'rmayman!
Sinonimlari: “Agar sen u yoki bu narsani qilsang, yoki qilmasang, u holda men seni yaxshi ko'rmayman”.

Nima uchun mumkin emas? Ota-onaning muxabbati hech qanday shartlarsiz bo'lishi lozim. Undan ayrilib qolish tahdidi hayotga bo'lgan tahdid bilan teng. Oxir-oqibat, siz haqiqatan ham farzandingizni yaxshi ko'rmaysizmi? U holda bu darajada qo'rqinchli yolg'onni unga aytishning nima keragi bor?

Buning o'rniga nima deyish mumkin? Keyingi bandga tegishli bo'lgan fikrlarni aytish mumkin.

Men seni tashlab ketaman
Sinonimlari: “Mana shu erda qoldirib ketaman”, “Anavi amakiga berib yuboraman”.

Nima uchun mumkin emas? Ota-ona farzand uchun eng muhim insonlardir. Uning hayoti aynan ularga bog'liq, farzand onasiz mavjud bo'lishni xayoliga ham keltira olmaydi. Shuning uchun, bunday iboralar shu darajada samarali-ki, faqatgina dastlabki vaqtlarda. Be'mani tahdidlarni bola tezlik bilan qabul qilmay qo'yadi. Biroq nevroz shakllanib ulgurishi uchun vaqt bemalol etarli bo'ladi.

Buning o'rniga nima deyish mumkin? Istagan gapingizni aytishingiz mumkin. Jismoniy jazo bilan tahdid qilish odatda bolani tashlab ketish, yaxshi ko'rmay qo'yish bilan qo'rqitishning oldida u qadar qo'rqinchli usul bo'lmay qoladi. Yaxshisi bola bilan qo'rquv va jazoga asoslanmagan munosabatlarni o'rnatish lozim. Bu oson emas, biroq natija bunga arziydi.

Tushunganingizdek, so'zlarning o'zigina emas, ota-onalarning mazkur so'z ortida turuvchi munosabatlari ham muhim sanaladi. Ota-onaning xulq-atvori bundan ham muhimroq. Shuning uchun nafaqat yomon so'zlar, balki yomon odat va ishlardan ham voz kechish lozim.

Manba: www.xabardor.uz