"Facebook" haqidagi 11 fakt
Mark Sukerberg asos solgan kompaniya yaqinda 11 yoshga to'ldi va o'tgan yillar davomida “Facebook” dunyodagi milliardlab insonlar hayotida muhim o'rin egalladi. Quyida ushbu kompaniya haqida 11ta fakt bilan tanishasiz.

1. Kompaniyaning yillik daromadi 8 mlrd. dollarga yaqin
“Facebook” daromadining asosiy qismini reklamadan topadi. Bostondagi “Nanigans” reklama kompaniyasi mijozlarining xohishiga ko'ra “Facebook”dagi reklama uchun yiliga 500 mln. dollar sarflaydi.

2. Mobil qurilmalardagi reklama ulushi oshib bormoqda
“Facebook” daromadining deyarli to'rtdan uch qismi mobil reklamaga to'g'ri keladi — o'tgan yilning to'rtinchi choragida bu summa 2,5 mlrd. dollarni tashkil etdi. Foydalanuvchilarning deyarli 38 foizi ushbu ijtimoiy tarmoqqa mobil qurilmalar orqali kirishadi.

3. Dunyoni o'zgartirish biznes-rejaning bir qismiga kiradi
Sukerberg e'lon qilgan “Facebook”ning biznes-rejasi g'aroyib. U “Internet.org” loyihasi orqali barcha insonlarning internetga ulanishiga yordam bermoqchi.

4. “Facebook” virtual voqelik sari qadam tashladi
Virtual voqelik qurilmalarini ishlab chiqaruvchi “Oculus VR” kompaniyasini 2 mlrd. dollarga sotib olganidan bir yil o'tgach, “Facebook” virtual voqelikdan foydalanish imkonini beruvchi studiyani tashkil etishini e'lon qildi.

5. Kompaniya o'ylab chiqarilgan “yangiliklar”ga qarshi kurashmoqchi
“Facebook” foydalanuvchilari boshqalar bilan baham ko'radiga ayrim yangiliklar juda yuqori sifatli va aniq dalillar asosida bo'lsa, ayrimlari shunchaki to'qimadan iborat bo'ladi. O'tgan oyda “Facebook” rahbariyati soxta xabarlarni aniqlovchi filtrasiya usuli ustida yanada qattiqroq ishlashini e'lon qildi.

6. “Facebook” yo'qolgan bolalarni izlashga yordam bermoqchi
Kompaniyaning yanvar oyidagi xabarida aytilishicha, tarmoq yo'qolib qolgan bolalar haqidagi xabarlarni e'lon qilish bilan ham shug'ullanadi. Bu loyihani amalga oshirish uchun “Facebook” yo'qolib qolgan va ekspluatasiya qilinayotgan bolalar ishlari bo'yicha milliy markaz bilan hamkorlik kelishuvini tuzdi.

7. “Facebook” “Google” bilan raqobatga kirishmoqchi
Dekabrda ijtimoiy tarmoq rahbariyati foydalanuvchilar uchun qulaylik yaratish maqsadida o'z ichki qidiruv funksiyasini ishlab chiqmoqchi ekanligini e'lon qildi. Bu esa qidiruv tizimi sohasida etakchi bo'lgan “Google” bilan kurash boshlanayotganligini bildiradi.

8. Tarmoq “Google”ga tegishli “YouTube”ga ham raqobatchi bo'lmoqda
“Facebook” ertami-kechmi eng ommabop video almashish maydoniga ham aylanishi mumkin. “Socialbakers” agentligi aynan mana shunday fikrda. O'tgan yilning noyabrida “Facebook”ga joylashtirilgan videolavhalar soni “YouTube” joylashtirilgan videolar sonidan oshib ketdi.

9. “Facebook” ish vaqtida ham odamlarga yordam bermoqchi
Yanvar oyida kompaniya ish vaqtida foydalanish uchun mo'ljallangan “Facebook at Work” loyihasini ishga tushirdi. U elektron pochta o'rnini bosishi va ish jarayonini yaxshilashi taxmin qilinmoqda.

10. “WhatsApp”ning sotib olinishi zarar keltirdi
“Facebook” 21,8 mlrd. dollarga “WhatsApp” servisini sotib oldi, lekin o'shandan buyon u kompaniyaga faqat zarar keltirdi. 2014 yilning birinchi yarmida “WhatsApp”ning daromadi 16 mln. dollarni tashkil etgan bo'lsa-da, u aksiyalarning bozordagi holati bilan bog'liq ravishda 232 mln. dollar xarajat qilinishiga sabab bo'ldi. Ayni paytda ushbu servis xizmatidan foydalanuvchilar soni 700 mln. kishiga etgan.

11. “Facebook”ning shubhali tadqiqoti shov-shuvga sabab bo'ldi
O'tgan yili “Facebook” bundan ikki yil ilgari foydalanuvchilar ustidan o'tkazgan tadqiqoti uchun uzr so'radi. O'shanda kompaniya tarmoq foydalanuvchilarining xabarlaridan o'z tadqiqoti maqsadlarida foydalangandi. Bu haqda jamoatchilikka ma'lum bo'lgach, katta shov-shuv ko'tarildi. Oxir-oqibat kompaniyaning bosh texnik direktori Mayk Shrepfer jamoatchilikdan uzr so'radi.

Maqola xabardor.uz saytidan olindi.